UMR O‘TMOQDA
Nelargadir intilaman, yetmoq istayman,
Yetay deyman, arg‘umog‘im jadal qistayman.
Yetib zo‘rg‘a qo‘l uzatsam o‘shal yarqiroq,
Sarob chiqar, dilginamni qiynaydi firoq.
Kunlar o‘tar, oylar o‘tar, umr o‘tmoqda,
Bobolarim mangulikka singib ketmoqda.
Qaylargadir yuguraman, tolib qolaman,
Manzilimga yetolmayin, horib qolaman.
Bir lahza tin olib-olmay yana manzilga
Talpinaman, chopqillayman, so‘lish olaman.
Yillar o‘tar, yo‘llar o‘tar, davr o‘tmoqda,
Momolarim mangulikka singib ketmoqda.
Izlanaman, shamoldan tez, suvdan-da tiniq
Mo‘jizaning sir-asrorin bilib olishga.
Urinaman sellarning ham jilovin olib,
El izmiga, yurt koriga jadal burishga.
Yellar o‘tar, sellar o‘tar, zamon o‘tmoqda,
Azizlarim mangulikka singib ketmoqda.
Tizgini yo‘q tuyg‘ularda titrab qolaman,
Yechim topmay goho og‘ir o‘yga tolaman.
Umr yo‘li qayga tutash, so‘yla, zamondosh,
Angladikmi – shu aziz el eng yaqin qo‘ldosh.
Angladikmi – insof-imon eng sodiq yo‘ldosh...
SOG‘INCH
O‘limi oldidan onam so‘zlari:
«Otangning yuziga tik boqma, bolam,
Nega ko‘rinmaydi, kenja nevaram!
Rozi bo‘l! Bu senga oxirgi nolam...»
So‘nggi nafasda ham onam rahmatli,
Otamni esladi, bo‘ldi mukarram.
Nevarasin suyib, taskinlar berib,
Boshida parvona bo‘lardi har dam.
Onajon, o‘lim haq, umr o‘tkinchi,
Yurganman, kulganman bo‘lib hazilkash.
Endi dunyolarga sig‘mas o‘kinchim
Siz uchun qora yer bag‘ri qazilgach.
Onajon, mehringiz hamon izlayman,
Nachora, topolmay tunlar bo‘zlayman.
Qo‘msayman, qaylardan izlay, onajon,
Sog‘inch dengizida o‘rtanadi jon...
Mahmud SHOMIRZAYEV
G‘allaorol
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا إسحاق بن إبراهيم نا بشر بن عبيد حدثني عبيد الله بن موسى بن معدان عن منصور بن المعتمر عن أبي وائل عن عبد الله بن مسعود قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: من أصبح حزينا على الدنيا أصبح ساخطا على الله ومن أصبح يشكو مصيبة أصابها به فإنما يشكو الله ومن تواضع لغنى ذهب ثلثا ذنبه ومن قرأ القرآن من هذه الأمة ثم دخل النار كان من الذين اتخذوا آيات الله هزوا“
Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Kim dunyo uchun qayg‘ursa, Allohga nisbatan g‘azab qilibdi. Kim o‘ziga yetgan musibatdan shikoyat qilsa, Allohdan shikoyat qilibdi. Kim boylikni deb tavozelik qilsa, gunohining uchdan ikkisi ketibdi. Kim bu ummatdan Qur’on o‘qib, so‘ng do‘zaxga kirsa, demak u Allohning oyatlarini masxara qilganlardan biri bo‘ladi”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi