Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Aprel, 2026   |   24 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:24
Quyosh
05:47
Peshin
12:29
Asr
17:04
Shom
19:05
Xufton
20:21
Bismillah
13 Aprel, 2026, 24 Shavvol, 1447

Kalomulloh – ilm manbai

16.03.2018   16895   7 min.
Kalomulloh – ilm manbai

Allohning kalomi – Qur’oni karimning nomlaridan biri “Ummul ’ulum”dir (ilmlar onasi). Kalomullohda nafaqat diniy, ayni paytda dunyoviy ilm-fanning sir-asrorlari ham yashiringanki, vaqt va zamonlar o‘tishi bilan tafakkur egalari oyatlarning mazmun-mohiyatini anglab boraveradilar. Natija esa taraqqiyotga, insonning o‘zligini anglashiga, Buyuk Yaratuvchini tanishiga xizmat qiladi.

Qur’oni karim shunday ilohiy kitobki, unda zamonaviy ilm-fanning barcha sohalari mujassam. Har bir oyatni chuqur tadabbur hamda tafakkur bilan o‘qib, uning mazmun-mohiyatini anglashga intilgan kishi bunga qayta va qayta amin bo‘laveradi.

Kalomulloh – ulkan mo‘jiza. Tarix, futurologiya – kelajak haqidagi fan (“U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur” (Nahl surasi, 8-oyat), tibbiyot, biologiya, zoologiya (“Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur” (Nahl surasi, 69- va boshqa oyatlar), arifmetika, matematika (“kalola” oyati) va hokazo.

Qur’oni karimni o‘qigan adabiyotshunos voqealar rivoji, oyatlarning tuzilishidan, suralarning qisqa, lo‘nda nomlaridan hayratga tushsa, muarrix payg‘ambarlar tarixi, uzoq o‘tmish, buyuk kelajakni kashf qilgandek quvonadi. Matematik esa suralar va oyatlar soni, joylashuvi, ketma-ketligi, voqealar tadrijiyligidan (Abjad hisobini bilsa) xuddi Abu Rayhon Beruniy bobomiz ummon ortida quruqlik borligini kashf etganidek yangi-yangi ixtirolar qilishiga shubha yo‘q. Geografiya fani bilan shug‘ulanuvchi olim esa Qur’ondagi joy nomlarini o‘qib, Kapitan Kusto kabi imon halovatini tuyadi.

Xullas, Alloh taoloning kalomi azaliy va abadiydir. Unda yashiringan hikmatlar, siru asrorlar to qiyomatgacha bashariyatni hidoyatga, ilmu irfonga, ma’rifatga chorlayveradi. 

Qur’oni karimda joy nomlari 

MAKKA-BAKKA-UMMUL QURO

«U (Alloh) Makkaning ichkarisida (kechgan jangda) ularning (Makka mushriklarining) ustidan sizlarni g‘alaba qildirganidan keyin ularning qo‘llarini sizlardan, sizlarning qo‘llaringizni ulardan to‘sgan (jangni to‘xtatgan) zotdir. Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rib turuvchidir» (Fath surasi, 24-oyat)

«Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi Uy – Bakka (Makka)dagi muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo‘lmish (Ka’ba)dir» (Oli Imron surasi, 96-oyat)

«(Barcha) shaharlar onasi (Makka ahlini) va uning atrofidagi kishilarni ogohlantirishingiz uchun va shubhasi yo‘q «to‘planish kuni» (qiyomat kuni)dan ogohlantirishingiz uchun Biz Sizga mana shunday arab tilidagi Qur’onni vahiy qildik. (U kunda) bir guruh jannatda bo‘lsa, bir guruh do‘zaxdadir» (Sho‘ro surasi, 7-oyat). 

MADINA

«Tevaragingizdagi a’robiylar va Madina aholisi ichida munofiqlar bor. (Ular) nifoqda bardavomdirlar» (Tavba surasi, 101-oyat).

«Madina aholisi va ularning tevaragidagi a’robiylar uchun Allohning Rasulidan qolishlari va undan kechib, o‘zlari bilan mashg‘ul bo‘lishlari joiz emas edi» (Tavba surasi, 120-oyat). 

RUM

« Rum (qo‘shini Fors qo‘shinidan) mag‘lub bo‘ldi » (Rum surasi, 2-oyat)

TUVO VODIYSI

«(Ey Muso!) Men sening Rabbingdirman. Bas, oyoq kiyimingni yechgin. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidadirsan» (Toho surasi, 12-oyat). 

MADYAN

«Madyan (qabilasi)ga birodarlari Shuaybni (elchi qilib yubordik)» (A’rof surasi, 85-oyat). 

TUR VA SIYNO

«Biz unga Tur (tog‘i)ning o‘ng tomonidan nido qildik va uni munojot qilgan holida (O‘zimizga) yaqin etdik.» (Maryam surasi, 52-oyat).

«Qasamyod etaman Tur (tog‘i) bilan» (Tur surasi, 1-oyat).

«Yana (Biz sizlar uchun) Turi Sayno (tog‘i)dan chiqadigan yog‘ va yeguvchilar uchun nonxurush holda o‘sadigan bir daraxtni (zaytunni yaratdik)» (Mu’minun surasi, 20-oyat). (“Turi Sayno”, “Turi Sino” yoki “Turi Sinin” deb ataladigan tog‘ Misr bilan Ayla shahri o‘rtasidagi muborak tog‘ bo‘lib, u Muso (alayhissalom) Alloh bilan gaplashgan joydir). 

ARAFOT VA MASH’ARUL HAROM (MUZDALIFA)

«(Haj mavsumida tijorat bilan) Rabbingizdan fazl tilashingizda sizlarga (hech qanday) gunoh yo‘qdir. Arafotdan tushganingizda, Mash’ari Haromda (Muzdalifada) Allohni (talbiya, tahlil, takbir, sano bilan) zikr eting! U sizlarni garchi ilgari adashganlardan bo‘lsangiz-da, haq yo‘lga hidoyat qilgani kabi, sizlar ham Uni yod etingiz! So‘ngra odamlar tushgan yerdan (Arafotdan) tushingiz va Allohdan mag‘firat so‘rangiz. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir» (Baqara surasi, 198–199-oyatlar)

SAFO VA MARVA

«Albatta, Safo va Marva (tepaliklari) Allohning shiorlaridandir» (Baqara surasi, 158-oyat)

SABA’

«So‘ngra uzoq (vaqt) qolmay (hudhud kelib) dedi: «Men sen ogoh bo‘lmagan narsalardan ogoh bo‘ldim va senga Saba’ (shahri)dan ishonchli xabar keltirdim» (Naml surasi, 22-oyat).

(Yaman diyoridagi Bilqis malikalik qilgan mamlakatning nomi arab tilida “Saba’”, deyiladi. O‘zbek tilida va adabiyotlarda “Sabo” deb ataladi). 

JUDIY

«(So‘ngra) aytildi: «Ey Yer! Suvingni yutgin! Ey osmon! O‘zingni tutgin (yog‘ishni bas qil!)» Suv quridi, buyruq ado etildi va (kema) Juvdiy (tog‘i) uzra qo‘ndi hamda «Zolimlar qavmiga – halokat!» – deyildi» (Hud surasi, 44-oyat). 

BOBIL

«Sulaymon kofir bo‘lmadi, lekin odamlarga sehr (jodu)ni hamda Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarni o‘rgatadigan shaytonlar kofir bo‘ldilar» (Baqara surasi, 102-oyat)

MISR

«Muso va uning birodariga vahiy orqali: «Qavmingiz uchun Misrda uylar hozirlangiz va uylaringizni qibla (namozgoh) etib, namozni barkamol o‘qingiz va mo‘minlarga esa (g‘alaba haqida) xushxabar bering!» – deb aytdik» (Yunus surasi, 87-oyat)

HUNAYN

«Alloh sizlarni ko‘p joylarda va (xususan) Hunayn kunida g‘olib etdi. O‘shanda (son jihatdan) ko‘pligingiz sizlarni mag‘rurlantirgan edi, ammo (bu) sizlardan biror narsani daf qila olmadi va o‘zining (shuncha) kengligi bilan yer (sizlarga) tanglik qilib qoldi. So‘ngra ortingizga chekindingiz» (Tavba surasi, 25-oyat)

BADR

«Badr (jangi)da (harbiy) kuchingiz oz bo‘lsa-da, Alloh sizlarni g‘olib qildi-ku! Bas, Allohdan qo‘rqib, zora shukr qilsangiz» (Oli Imron surasi, 123-oyat)

 

Tolib NIZOM

O‘MI Matbuot xizmati

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi

13.04.2026   2403   4 min.
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi

2026 yil 13 aprel kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga “Largest museum of Islamic civilisation” — dunyodagi eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi nominatsiyasi bo‘yicha Gennesning Rekordlar kitobi rasmiy rekordi berildi.


Tantanali taqdirlash marosimida Gennesning Rekordlar kitobi tashkilotining rasmiy vakili — sudya Sheyda Subasi ishtirok etib, Markaz barcha belgilangan xalqaro mezon va standartlarga to‘liq javob berishini tasdiqladi.


O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — bu keng qamrovli ilmiy-ma’rifiy va muzey majmuasi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan amalga oshirilgan yirik strategik megaloyiha hisoblanadi. Mazkur Markaz “Yangi O‘zbekiston”ning o‘ziga xos platformasi sifatida ilm-fan salohiyati, boy madaniy meros va zamonaviy texnologiyalarni yagona makonda uyg‘unlashtirishga qaratilgan.


Loyiha davlat rahbarining mamlakatning yangi gumanitar qiyofasini shakllantirish, milliy o‘zlikni mustahkamlash va O‘zbekistonni jahon miqyosida islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida ilgari surishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasini aks ettiradi.


Bugungi kunda Markaz mintaqaning eng ko‘p tashrif buyuriladigan ilmiy-madaniy maskanlaridan biriga aylangan bo‘lib, har kuni o‘rtacha 5 000 nafarga yaqin tashrifchi qabul qilmoqda. Bu esa uning aholi va xorijiy mehmonlar orasida katta qiziqish uyg‘otayotganini ko‘rsatadi.


Markaz ilk kunlardanoq yangi turdagi ilmiy-madaniy va ma’rifiy majmua sifatida konsepsiya qilingan. Unda tarixiy meros va zamonaviy multimedia texnologiyalari uyg‘unlashgan holda taqdim etilgan. Ekspozitsiya “Sivilizatsiyalar, Shaxslar, Kashfiyotlar” tamoyili asosida tuzilgan bo‘lib, mintaqaning eng qadimgi davrlaridan tortib, ilm-fan yuksalishi va zamonaviy bosqichigacha bo‘lgan taraqqiyot izchil yoritib beriladi.


Markaz tuzilmasida Qur’oni karim zali alohida o‘rin tutadi. Unda Usmon Mus'hafi deb nomlanuvchi eng qadimiy qo‘lyozmalardan biri namoyish etilgan bo‘lib, u YUNЕSKOning “Jahon xotirasi” reyestriga kiritilgan. Bu noyob asar nafaqat islom sivilizatsiyasining beqiyos yodgorligi, balki ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy faoliyatni birlashtiruvchi muhim ma’naviy markaz sifatida ham katta ahamiyatga ega.


Markaz konsepsiyasining o‘ziga xosligi uni muzey, ilmiy tadqiqot infratuzilmasi va ta’lim muhitini birlashtirgan ilk namunaga aylantirib, jahon muzeychilik amaliyotida yangi bosqichni belgilamoqda.


Ushbu rekordga erishish ko‘p oylik tizimli ish natijasi bo‘lib, muzey parametrlarini tasdiqlash, to‘liq hujjatlar tayyorlash va mustaqil xalqaro ekspertlar ishtirokida ko‘p bosqichli verifikatsiya jarayonlarini o‘z ichiga oldi.


Muzey kolleksiyasini shakllantirishda arxeologiya, numizmatika, to‘qimachilik va qo‘lyozmalar sohasidagi yetakchi xalqaro mutaxassislar ishtirok etdi. Bu esa ekspozitsiyaning yuqori ilmiy va muzey darajasini ta’minladi.


Gennesning Rekordlar kitobi unvonining berilishi nafaqat Markaz ko‘lamining e’tirofi, balki ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan yuzlab olimlar, mutaxassislar va ekspertlar mehnatiga berilgan yuksak bahodir.


Sudya Sheyda Subasi Markaz faoliyatini yuqori baholab, quyidagilarni ta’kidladi:

-O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirishning noyob namunasidir. Loyihaning ko‘lami, konseptual yaxlitligi va amalga oshirish darajasi Gennesning Rekordlar kitobi mezonlariga to‘liq javob beradi. Bu shunchaki eng yirik muzey emas — balki madaniyatlar muloqoti va bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish uchun zamonaviy platforma hisoblanadi.


Ushbu rekord O‘zbekistonning islom ilmi, madaniyati va ma’rifatining muhim tarixiy markazlaridan biri ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bilan birga, mamlakatning sivilizatsiyalar muloqoti, bag‘rikenglik va madaniy xilma-xillik tamoyillariga asoslangan zamonaviy xalqaro maydon sifatidagi nufuzini mustahkamlaydi.


Gennesning Rekordlar kitobi maqomini qo‘lga kiritish Markazning dunyodagi eng yirik shunday muzey sifatidagi o‘rnini mustahkamlab, uni intellektual merosni o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha yetakchi xalqaro platformalardan biriga aylantiradi.


Kelgusida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro ilmiy-madaniy maydon sifatida yanada rivojlanib, dunyoning turli mamlakatlaridan olim va mutaxassislarni birlashtiradi hamda “Yangi O‘zbekiston”ning gumanitar tashabbuslarini global miqyosda ilgari surishda muhim drayver bo‘lib xizmat qiladi.

t.me/islommarkazi

O'zbekiston yangiliklari