بسم الله الرحمن الرحيم
FIRIBGARLIK – OG‘IR JINOYAT
Muhtaram birodarlar! Keyingi vaqtlarda jamiyatimizda o‘zgalarning molini nohaq yo‘llar bilan o‘zlashtirish, xususan firibgarlik jinoyati tez-tez sodir bo‘lib turmoqda. Ajdodlari dinu diyonat, axloqu odob, or-nomus, halolu poklikka odatlangan o‘zbek xalqining avlodlaridan mazkur jinoyatga qo‘l urayotganlarning uchrashi achinarli holdir. Holbuki, dinimizda birovning molini aldov, firibgarlik, chuv tushirish yo‘li bilan o‘zlashtirishdan qattiq qaytarilgan. Qur’oni karimda bu haqda shunday bayon etilgan:
وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ
(سورة البقرة/188)
ya’ni: “Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish (o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat).
Firibgarlik jinoyati molni botil yo‘l bilan yeyishning bir ko‘rinishi bo‘lib, bunday yo‘l bilan topilgan mol otashi do‘zaxning bir bo‘lagi hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz )s.a.v.( quyidagicha marhamat qiladilar:
عَنْ أُمِّ سَلَمَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا زَوْجِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ سَمِعَ خُصُومَةً بِبَابِ حُجْرَتِهِ فَخَرَجَ إِلَيْهِمْ فَقَالَ:"إِنَّمَا أَنَا بَشَرٌ وَإِنَّهُ يَأْتِيْنِي الخَصْمُ فَلَعَلَّ بَعْضُكُمْ أَنْ يَكُونَ أَبْلَغَ مِنْ بَعْضٍ فَأَحْسِبُ أَنَّهُ صَادِقٌ فَأَقْضِي لَهُ بِذَلِكَ فَمَنْ قَضَيْتُ لَهُ بِحَقِّ مُسْلِمٍ فَإِنَّمَا هِيَ قِطْعَةٌ مِنَ النَّارِ فَلْيَأْخُذْهَا أَوْ لِيَتْرُكْهَا"
(رواه الامام البخاري)
ya’ni: Payg‘ambar (s.a.v.)ning ayollari bo‘lmish Ummu Salama (r.a.) rivoyat qilib aytadilar, Rasululloh s.a.v. hujralarining oldida janjal ovozini eshitib, tashqariga chiqdilar va dedilar: “Men ham bir insonman. Mening huzurimga haq talashib, da’vo bilan kelib turasizlar. Balki biringiz boshqangizdan so‘zga chechanroq bo‘lib chiqarsiz va men uni rost gapiryapti, deb shunga qarab hukm chiqaraman. Lekin bilib qo‘yingki, men kimga biror musulmonning haqqini olib bergan bo‘lsam, o‘sha narsa do‘zaxning bir cho‘g‘idir. Xohlagan uni olsin, xohlamagan olmasin” (Imom Buxoriy rivoyati).
Muhtaram jamoat! Sir emaski, keyingi vaqtlarda ba’zi kishilar odamlardan qarzga yoki sherikchilikka, deb pul olib, oxir-oqibat uni qaytarmay o‘rtada nizo chiqishi, yaqin kishilar bir-biri bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketishi holatlari kuzatilmoqda. Albatta, zarurat uchun qarz olish yoki sherikchilik bilan shug‘ullanish joiz. Biroq, olgan qarzni paysalga solmay qaytarish, sherikchilikda esa xiyonat qilmaslik lozim. Aks holda boshlangan ishlar ortga ketib, kasodga uchrashi tayin. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَنْ أَخَذَ أَمْوَالَ النَّاسِ يُرِيدُ أَدَاءَهَا أَدَّى اللَّهُ عَنْهُ وَمَنْ أَخَذَها يُرِيدُ إِتْلَافَهَا أَتْلَفَهُ اللَّهُ"
(رواه الامام البخاري)
ya’ni: Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar (s.a.v.) dedilar: “Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo‘ladi. Kim odamlarning moliga talofat yetkazish (chuv tushirish) uchun olsa, Alloh taolo uning o‘zigi talofat yetkazadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ayniqsa, savdo-sotiq vaqtida haridorga firib berish, masalan, aybli molni aybini yashirib sotish yoki soxta molni asl mol, deb sotish eng og‘ir gunohdir. Quyidagi hadislar bunga ochiq dalil bo‘ladi:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَرَّ عَلَى صُبْرَةِ طَعَامٍ فَأَدْخَلَ يَدَهُ فِيهَا فَنَالَتْ أَصَابِعُهُ بَلَلًا فَقَالَ: "مَا هَذَا يَا صَاحِبَ الطَّعَامِ" قَالَ أَصَابَتْهُ السَّمَاءُ يَا رَسُولَ اللَّهِ قَالَ: "أَفَلَا جَعَلْتَهُ فَوْقَ الطَّعَامِ كَيْ يَرَاهُ النَّاسُ مَنْ غَشَّ فَلَيْسَ مِنِّي"
(رواه الامام مسلم)
ya’ni: Rasululloh (s.a.v.) don sotayotgan odamning yonidan o‘tib qolibdilar. Uning doni orasiga qo‘l tiqib ko‘rsalar, namlanib qolgan ekan. “Bu nima?!” deb so‘radilar. Sotuvchi: “Ey Rasululloh! Unga yomg‘ir tegibdi”, dedi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Uni ustiga qo‘ymaysanmi, odamlar ko‘rar edi” dedilar va “Kimki aldasa, mendan emas!” dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Hadisdagi “g‘ash” lug‘atda “aldamoq, firib bermoq, soxtalashtirmoq” ma’nolarida keladi. Demak, umumiy ma’noda aldov, firibgarlik, biror narsani soxtalashtirishlik musulmonning ishi emas ekan. Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "لاَ تُصِرُّوا الْإِبِلَ وَالْغَنَمَ فَمَنْ اِبْتَاعَهَا فَهُوَ بِخَيْرِ النَّظَرَيْنِ بَعْدَ أَنْ يَحْلِبَهَا إِنْ شَاءَ أَمْسَكَهَا وَإِنْ شَاءَ رَدَّهَا وَصَاعًا مِنْ تَمْرٍ"
(متفق عليه)
ya’ni: Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar, Rasululloh (s.a.v.) dedilar: “Tuya va sovliqlaringizni (sersut qilib ko‘rsatish maqsadida) ataylab sog‘may qo‘ymangizlar! Kimki (bilmay) shunday hayvonni sotib olgan bo‘lsa, uning ixtiyorida ikki yo‘l bordir, biri - uni o‘zida olib qolmoqlik, ikkinchisi - uni egasiga qaytarib bermoqlikdur. Agar qaytarib beradirgan bo‘lsa (bir-ikki kun soqqani uchun) bir so’ xurmo qo‘shib bersin!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Demak, sog‘in sigir va qo‘ylarni sotishda hadisda bayon etilganidek, firibgarlik usullarini qo‘llash ham joiz emas. Bizning hanafiy mazhabimizda bordi-yu molni qaytarib beriladigan bo‘lsa, unga xurmo qo‘shib berilmaydi, deyilgan.
Muhtaram jamoat! Mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida musofirning namozi haqida suhbatlashamiz.
Bir kishi uch kecha-kunduzlik masofani niyat qilib safarga chiqsa, musofir hisoblanadi. Qasd qilgan joyiga borgandan keyin o‘ziga qaraydi, agar 15 kun yoki undan ortiq vaqt turish rejasi bo‘lsa, muqim kishi hukmida bo‘ladi. Ammo 15 kundan oz muddatda qaytish rejasi bo‘lsa yoki qachon qaytishi noma’lum bo‘lsa, musofir hukmida qoladi.
Shariatimizda musofirga tegishli alohida masalalar mavjud bo‘lib, ularning ba’zilari bilan tanishib o‘tamiz:
Alloh taolo barchamizni haromdan hazar qilib, halollik bilan umrguzaronlik qilishimizga muvaffaq aylasin! Omin!
Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.
Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.
Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.
Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.
O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.
Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan.
“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.
Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati – bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.
Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.
Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati