Ulamolar aytishicha, Qur’onning musulmon banda ustidagi haqlari quyidagilar:
1. Qur’onga imon keltirish. Qur’oni karim Alloh tarafidan nozil qilinganiga imon keltirgan banda mo‘min hisoblanadi. Parvardigorimiz shunday marhamat qilgan: “Ey mo‘minlar, Allohga, Uning Payg‘ambariga va O‘z Payg‘ambariga nozil qilgan Kitobga (Qur’onga) hamda U Zot ilgari nozil qilgan (barcha) kitobga imoningiz komil bo‘lsin! Kim Allohga, farishtalarga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga kofir bo‘lsa, demak, u juda qattiq adashibdi” (Niso surasi, 136-oyat).
2. Qur’on o‘qish. Qur’onni tilovat qilish eng katta haqlardandir. Alloh taolo Rasuli akram va u zotning ummatlarini Qur’on o‘qishga buyurgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadislarida Qur’on o‘qish fazilatlari haqida xabar berganlar. Kishi Qur’onni to‘g‘ri o‘qish uchun asosan ikki narsa talab qilinadi:
Ulamolar, mo‘min-musulmon kishi Qur’onni oyda bir marta xatm qilishini tavsiya etishgan. Qur’on tilovati har bir mo‘minning kundalik vazifasi bo‘lishi kerak. Qur’on faqat qorilar yo keksalar o‘qiydigan Kitob emas. Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan har bir banda bilishi kerak Qur’on o‘qishni. Agar haftada ma’lum kunlarni Qur’on o‘qish va o‘rganishga sarflaganimizda, oramizda Qur’on o‘qishni bilmaydigan inson qolmasdi.
Allohning Kitobi Qur’oni karimni tilovat qilish unga ko‘z yugirtirib chiqish yoki yodlaganini tushunar-tushunmas takrorlash emas. Qur’onni butun vujud bilan his etgan holda o‘qiladi. Buni tadabbur deyiladi.
3. Qur’on yodlash. Qur’on yodlash juda fazilatli amaldir. Hadisi shariflarda, Qur’onni qalbga jo qilishning foydalari haqida so‘z yuritilgan. Jumladan, qori jannatda Qur’on oyatlarini o‘qib, martabasi ko‘tarilib borishi, yodlagan oxirgi oyatni o‘qigan joyi uning eng yuqori darajasi bo‘lishi aytilgan. Ulamolar, “Qur’onni to‘liq yod olish farzi kifoya. Namozni o‘qishga yetadigan darajada sura va oyatlarni yodlash esa farzi ayndir”, deyishgan. Shuning uchun har bir musulmon banda namozni to‘kis ado etishi uchun ma’lum sura va oyatlarni puxta yodlab olishi lozim.
Qur’on yodlashning mas’uliyati katta. Qur’onni diliga joylagan banda Qur’onni muttasil takrorlab turadi. Qur’onni yodlab, uning haqlarini poymol qiladigan, e’tiborsizlik bilan yodlaganlarini unutib yuboradigan “qori”lar ogohlantirilgan.
Rivoyat qilinishicha, solihlardan biri o‘lim to‘shagida yotgan holida o‘g‘liga:
– O‘g‘lim! Menga Qur’onni olib kel, birgina oyatni unutib qo‘ydim. O‘shani eslamoqchiman!, dedi. Shunda o‘g‘li hayron bo‘lib:
– Otajon, birgina oyatni eslashingizdan qanday naf bor?! – dedi. Solih ota jigarbandining savoliga:
– O‘sha oyatni eslagan holda Alloh bilan uchrashishim undan g‘ofil holda yo‘liqishimdan yaxshiroq! – deb javob bergan ekan.
Vafotidan oldin ilmga rag‘bat qilgan ulamolar hayotidan ibratli hikoyalar keltiriladi. Bu ham musulmon banda ilm-ma’rifatga intilishi, eng avval, Parvardigorining Kitobini o‘qishni o‘rganishi, undan imkon qadar yodlashi kerakligiga ishoradir.
4. Qur’on tilovatiga quloq solish. Qur’oni karim o‘qilganida, odam jim turib, Qur’onning oyatlariga quloq tutiladi, unda nima deyilayotganiga e’tibor beriladi, Alloh da’vatiga ijobat etiladi. Qur’on o‘qilayotganda turib ketish, tilovatga beparvo bo‘lish musulmon odamga yarashadigan ish emas. Ayniqsa, jamoat namozlarida bunga e’tibor berish kerak.
Odamlar orasida obro‘-e’tiborga ega shaxs gapirayotganda uning gapini bo‘lish yoki ma’ruzasiga xalaqit berish qanday odobsizlik-a. To‘g‘rimi? Endi butun olamlar Parvardigori Allohning Kalomi o‘qilayotganda gaplashish, tilovatga beparvo bo‘lish qanday hurmatsizlik ekanini tasavvur qilib ko‘ring!
5. Qur’onni tadabbur (tafakkur) qilish. Alloh taolo Qur’on o‘qiganda uning oyatlarini tadabbur qilishga buyurgan. Oyatlarni tadabbur qilmaydigan kimsalarga tanbeh berilgan. Qur’onni tadabbur qilgan odam unda biron ixtilof yo‘qligini, bir oyat boshqa bir oyat ma’nosiga muvofiq kelishini anglab yetadi.
Alloh taolo Qur’oni karimni o‘qish uchun tillarga oson, oyatlarini tushunib ibrat olish uchun fasohatli arab tilida nozil qilgan. Agar inson Qur’onni yaxshi tushunganida, uni tilovat qilishdan, Qur’on o‘qishdan to‘ymasdi. Demak, Qur’onga bo‘lgan muhabbatimiz ziyoda bo‘lishi uchun uni to‘g‘ri o‘qish va o‘qiganlarimizni uqish talab etiladi.
6. Qur’on ko‘rsatmalariga amal qilish. Qur’onning nozil qilinishidan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri – ko‘rsatmalariga rioya etish, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, boshqa haqlar Qur’onga amal qilish haqiga bog‘liq: Qur’onni o‘qigan, eshitgan, tushungan, Qur’onni e’zozlagan odam Qur’onga amal qiladi.
7. Qur’on ilmlarini odamlarga yetkazish. Qur’on ilmlarini bilgan odam uni boshqalarga ham o‘rgatadi, ilmni tarqatadi. Shariat ilmli kishilardan shuni talab etadi. Ilm shu bilan odamlar orasida yoyiladi. Masalan, kimdir tajvid ilmidan xabardor. U insonlarga Qur’on o‘qishni ta’lim beradi. Yana kimdir, tafsir ilmini biladi. Bunday odam o‘zgalarga Qur’on ma’nolarini tushuntirib beradi. Xullas, har kim imkoni darajasida Qur’on ilmlari tarqalishida hissa qo‘shadi. Hadis sharifda aytilishicha, Qur’onni avval o‘zi puxta o‘rganib, keyin boshqa musulmonlarga o‘rgatgan inson musulmonlar ichida eng afzali sanaladi. Alloh taolo Qur’on yo‘lida xizmat qilgan kishilar martabasini juda baland ko‘targan.
Endi o‘zimizga savol beraylik: ichimizda necha foizimiz Qur’on o‘qishni biladi? Qancha odam Qur’onni boshidan oxirigacha bexato o‘qiy oladi? Necha kishi Qur’onning ma’nolarini, hukmlarini dars qilib o‘qigan yoki o‘qimoqda? Nima uchun Qur’on o‘qimaymiz? Nima uchun ustimizga xotirjamlik, xayr-baraka, tinchlik-xotirjamlik tushishini istamaymiz? Axir Qur’on kasalliklarimizga shifo va rahmat qilib nozil qilingan-ku! Musulmonman, degan har bir inson, kunda-kunora Qur’on o‘qiydi, uni o‘rganadi, o‘qiganini tushunishga harakat qiladi.
8. Qur’on bilan davolanish. Mana shu haq ulamolar tarafidan alohida zikr qilinadi. Sababi, Qur’on mo‘min bandalar uchun shifodir. Bandalar Qur’on bilan qalblaridagi ma’naviy illatlarga davo topadilar. Jumladan, e’tiqoddagi toyilish, hasad, kibr, nifoq, xudbinlik kabi ma’naviy illatlar aynan Qur’on bilan davolanadi.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li,
Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi
Alloh taologa behisob hamdu sanolar bo‘lsinkim, yurtimizda keyingi yillarda ma’naviy hayotimiz yuksak pog‘onalarga ko‘tarilib, muqaddas dinimiz qadriyatlariga e’tibor tobora ortib bormoqda. Ana shunday ulug‘ va tarixiy voqealardan biri – Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilib, foydalanishga topshirilishi xalqimiz uchun chinakam ulkan ma’naviy bayram, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bu muhtasham maskan yurtimizning boy tarixi, bebaho ma’naviy merosi, asrlar davomida shakllangan ilm-ma’rifat an’analarining yorqin timsoli sifatida barpo etildi. Zero, muqaddas dinimiz insonni doimo ilmga, ma’rifatga, ezgulik va komillikka chorlab keladi. Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyatidayoq “Iqro!”, ya’ni “O‘qi!” deb amr qilingani ham bu yo‘lning naqadar ulug‘ va sharafli ekanini ko‘rsatadi. Markazning Ulug‘bek darvozasi peshtoqiga ushbu muborak oyat muhrlab qo‘yilgani zamirida ham mana shunday chuqur ma’no-mazmun mujassam.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, biz yurtimizda rivojlangan davlat, erkin jamiyat poydevorini bunyod etish uchun, eng avvalo, ilm va ilm, ta’lim va yana bir bor ta’lim degan oliy maqsadni hayotimizga joriy etmoqdamiz. Shu ma’noda, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni o‘rganish va targ‘ib etishga xizmat qiladigan ilmiy-ma’rifiy dargoh, ayni vaqtda o‘tmish va bugunni, an’ana va taraqqiyotni, ma’naviyat va zamonaviylikni o‘zaro uyg‘unlashtirgan nodir maskan bo‘lishiga iymonimiz komil.
Yurtimiz zamini azal-azaldan ilm-ma’rifat, zakovat va yuksak madaniyat beshigi o‘laroq dunyo tamaddunida alohida o‘rin tutadi. Movarounnahr diyorida yetishib chiqqan buyuk allomalar, muhaddislar, mufassir va mutafakkirlar insoniyat tamadduniga beqiyos hissa qo‘shganlar. Ularning ilmiy merosi asrlar davomida nafaqat islom olami, balki jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan. Ayniqsa, hadis ilmining sultoni bo‘lgan Imom Buxoriy, buyuk muhaddis Imom Termiziy, aqida ilmining zabardast namoyandasi Imom Moturidiy, shuningdek, astronomiya, tibbiyot, matematika va boshqa fan sohalarida yuksak natijalarga erishgan Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi ulug‘ zotlarimiz nomi jahon ilm osmonida yorqin yulduzlar kabi porlab turibdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ilm izlash har bir musulmon uchun farzdir”, degan muborak hadislari ham bu yo‘lning naqadar muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bois, yurtimizda ilmga hurmat, ulug‘ zotlarga ehtirom va ular qoldirgan ulkan merosni asrab-avaylash azaliy qadriyatlarimizdan. Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilgani esa ajdodlarimiz qoldirgan ana shu bebaho ilmiy va ma’naviy durdonalarni yanada chuqur o‘rganish, keng targ‘ib etish, jamoatchilikka va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Muhtasham maskanga qadam qo‘ygan har bir inson, avvalo, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros, ularning beqiyos ilmiy va ma’rifiy faoliyati, bu yerda jamlangan manbalar, qo‘lyozmalar va ilmiy ekspozitsiyalar bilan tanishar ekan, qalbida o‘ziga xos iftixor va mas’uliyat tuyg‘usi uyg‘onishi tabiiy. Prezidentimizning “Ushbu markaz ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyatimiz uchun fundamental baza bo‘ladi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari yuqori kurslarni shu yerda o‘qiydi, o‘qituvchi-domlalar esa o‘z bilim va malakasini oshiradi. Markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulug‘beklar, farg‘oniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam ma’naviy maydon bo‘lishi kerak”, deya ishonch bildirishi bejiz emas, albatta. Demak, markaz o‘z mohiyati va mazmuni bilan o‘tmish va bugunni o‘zaro bog‘lab turgan ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarmog‘iga shubha yo‘q. Ayniqsa, markazda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga oid boy tarixiy va ilmiy manbalar jamlangani yurtimiz zaminida kechgan buyuk Uyg‘onish davrlarining mazmun-mohiyatini chuqur anglash imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, bugungi kunda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi naqadar mustahkam ildizlarga ega ekanining yaqqol namoyonidir.
Muqaddas Qur’on zali esa ushbu muhtasham maskanning haqiqiy qalbi sifatida alohida ma’naviy-ruhiy ahamiyat kasb etadi. Chunki bu yerga butun insoniyat uchun hidoyat manbai bo‘lgan ilohiy kalom — Qur’oni karimning eng qadimiy va nodir nusxalaridan biri bo‘lgan mo‘tabar Usmon Mus'hafi joylashtirilgan. Ushbu muqaddas kitob asrlar davomida turli zamon va makonlar osha necha-necha tarixiy sinovlarga guvoh bo‘lgan bebaho merosdir. Ayrim manbalarda qayd etilishicha, XIV asr oxirlarida Amir Temur tomonidan Samarqandga olib kelingan ushbu Mus'haf bir necha asr davomida asrab-avaylangan.
Keyingi yillarda Usmon Mus'hafi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Mo‘yi muborak madrasasida saqlanib keldi. Allohning inoyati va yurtimiz rahbarining tashabbusi bilan 2025 yil 13 noyabr kuni bu noyob va muqaddas kitob Islom sivilizatsiyasi markazining muqaddas Qur’on zaliga olib kelinib, o‘zining yuksak maqomiga munosib sharofatli o‘ringa qo‘yildi. Bu esa, shubhasiz, yurtimizda muqaddas dinimizga, uning ilohiy manbasiga bo‘lgan yuksak ehtirom va sadoqatning yorqin ifodasidir.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur Mus'haf markazda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan bir makonda joylashtirildi. Bu qarorda ham chuqur ma’no mujassam: ilohiy kalom bilan diniy idora faoliyatining bir-biriga uyg‘un holda bo‘lishi islom an’analariga to‘la mutanosibdir.
Shuningdek, Prezidentimiz topshirig‘iga binoan, ushbu zal devorlarida Qur’oni karim oyatlari tushirilgan sakkizta ipak gilamning to‘rt ravoqda joylashtirilgani ham zalning ma’naviy muhitini yanada boyitgan. Bu gilamlar go‘yoki ilohiy kalomning go‘zal ifodasi sifatida qalblarga nur ulashadi, insonni tafakkurga, ibrat olishga chorlaydi. Zero, Qur’oni karimda: “Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur va yaxshi amallarni qiluvchi mo‘minlarga, albatta, o‘shalarga, ulug‘ ajr borligi xushxabarini berur”, deb marhamat qilingan. Darhaqiqat, bu muqaddas kitob insoniyat uchun hidoyat, qalblar uchun shifo, hayot uchun dasturdir. Bunday muqaddas maskanda bo‘lish insonni o‘z-o‘zidan tafakkurga chorlaydi, qalbida shukr, ixlos va ezgulikka intilish tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Yana bir masala xususida ham to‘xtalib o‘tishimiz joiz. Yurtimizda amalga oshirilayotgan ana shunday ulug‘ ishlar, barpo etilayotgan ma’naviyat maskanlari, qayta tiklanayotgan muqaddas qadamjolar va bunyodkorlik ishlarining barchasi xalqimizning qalbida shukr, iftixor va umid tuyg‘ularini yanada mustahkamlayotganining shohidi bo‘lib turibmiz. Yaratgan Robbimizga hamdlar bo‘lsinkim, ana shunday xayrli ishlar yurtimizda keng quloch yoymoqda. Minglab, millionlab yurtdoshlarimiz bugun qo‘l ochib, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, ezgu ishlar bardavom bo‘lishi uchun duo qilmoqdalar. Bu duolar, inshaalloh, ijobat bo‘lib, diyorimizda yanada ko‘proq baraka va fayz-zarafshonlik qaror topadi.
Shu o‘rinda barcha ulamo va mo‘min-musulmonlar nomidan yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ulkan islohotlar, muqaddas qadamjolarni obod etish, islom qadriyatlarini asrab-avaylash yo‘lida ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik izhor etamiz. Bu kabi ezgu ishlar, shubhasiz, xalqimiz qalbida chuqur ehtirom va rozilik tuyg‘ularini uyg‘otmoqda.
Alloh taolodan mana shunday muborak Hayit ayyomlarida duo qilib so‘raymiz, yurtimiz tinch va osoyishta bo‘lsin, xalqimiz farovon va baxtli yashasin, amalga oshirilayotgan barcha xayrli ishlarga O‘zi baraka ato etsin. Yurtimizga ko‘z tegmasin, el-yurtimiz osmoni musaffo, barchamizning ezgu niyatlarimiz ijobat bo‘lsin. Alloh taolo doimo diyorimizni tinchlik va xotirjamlik ne’mati ila siylasin.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy