Bir kuni xalifa Umar yo‘lda borayotib, bir to‘p bolalar o‘ynab turganini ko‘ribdi. Xalifani ko‘rib, bolalar har tomonga qochib ketibdilar. Faqat bir bola qochmay turaveribdi.
– Nimaga sen qochib ketmading? – deb so‘rabdi xalifa undan.
Bolakay javob beribdi:
– Ey, mo‘minlar amiri, nima uchun qochaman? Axir siz zolim emassiz, men o‘g‘ri emasman-ku. Aybi yo‘q odam qochib nima qiladi.
Xalifa Umar bolaning ziyrakligiga qoyil qolibdi va uni o‘z tarbiyatiga olibdi. Bu bola keyinchalik mashhur lashkarboshi bo‘lib yetishgan Abdulloh ibn Zubayr ekan.
Hakim Abdulmajid Majdud binni Odam Sanoiyning
“Hadoyiq ul-haqoyiq” asaridan
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati