UMR O‘TMOQDA
Nelargadir intilaman, yetmoq istayman,
Yetay deyman, arg‘umog‘im jadal qistayman.
Yetib zo‘rg‘a qo‘l uzatsam o‘shal yarqiroq,
Sarob chiqar, dilginamni qiynaydi firoq.
Kunlar o‘tar, oylar o‘tar, umr o‘tmoqda,
Bobolarim mangulikka singib ketmoqda.
Qaylargadir yuguraman, tolib qolaman,
Manzilimga yetolmayin, horib qolaman.
Bir lahza tin olib-olmay yana manzilga
Talpinaman, chopqillayman, so‘lish olaman.
Yillar o‘tar, yo‘llar o‘tar, davr o‘tmoqda,
Momolarim mangulikka singib ketmoqda.
Izlanaman, shamoldan tez, suvdan-da tiniq
Mo‘jizaning sir-asrorin bilib olishga.
Urinaman sellarning ham jilovin olib,
El izmiga, yurt koriga jadal burishga.
Yellar o‘tar, sellar o‘tar, zamon o‘tmoqda,
Azizlarim mangulikka singib ketmoqda.
Tizgini yo‘q tuyg‘ularda titrab qolaman,
Yechim topmay goho og‘ir o‘yga tolaman.
Umr yo‘li qayga tutash, so‘yla, zamondosh,
Angladikmi – shu aziz el eng yaqin qo‘ldosh.
Angladikmi – insof-imon eng sodiq yo‘ldosh...
SOG‘INCH
O‘limi oldidan onam so‘zlari:
«Otangning yuziga tik boqma, bolam,
Nega ko‘rinmaydi, kenja nevaram!
Rozi bo‘l! Bu senga oxirgi nolam...»
So‘nggi nafasda ham onam rahmatli,
Otamni esladi, bo‘ldi mukarram.
Nevarasin suyib, taskinlar berib,
Boshida parvona bo‘lardi har dam.
Onajon, o‘lim haq, umr o‘tkinchi,
Yurganman, kulganman bo‘lib hazilkash.
Endi dunyolarga sig‘mas o‘kinchim
Siz uchun qora yer bag‘ri qazilgach.
Onajon, mehringiz hamon izlayman,
Nachora, topolmay tunlar bo‘zlayman.
Qo‘msayman, qaylardan izlay, onajon,
Sog‘inch dengizida o‘rtanadi jon...
Mahmud SHOMIRZAYEV
G‘allaorol
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "O‘zingizni halokatga duchor qilmang".
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir va har qanday xamr haromdir", deganlar.
Bu hadis bilan ham giyohvandlikning har qanday ko‘rinishi harom hisoblanadi.
Shunga ko‘ra mast qiluvchi ichimliklarning hukmi, zararlari, oqibatlari haqidagi barcha oyat va hadislar ham giyohvand moddalarga tegishlidir.
Giyohvandlik oxiri o‘limga olib keladi. Bu narsalarni iste’mol qilish bilan o‘z joniga o‘zi qasd qilgan bo‘ladi. Bu esa gunohi kabiradir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim o‘zini biror narsa bilan o‘ldirsa, qiyomatda o‘sha narsa bilan azoblanadi".