Bir kuni xalifa Umar yo‘lda borayotib, bir to‘p bolalar o‘ynab turganini ko‘ribdi. Xalifani ko‘rib, bolalar har tomonga qochib ketibdilar. Faqat bir bola qochmay turaveribdi.
– Nimaga sen qochib ketmading? – deb so‘rabdi xalifa undan.
Bolakay javob beribdi:
– Ey, mo‘minlar amiri, nima uchun qochaman? Axir siz zolim emassiz, men o‘g‘ri emasman-ku. Aybi yo‘q odam qochib nima qiladi.
Xalifa Umar bolaning ziyrakligiga qoyil qolibdi va uni o‘z tarbiyatiga olibdi. Bu bola keyinchalik mashhur lashkarboshi bo‘lib yetishgan Abdulloh ibn Zubayr ekan.
Hakim Abdulmajid Majdud binni Odam Sanoiyning
“Hadoyiq ul-haqoyiq” asaridan
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Istanbul shahrining Bashakshehir tumanida hamyurtlarimizning murojaatlarini tinglash va ularning masalalariga amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tashrifdan asosiy maqsad ushbu hududda yashab, faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizga zarur konsullik-huquqiy maslahatlar berish va ularni qiziqtirgan savollar yuzasidan amaliy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.
Safar davomida diplomatlarga O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakillari ham hamrohlik qildi. Ular yurtdoshlarimizning islom diniga oid savollariga javob berdi va turli taqiqlangan hamda aqidaviy jihatdan noto‘g‘ri yo‘nalishdagi tashkilotlarga aldanib qolmaslik uchun zarur maslahatlar berdi.
Hamyurtlarimizning Turkiya hududida qonuniy yashashiga oid masalalar, ularning huquqiy holati, hujjatlari hamda konsullik yordami ko‘rsatish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Bosh konsulxona vakillari zarur hollarda O‘zbekiston fuqarolariga hujjatlarni rasmiylashtirish hamda vatanga qaytish bilan bog‘liq masalalarda amaliy ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati