Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447

Mehnat migrantlarining mushkuli oson bo‘ladi

12.03.2018   4695   6 min.
Mehnat migrantlarining mushkuli oson bo‘ladi

BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, dunyo aholisi yiliga 83 million kishiga ko‘paymoqda.

Ana shu o‘sish sur’atlari natijasida sayyoramiz nufusi 2050 yilga borib, hozirgi 7,6 milliarddan 9,8 milliard nafarga yetishi mumkin.  O‘zbekistonda ham tug‘ilish ko‘rsatkichlari kam emas. Davlat statistika qo‘mitasi axborotida keltirilishicha, ayni kunda yurtimiz aholisi soni 32,6 million nafardan ziyod. Birgina o‘tgan yilning o‘zida o‘sish ko‘rsatkichlari 1,7 foizni tashkil etgan.

Albatta, mazkur omillar odamlarning yangi-yangi ish o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyojini kuchaytirishi tabiiy. Qolaversa, qonuniy mehnat migratsiyasi dunyo iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismiga aylanib borayapti. Shundan kelib chiqib, keyingi yillarda davlatimiz mazkur yo‘nalishda bir qator xorijiy mamlakatlar bilan kelishuvlarga erishmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi sa’y-harakati bilan yurtdoshlarimizni chet elda uyushgan holda ishga joylashtirish, huquqiy himoyasini ta’minlash choralari ko‘rilayotgani, albatta, tahsinga loyiq. 

Biroq...

Muammoning ildizi qayerda?

Joriy yilning 18 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasi hududida 57 nafar yo‘lovchi bilan harakatlanayotgan avtobus yonishi oqibatida hamyurtlarimizning halok bo‘lgani haqidagi xabar barchamizni larzaga soldi. Bir kunning o‘zida 52 ta qabr olov ichida qolgan yigitlar jasadini bag‘riga oldi. Afsuski, bunday fojiali holatlar shu bilan yakun topgani yo‘q. Qo‘shni davlatlar hududidan xorijga yo‘l olgan transport vositalari bilan bog‘liq halokatli hodisalar tez-tez kuzatilmoqda. 

Xo‘sh, buning asosiy sabablari nimada? 

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, uzoq masofaga qatnovchi avtobuslar texnik jihatdan soz, xavfsizlik va qulaylik talablariga javob berishi shart. Biroq so‘nggi vaqtlarda qo‘shni mamlakatlar hududida fuqarolarimizni xorijga tashiyotgan yo‘lovchi avtobuslari ana shu me’yorlarga javob bermaganligi tufayli bir qator noxush holatlar kelib chiqayapti. Respublikamizda esa xalqaro yo‘lovchi tashish reyslarini amalga oshiruvchi avtotransport yo‘lovchi tashuvchilar deyarli mavjud emasligi muammoning ildiz otishiga olib kelgan omillardandir. 

Bu — masalaning bir jihati. Boshqa tomondan, yurtimizda temir yo‘l va aviachiptalar narxi avtomobil transporti xizmatlariga nisbatan birmuncha qimmatligi ham fuqarolarimizning qo‘shni respublikalardagi muqobil transport xizmatlariga murojaat qilishiga sabab bo‘layapti. 

Endi-chi? Bu muammolar qanday hal etiladi?

Chiptalar chegirma bilan sotiladi 

2018 yil 5 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Mazkur hujjat yuqoridagi kabi noxush holatlarning oldini olish, yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

— Hujjatga muvofiq, joriy yilning 1 aprelidan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarga platskart vagonlarga temir yo‘l chiptalari narxlariga 20 foizgacha chegirma taqdim etiladi, — deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Tarif bo‘limi bosh mutaxassisi Shahnoza Aliyeva. —  Qolaversa, shu yili Rossiya va Qozog‘iston hududlari hamda shaharlariga yangi temir yo‘l yo‘nalishlari joriy etish, mehnat migrantlari tomonidan talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda yangi yo‘lovchi poyezdlarini qo‘yish hamda platskart vagonlar sonini ko‘paytirish kabi ustuvor vazifalar belgilangan. Bularning barchasi xorijda vaqtincha ishlash istagidagi fuqarolarimiz uchun katta qulayliklar yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbari R. Ibragimovning ta’kidlashicha, xuddi shunday imtiyozlar “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning iqtisodiy (ekonom) klass aviachiptalarini sotib olishda ham qo‘llaniladi. Shu bilan birga, qarorda temir yo‘l va aviachipta xarid qilish xarajatlarini qisman qoplash uchun bunday yurtdoshlarimizga “Aloqabank” tomonidan bir yilda bir marta 300 ming so‘m miqdorida beg‘araz to‘lov amalga oshirilishi ham qayd etilgan. 

Albatta, qay bir yurtda bo‘lmasin, halol mehnat, peshona teri bilan pul topishning aybi yo‘q. Aksincha, qonuniy migratsiya — dunyo bo‘ylab keng ommalashayotgan jarayon. Ammo xorijiy mamlakatga yetib borishdan tortib, o‘zga yurtdan turarjoy topish, yeyish-ichish va boshqa sarf-xarajatlar uchun ma’lum miqdorda mablag‘ zarur. 

Xo‘sh, bunga qurbi yetmaganlar-chi? 

Pulingiz yo‘qmi? Kredit oling!

— Davlatimiz bu borada ham yurtdoshlarimizga yaqindan ko‘mak berishni o‘z zimmasiga olmoqda, — deydi O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E. Muhitdinov. — Chunonchi, Prezidentimiz qaroriga ko‘ra, “Aloqabank” tomonidan soddalashtirilgan ochish shartlari bilan “VISA-migrant” plastik kartalari joriy etilishi ko‘zda tutilgan. “Ipoteka-bank” esa vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarga 1000 AQSH dollari ekvivalentida kredit ajratadi. Shu bilan birga, “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati Rossiya Federatsiyasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarni kompleks sug‘urta qilish bo‘yicha Rossiyada o‘z vakolatxonalarini ochish, imtiyozli tariflar asosida temir yo‘l va aviachiptalar sotishga ixtisoslashtirilgan kassalarida ushbu xizmat bo‘yicha sug‘urta agentlarini joylashtiradi.

Chindan ham, ishlayman deganga imkoniyat keng. Shu ma’noda, vaqtincha mehnat qilish uchun safarga yo‘l olayotgan yurtdoshlarimizga bu borada qo‘shimcha qulaylik va imtiyozlar yaratilayotgani tahsinga sazovordir. 

Islohotlar samarasini esa vaqt ko‘rsatadi.

Farrux BO‘TAYEV,

«Xalq so‘zi» muxbiri.

Maqolani do‘stlaringiz bilan bo‘lishing!

Manba: http://xs.uz

Boshqa maqolalar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   11148   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi