Ma'lumki,mo'min-musulmonlar besh mahal farz namozlari bilan birga Sunnat namozlarini ham o'qishadi. Sunnat namozlar muakkada va g'ayri muakkadaga bo'linadi, ya'ni ta'kidlangan va ta'kidlanmagan sunnatlar. Muakkada sunnatlar hukm jihatdan Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bardavom bajarganlari uchun vojibga yaqin maqomda turadi. Ularga beparvolik qilish mumkin emas.
Hanafiy mazhabimiz fiqhiy matnlarida yozilishiga ko'ra, farz namozlari bilan o'qiladigan ta'kidlangan sunnatlar quyidagilardir:
-bomdod farzidan oldin ikki rakat;
-peshinning farzidan oldin oldin to'rt va farzidan keyin ikki rakat;
-shomning farzidan keyingi ikki rakat;
-xuftonning farzidan keyingi ikki rakat;
-juma namozidan avval to'rt va keyin to'rt rakat;
Eng kuchli sunnat namozlaridan biri-bomdodning 2 rakat sunnatdir. ("Fatovoi Olamgiriya"va"At-Tabyin"kitoblari).
Hanafiy mazhabimizga ko'ra, Juma namozidan avval o'qiladigan to'rt rakat Sunnat namozi haqida bir qancha hadisi shariflar mavjud. Jumladan: Ya'ni, Ibn Mas'ud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda u kishi aytadi: "Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam har Juma namozidan avval to'rt rakat va undan keyin to'rt rakat namoz o'qir edilar".(Imom Termiziy rivoyati).
Quyidagi mashhur hadisga Hanafiy mazhab imomlari sharh yozganlarida xulosalariga Juma namozidan avvalgi to'rt rakat sunnati ham qo'shganlar.
Ya'ni, Ummu Habiba roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u aytadi: Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitdim:"Kim bir kecha-kunduzda o'n ikki rakat namoz o'qisa, jannatda Ushbu namozlari uchun bir uy bino qilinadi". Imom Termiziy bu hadisga ziyoda qilib:"Peshindan avval to'rt rakat, undan keyin ikki rakat, shomdan keyin ikki rakat, xuftondan keyin ikki rakat va bomdoddan avvalgi ikki rakat(sunnat)namozlaridir",deb aytganlar. (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilishgan).
Ushbu hadisga suyanib Imom Ibn Nujaym rahimahulloh ham bir kecha kunduzda o'n ikki rakat namoz ta'kidlangan sunnat bor: "Ular bomdodning ikki rakat, peshindan oldingi to'rt rakat va peshindan keyingi ikki rakat, shomdan keyingi ikki rakat hamda xuftondan keyingi ikki rakat. Shuningdek, Jumadan oldin to'rt va keyin to'rt rakat, Ramazonda xuftondan keyin o'n salom bilan o'qiladigan yigirma rakatli taroveh namozlari", deb sanab o'tganlar ("Al-ashbah van-nazoir" kitobi).
Demak, yuqorida keltirilgan Hanafiy mazhabimizning mashhur fiqhiy kitoblari va keltirilgan ba'zi sahih hadislardan xulosa qilib, mazhab olimlarimiz nazdida Juma namozidan avvalgi to'rt rakatli Sunnat muakkada Sunnat namozlar qatoriga kiradi. Gohida masjidlarimizda mana shu sunnatni qasddan tark qilayotgan kishilarni ko'ramiz.
Vaholanki, ular noto'g'ri tushuncha sababli sunnati muakkadani tark qilmoqdalar. Bu darajadagi sunnatlarni uzrsiz tark qilinmaydi. Aks holda, dunyo va oxiratda malomatga qolinadi.
Jahongirxon Abrorov manbalar asosida
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati