Musulmonlarning orasida hidoyat yo'lidan adashmagan, mo''tadil va bag'rikeng, musaffo e'tiqodli, pokiza diyonatli, Navoiy ta'biri bilan aytganda “dili pok-u, tili pok” yo'nalish sifatida aynan sunniylik e'tirof etilgan. Zero, dil va til birligi sunniylik asosini tashkil etadi.
Musulmon kishi dunyo va oxirat saodatiga erishmog'i uchun aqidada ham, fiqhda ham sunniylikdagi biror-bir mazhabga mansub bo'lmog'i zarurdir. Lekin hamma ham bu haqiqatni birdek tan olmaydi. Tarixda ham, hozirda ham mo'min-musulmonlarni turli adashgan firqalarga chorlash holatlari uchrab turgani, bu holat hatto mazhablarni inkor qilishga olib kelgani ma'lum. Shuning uchun islomning mohiyatini to'g'ri anglagan olimlar, ta'bir joiz bo'lsa, sohaning zabardast mutaxassislari to'rt mazhabdan biriga ergashish lozim ekanini ta'kidlashgan va mazhablarni inkor qiluvchilarga ilmiy asosda raddiyalar berishgan.
Mazhabsizlik – sunniylik mazhablaridan biriga ergashish lozimligini inkor qilish va musulmon kishida mazhabga ergashish majburiyati yo'qligina da'vo qilishdir. Bu arab tilida “lomazhabiya” iborasi orqali ifoda etiladi. Mazhabga ergashishni arab tilida “tamazhub” deyiladi. Mazhabsizlik g'oyasi HVIII asrning oxiri va HIH asrning boshida Misrda boshlangan va keyinchalik musulmon dunyosiga o'z ta'sirini o'tkazgan islohotchilik harakati bilan bog'liqdir.
Ta'kidlash joiz, mazhabsizlik g'oyasi ilk kurtak yozgan paytlardanoq zamon ulamolarining tanqidi va ta'qibiga uchradi. “Ahli sunna val-jamoa”ning taniqli olimlari mazkur salbiy illatga qarshi raddiyalar bitdilar. Ulardan biri Imom Muhammad Zohid Kavsariydir. Hanafiy mazhabi namoyandasi, sunniylik aqidasi himoyachisi bo'lgan alloma Kavsariy 50 dan ortiq asarlar muallifi bo'lib, o'zining kitob, risola va maqolalarida islom ta'limotining asl mohiyatini asoslab berdi va uni bid'at va zalolatdan himoya qilish uchun bor salohiyatini sarfladi. Allomaning 55 maqoladan tashkil topgan va ko'pchilik ulamolar e'tirofiga sazovor bo'lgan “Kavsariy maqolalari” asarining bir maqolasi “Mazhabsizlik dinsizlikka ko'prik” deb nomlanadi. Mazkur maqolada sunniylik mazhablarning har biriga sahoba va tobe'iynlarning chinakam izdoshlari tomonidan asos solingani ilmiy asosda, aniq dalillar vositasida bayon qilinadi. Unda jumladan shunday deyiladi: “Bugungi kunda mazhablarni inkor qiluvchilar Islom avvalidan to hozirgacha yashab o'tgan mazhab asoschilari va mazhabga ergashgan mujtahidlarni xato qilgan deb hisoblab, ularni musulmonlarning bo'linishlar va ixtiloflari sababchilari deb topib, o'zlarini o'tgan mujtahidlarning xatolarini aniqlovchilari va tuzatuvchilari deb bilsalar, bu johillik va g'ofillikning eng yuqori nuqtasidir”.
Bugun ham o'zini islom islohotchilik harakati vakillari deb hisoblaydigan ayrim shaxslar tomonidan mazhabsizlik g'oyasi targ'ib etilmoqda. Ko'zga ko'ringan ulamolar tomonidan mazhabsizlik g'oyasi qattiq tanqid qilinadi. Masalan, suriyalik mashhur olim Shayx Muhammal Sa'iyd Ramazon Butiy (1920-2013), Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (1952-2014), Yusuf Qarzoviy (1926-yilda tug'ilgan) kabilar mazhabsizlik g'oyasiga qarshi asarlar bitganlar. Ramazon Butiyning “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid'atdir” asari Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tomonidan o'zbek tiliga o'girilgan. Shuningdek, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Mazhablar – birlik ramzi” kitobi ham ayni mavzuga doxildir. 2000-yil Rossiya muftiylar Kengashi to'rt fiqhiy mazhabni inkor qilishni radikalizm va ekstremizm belgilaridan ekanini e'tirof etdi.
Sababi, islom dinining mohiyati uning mazhablarida ifodalab berilgan. Mazhabsizlik islomning asl ta'limotidan uzoqlashishdir, binobarin, islomdan uzoqlashishdir. Bir dinning asl ta'limotidan yiroq bo'lish, oqibatda shu dindan judo bo'lishga, ya'ni dinsizlikka olib boruvchi yo'l ekani olimlar tomonidan e'tirof etilgan.
Olimlar va faqihlarning asrlar davomida Qur'on hamda sunnat ma'nolarini ommaga tushuntirib berish yo'lidagi tinimsiz mehnatlari sabab mazhablar, ya'ni islom ta'limotidagi asosiy yo'nalishlar yuzaga keldi. Mazhablar mohiyati va ahamiyatini mantiq hamda tafakkur asosida quyidagicha izohlash mumkin.
Temirdan asbob-uskuna yasashni boshlagan inson zamonlar o'tib bugun undan samolyot yasamoqda va samoda er yuzi bo'ylab sayohat qilmoqda, tezyurar poyezdlarda qisqa muddatda shaharlararo qatnamoqda. Endi bir odam shuncha mutaxassisning mehnatini inkor qilib, men o'z tafakkurim bilan poyezd yoki samolyot yasashni qaytadan kashf etaman va oldingilaridan zo'r qilib, mutlaqo boshqacha shaklda yasayman, ularda ishlatilgan texnologiyalarning birortasini ishlatmayman va o'zim yasagan jihoz bilangina osmonga uchaman yoki uzoqlarga qatnayman desa to'g'ri bo'lmaydi. Mazhablarni inkor qilish ham xuddi shuning o'zi.
Tayyor pishirilgan nonni emay, har bir odam o'zi uchun bug'doy ekib, o'rib, tegirmondan o'tkazib, tandir qurib, xamir qorib, non yasab, pishirib, undan keyingina eyishi mantiqsiz. Har bir inson o'zi mazhab tuzaman deyishini mutaxassislar elektrni qaytadan kashf qilish yoki velosipedni qayta ixtiro qilishga mengzaganlar.
Yuzlab olimlar necha zamonlardan beri mehnat qilib, islom ta'limotini sodda shaklda bayon qilib bergan bir davrda, etarli ilmga ega bo'lmay turib, Qur'on ma'nolari, hadisi shariflar hukmlari, sahoba va tobe'inlar fatvolari kabi g'oyat serqirra va purma'no manbalardan mustaqil fatvo izlash asossizdir. Zero, dunyoning taniqli olimlari sunniylikdagi mazhablarning to'g'ri ekaniga ittifoq qilganlar va ularning bu masalada yakdil fikrda ekani bir yo ikki emas, qariyb o'n uch asrdan beri davom etib kelayotgani ma'lum. Endi, ilmiy asoslangan maktablar – mazhablarni inkor qilib, o'zgacha yo'lni taklif qilayotganlar ustida tafakkur qilinsa, ularda muvayyan g'araz borligi ko'zga tashlanadi.
Saidafzal SAIDJALOLOV,
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islomshunoslik va islom tsivilizatsiyasini o'rganish ICESCO” kafedrasi katta o'qituvchisi
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati