1-savol: Qazo namozlarni qaysi payt o‘qigan ma’qul?
Javob: Aslida namozlarni iloji boricha o‘z vaqtida ado etishga g‘ayrat qilish kerak. Insonning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bundan mustasno. Ana shu holatlar sabab namoz qazo bo‘lib qolsa, ularni ado etishga ma’lum bir vaqt ajratilmagan. Ammo kunning uch vaqtida – kun chiqayotgan, quyosh tikkaga kelgan va kun botayotgan vaqtlarda o‘qib bo‘lmaydi (“Bahrur roiq”).
2-savol: Ayol kishi umra qilayotgan vaqtida hayz ko‘rib qolsa, nima qiladi?
Javob: Ayol kishi umra qilayotib hayz ko‘rib qolsa, shu yerda umrasini yakunlaydi va sochini qisqartirib, ehromdan chiqadi. Haramdalik vaqtida hayzi to‘xtasa, umraning qazosini ado qiladi.
3-savol: Boshi bilan imo-ishora qilib ham namoz o‘qiy olmagan kishi sog‘aygach, o‘qimagan namozlarining qazosini o‘taydimi?
Javob: Boshi bilan imo-ishora qilib ham namoz o‘qishga qodir bo‘lmagan kishi ko‘zlari yoki qoshlari bilan imo-ishora qilib namoz o‘qimaydi. Sog‘aygach yoki kasali yengillagach, qaraladi, agar bir kechayu kunduzdan ortiq namoz o‘qiy olmagan bo‘lsa, qazosini o‘qimaydi. Agar undan kam bo‘lsa, qazosini o‘taydi.
4-savol: Ko‘p yillik namozlarim qazosini o‘qishim uchun tartibga rioya qilishim kerakmi?
Javob: Yo‘q. Qazo namozlar bir kunlik, ya’ni besh vaqt namoz bo‘lsa, o‘shanda tartibga rioya qilinadi. Agar, qazo namozlar olti vaqtdan ko‘payib ketsa, tartibga rioya qilinmaydi (“Hidoya”).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) va sahobalar Handaq kuni muhoraba sababli uch vaqt namoz – peshin, asr va shom namozlarini vaqtida ado etisholmaydi. Kechqurun Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Bilol (roziyallohu anhu)ga azon ayttirib, tartib bilan avval peshin, keyin asr va oxirida shom namozlarining qazolarini o‘qishgan va: “Men namoz o‘qiganim kabi namoz o‘qinglar”, deganlar.
Qazo qilingan besh vaqt namozlarning orasida tartib farzdir (Jome’ur Rumuz).
Agar o‘tkazib yuborgan namozlar olti vaqtdan o‘tib ketsa, xohlaganidan boshlab qazosini o‘qisa bo‘laveradi (“Muxtasarul Viqoya”).
5-savol: Vitr namozidan keyin qazo namozlarni o‘qisa bo‘ladimi?
Javob: Ha. Vitr namozini o‘qiganidan so‘ng qazo yoki nafl namozlar o‘qilaveradi.
6-savol: Bomdod namozini uyda o‘qiymanu, lekin ish yuzasidan ba’zan peshin va asr namozlarini o‘qishning imkoni bo‘lmay qoladi. Ishdan qaytib, uyda ularning qazosini o‘qisam, gunohkor bo‘lmaymanmi?
Javob: Har bir balog‘atga yetgan mo‘min aqli joyida bo‘lsa, unga namoz o‘qish farzdir.
Qur’oni karimda: “Ey imon keltirganlar! Na mol-dunyolaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Allohning zikridan (Unga ibodat qilishdan) chalg‘itib qo‘ymasin! Kimki shunday qilsa, bas, ana o‘shalar ziyon ko‘ruvchi kimsalardir” (Munofiqun, 9), deya marhamat qilingan.
Namoz haqida hazrat Umar (roziyallohu anhu) bunday deganlar: “Mening nazdimda sizlarning eng muhim ishlaringiz namozdir...”
Uxlab qolish, vaqt o‘tganini bilmasdan o‘tkazib yuborish uzr hisoblanadi. Unda bilgan zahoti namozning qazosini o‘qib olishi kerak bo‘ladi.
Qatoda (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Uyquda kamchilik, mas’uliyatni sezmaslik yo‘q, kamchilik va mas’uliyatni sezmaslik uyg‘oq paytdadir. Qachon sizlardan biringiz namozni unutsa yoki uxlab qolsa, uni eslagan vaqtida o‘qib olsin. Chunki Alloh taolo: “Namozni meni eslagan vaqtingda qoim qil!” degan” (Imom Muslim rivoyati).
Ammo namozni hech qanday uzrsiz tark qilish, bilaturib o‘qimaslik ulkan gunohdir.
Ayniqsa, hozirgi paytda yurtimizda namoz o‘qish va boshqa ibodatlarni ado etish uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Bizning turli bahona va vajlarimiz o‘rinsiz ekani ayon. Chunki namozlarning vaqti bizlar ulgurishimiz uchun yetarlidir.
Shuning uchun o‘zini anglagan har bir musulmon darhol tavba qilishi, Allohga qaytishi, namoz o‘qishni o‘rganib, qazolarini ham ado etishni boshlashi lozim bo‘ladi.
7-savol: Hurmatli Muftiy hazratlari, savolim shundan iboratki, besh vaqt namoz o‘qib yurgan kishi, ishlari ko‘paysa, namozni qazo qilib o‘qishi mumkinmi?
Javob: Kur’oni karimning Niso surasi 103-oyatida: “Namoz mo‘minlarga vaqti tayin etilgan va (farz etib) belgilangandir”, deyilgan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Amallarning yaxshisi o‘z vaqtida o‘qilgan namozdir” deganlar. Demak, mo‘minlarga namozni vaqtida o‘qish farz qilingan. Uni uzrsiz kechiktirib o‘qish mumkin emas. Uzr esa uxlab qolish yoki unutib qo‘yish bilan bo‘ladi. Imkon bo‘lsa, namozni vaqt kirishi bilan o‘qish afzal, bo‘lmasa belgilangan vaqt o‘tib ketmasidan o‘qib olish lozim.
Faqat haj ibodatini bajarayotganlar Arafotda peshin bilan asrni, Muzdalifada shom bilan xufton namozlarini jamlab o‘qiydilar.
Muhammad (sollallohu alayhi va sallam): “Kim bir namozni uxlab qolib yoki unutib o‘qimagan bo‘lsa, yodiga tushganida o‘qiydi”, deganlar.
O‘MI Matbuot xizmati
Johilga itoat qilma, salomat bo‘lasan, oqilga itoat qil, o‘ljali bo‘lasan.
Izoh. Johil sizni eshitmasdan turib javobga shoshiladi, sizni tushunmasdan oldin bahsga kirishadi, bilmagan narsasi bilan hukm qiladi, foidasiz gapiradi, noloyiq joyga sarflab, sarflash kerak bo‘lgan o‘rinda xasislik qiladi, egasidan boshqaga sirni ochadi, noo‘rin g‘azablanadi, do‘st bilan dushmanni ajratmasdan do‘stini yo‘qotadi, dushmanini ko‘paytiradi, faqat o‘zini mutlaq haq deb biladi, o‘z xatolari uchun o‘zgani malomat qiladi, uzundan-uzoq orzu-havaslar bilan tavba umidida bo‘ladi, amal qilmasdan amalning savobini ko‘zlaydi. Endi ayting, bunday kimsaga itoat qilgan kishi salomat qolishi mumkinmi?!
Oqil kishi tajriba va foydali ilm bilan ziynatlanadi, haqni gapiradi yoki sukut saqlaydi, ahdiga vafo qiladi, amali iymoniga guvoh bo‘ladi, xolislik uning yashash tarzi, riyo uning tabiatiga yot, u aldamaydi ham, aldanmaydi ham, haromdan qochadi, shukr va qanoat uning doimiy hamrohi, qadami mudom rozilikda, muvaffaqiyat bilan muvaffaqiyatsizlik uning uchun barobar, balki hamisha sergak va hushyor! Bunday insonga itoat qilgan kishi adashadimi? Zinhor unday emas! Unda baraka bor, baraka bor joyda esa foyda ko‘pdir.
Aql, adab, fikr, tajriba va nasab egalari bilan hamsuhbat bo‘l. Chunki oqil bilan hamsuhbat bo‘lish – ulug‘lanish, johil bilan kelishuvga borish esa sharmandalikdir.
Izoh. Oqil bilan hamsuhbat bo‘lsang, muhimni nomuhimdan ajratishni o‘rganasan. Adab egasi bilan bo‘lgan suhbating narsalarga munosabatingni o‘zgartiradi. Mutafakkir insonning suhbati seni yuksaklarga chorlaydi. Suhbatdoshing tajribali bo‘lsa, muammolardan chiqish yo‘li osonlashadi. Nasabi ulug‘ kishilar bilan suhbatlashsang, qalbing yorishadi. Oqil inson bilan qancha ko‘p suhbat qursang, shunchalik manfaat topasan. Johilning aytganiga ko‘nsang, xaloyiq oldida uyatga qolasan. Oxiratda Alloh huzurida sharmanda bo‘lasan.
Qancha hazillar bor, so‘ngida jiddiy bo‘lib qaytadi.
Izoh. Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh aytadi: “Allohdan qo‘rqinglar, hazil-huzuldan saqlaninglar! Chunki hazilning tagi zil, undan kek va gina paydo bo‘ladi. Qur’ondan gapiringlar, Qur’on bilan majlislaringizni bezanglar. Agar og‘irlik qilsa, hadis bilan mashg‘ul bo‘linglar”.
Kim zamonga ishonsa, zamon unga xiyonat qiladi. Kim zamondan o‘zini ulug‘ tutsa, zamon uni xor qiladi.
Izoh. Umr – ulug‘ ne’mat. Bu ne’mat tug‘ilganimizdan to vafotimizgacha davom etadi. Zamon ichida yashaymiz, uning havosidan nafas olamiz, rangidan rang olamiz, lekin unga suyanib qolmaymiz.
Mazax qilishni tashlang, chunki u ginayu adovatlarni meros qoldiradi.
Izoh. Umar roziyallohu anhu aytdi:
– “Mazax” so‘zining nima uchun “mazax” deya nomlanishini bilasizmi?
– Yo‘q, – deyishdi hamrohlari.
– Chunki mazax kishini haqdan azah qiladi (ya’ni haqdan chalg‘itadi), – dedi Umar roziyallohu anhu.
Muhammad ibn Omir SHIBRAVIYning “Unvonul bayon” asaridan Rashid ZOHID tarjimasi
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 12-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws