Sayt test holatida ishlamoqda!
03 May, 2025   |   5 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:18
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:50
Bismillah
03 May, 2025, 5 Zulqa`da, 1446

“Sajdai sahv” haqida batafsil bilishni xohlaysizmi?

31.01.2018   36594   17 min.
“Sajdai sahv” haqida batafsil bilishni xohlaysizmi?

Sajdai sahvdagi asl qoida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning namozda xatoga yo‘l qo‘yib sajda qilganlariga asoslanadi. Savbon roziyallohu anhuning hadisida aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Har bir xato uchun namozdan keyin ikki sajda bor”.

Imom Karxiy imom Muhammadning qavliga tayanib  sajdai sahv qilish vojib deydi.

Bu ibodatdagi nuqsonni tuzatish, to‘ldirish deganidir. Chunki, ibodatni kamoli sifat bilan ado etish vojib bo‘ladi. Nuqsonni tuzatilmasa, kamoli sifat bilan ado etilmagan bo‘ladi. Quduriy aytadi: birinchi salom bergandan keyin takbir aytib sajda qiladi, sajdada tasbih aytadi, ikkinchi sajdani ham shunday qilib o‘tiradi va yana tashahhudni o‘qiydi. Bir tarafga salom berishining sababi asliy salom bilan ziyoda qilinayotgan ishning o‘rtasidagi farqni ajratib turish uchun bo‘ladi. Imom Muhammad sajdai sahv qilishi vojib bo‘lgan kishining birinchi salomi uni namozdan chiqarmaydi, shuning uchun salovotni sajdai sahv qa’dasiga kechiktiradi, deydi. Imom Karxiyning “Muxtasar” da aytgan so‘ziga ko‘ra Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga salovotni keyingi o‘tirishda qiladi. Namozdan forig‘ bo‘lish ham shu qa’dadan keyin bo‘ladi. Shamsulaimma Halavoniy: sajdai sahvdan keyingi o‘tirish rukn emas. Sajdadan keyin yana qa’daga o‘tirishga buyruqning vorid bo‘lishi namoz u bilan nihoyasiga yetishi va bu salovot aytishning o‘rni bo‘lganligi uchundir. Mabodo u sajdai sahv qilmasa, namozi buzilmaydi. Agar sajda qilgandan keyin o‘tirmay turib ketsa ham namozi buzilmaydi, deydi.    

Sajdai sahvni qachon qiladi? Sajdai sahvni nuqson yoki ziyoda qilishidan qat’iy nazar salomdan keyin qiladi. Imom Shofe’iy esa, salomdan avval qiladi, deydi. Bizning dalilimiz Savbon roziyallohu anhuning hadisi bo‘lib, bu hadis yuqorida keltirildi. Sajdai sahvni eng oxiriga qoldirishning hikmati shulki, takror bo‘lib qolish gumonidan saqlaniladi. Salomdan avval qilinganda yana sahv paydo bo‘lishi va yana sajdai sahv qilinishi e’timoli bo‘lganligi uchun eng oxirgi amal bo‘lsin deb ortga suriladi. Sajdai sahv farz va nafl namozlarida bir xil bo‘ladi. Chunki Savbon roziyallohu anhu keltirgan hadisda farz va nafl namozlari uchun umumiy tarzda bayon etilgan. Ne uchunkim, farz va nafl namozlari farzlik va nafllik sifatlarida bir biridan farq qiladi, arkonlarida va shartlarida emas.

Sajdai sahv qaysi noo‘rin amal uchun vojib bo‘ladi? Barcha mashoixlar oltita sabab bilan sajdai sahv vojib bo‘ladi, deydilar. Bir ruknni o‘z o‘rnidan oldin qilib qo‘yish yoki o‘z o‘rnidan kechiktirib qo‘yish. Bir ruknni takror qilish va bir vojib amalni o‘zgartirib qo‘yish. Vojibni tark qilish va namozning barcha o‘rinlarga tegishli sunnatni tark qilish bilan sajdai sahv vojib bo‘ladi.

Bir ruknni muqaddam qilish: qiroat qilmasdan oldin ruku’ qilib qo‘yish yoki ruku’ qilmasdan oldin sajda qilib qo‘yish.

Bir ruknni kechiktirish: birinchi rakaatda bir marta sajda qilib qo‘yish va ikkinchi rakaatda esiga tushib uch marta sajda qilish. Tashahhudga bir necha kalimani ziyoda etib uchinchi rakaatni kechiktirish.

Bir ruknni takror qilish: ikki marta ruku’ qilish yoki uch marta sajda qilish.

Vojibni o‘zgartirib qo‘yish: maxfiy qiroat qilinadigan o‘rinda jahriy qiroat qilish yoki aksincha jahriy o‘rinda maxfiy qiroat qilish.

Vojibni tark qilish: farz namozlarida birinchi qa’dani tark qilish.

Barcha namozlarga izofa qilinuvchi sunnatni tark qilish: birinchi qa’dada tashahhudni tark qilish. Qozi Sodrulislom rohimahulloh bunday degan: uning vojibligi bitta narsadir. O‘sha vojibni tark qilish bo‘ladi. Mana shu so‘z bu xususda aytilgan so‘zlarning eng jamlovchisidir.

Mana shu olti o‘rin yo muqaddam qilib qo‘yishdan yoki kechiktirib qo‘yishdan kelib chiqadi. Ne uchunkim, tartibga rioya qilish mazhabimiz peshvolarining uchchovlarining nazdida alohida bir vojibdir. Agar tartibni tark qilib qo‘ysa, bir vojibni tark qilgan bo‘ladi. Bir ruknni takrorlasa, undan keyingi ruknni kechiktirgan bo‘ladi. Ruknni kechiktirmay bajarish vojibdir. Jahriy qiroat ham o‘z o‘rnida vojibdir. Maxfiysi ham xuddi shunday. Ammo, birinchi qa’dadagi tashahhud haqida: u aytadi: u vojibdir. As'hoblarimizdan muhaqqiqlari shu fikrda bo‘lganlar. (Almuhiytul burhaniy  fiy fiqhin no‘maniy).

“Alhidayati fi sharhi bidayatil mubtadiy” kitobida sajdai sahv haqida quyidagi ma’lumotlar keladi: rivoyat qilinishicha, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam salomdan keyin ikki sahv sajdasini qilganlar. Qilgan ishlari bilan aytgan so‘zlari muoriz bo‘lsa, qilgan ishlari boqiy amalda qoladi. Chunki, sajdai sahv takror bajariladigan amal emas. Shuning uchun salomdan keyin qilinadi. Ikki salomdan keyin sajdai sahv qiladi. Mana shu sahih. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamga salovotlarni va duolarni sajdai sahv qa’dasida o‘qiydi. Chunki, duoning o‘rni namozning oxiridir. Sajdai sahv namozda paydo qilingan nuqsonni to‘ldirish uchun jory bo‘lgan. Xuddi hajda qon vojib bo‘lganidek. Agar vojib bo‘ladigan bo‘lsa, vojibni tark qilish bilan yoki uni kechiktirish bilan bo‘ladi. Biron ruknni kechiktirish bilan ham sajdai sahv vojib bo‘ladi.

Aytdi: “Sunnat qilingan ishni tark qilish bilan ham lozim bo‘ladi”. Bu so‘z bilan go‘yo vojib fe’lni iroda qilgan. Vojib amal sunnat bilan sobit bo‘lgani uchun. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam qunut duosini, tashahhudni, hayit namozining takbirlarini doimiy ravishda qoldirmasdan qilganlar. Bu esa vojibligiga dalildir. Bu amallar barcha namozlarga taalluqli. Ya’ni, barcha namozlarda qilinadigan amallar sarasiga kiradi. Jahriy namozda maxfiy qilib qo‘ysa yoki aksincha qilib qo‘yganda ham sajdai sahv vojib bo‘ladi. Miqdori namoz u bilan joiz bo‘ladigan miqdorda o‘qib qo‘yishdir. Ya’ni, maxfiy namozda Abu Hanifaning so‘ziga binoan bir oyat to‘liq jahriy o‘qib qo‘yilsa, ikki imomning so‘ziga ko‘ra uch oyat to‘liq jahriy o‘qib qo‘yilsa, sajdai sahv vojib bo‘ladi. Bu imomga tegishli masala bo‘lib yolg‘iz o‘qiyotgan kishining hukmi emas. Chunki, jahriy yoki maxfiy qilish jamoatning xos hukmlaridir. Imom xato qiladigan bo‘lsa, iqtido qilgan ham imom bilan sajda qiladi, aksi emas. Imom sajda qilmasa, muqtadiy ham sajda qilmaydi. Muqtadiyning o‘zicha sajda qilishi imomiga xilof qilish bo‘ladi. Iqtido qilgandan keyin imomga ergashib namozni ado etish lozim. Muqtadiy xato qilsa, imom ham muqtadiy ham sajda qilmaydi. Muqtadiy o‘zicha sajda qilsa, imomga muxolif ish qilgan bo‘ladi. Imom unga qo‘shilib sajda qilsa, asl qoida buzilib ergashtiruvchi ergashuvchiga aylanib qoladi. Birinchi qa’daga o‘tirmay turib ketayotgan kishi xatosini anglagan vaqtda hali tik turib ulgurmagan va qa’daga yaqin turgan bo‘lsa, qaytib o‘tiradi va tashahhudni o‘qiydi. Sahih qavlga ko‘ra bunday holatda sajdai sahv qilmaydi.

Agar qiyomga yaqin bo‘lib qolgan bo‘lsa, qaytib o‘tirmaydi. Chunki, u tik turuvchining-qoimning hukmiga o‘tib bo‘ldi. Bitta vojibni tark qilgani uchun sajdai sahv qiladi. Oxirgi qa’daga o‘tirmay beshinchi rakaatga turib ketsa, modomiki hali sajda qilmagan bo‘lsa, qaytib o‘tiradi. Vojibni kechiktirgani uchun sajdai sahv qiladi. Beshinchi rakaatning sajdasini ham qilib qo‘ysa, farzi botil bo‘ladi, namozi Abu Hanifa va Abu Yusufning nazdida naflga aylanib ketadi. Bunday paytda yana bir rakaat qo‘shib olti rakaat qilib tugatadi. Agar to‘rtinchi rakaatga o‘tirgan bo‘lsa va turib ketib beshinchi rakaatni qilib qo‘ysa, yana bir rakaat qo‘shib ikki rakaat qiladi. Farzni sunnat qilingan ko‘rinishda tugatmaganligi va naflni sunnat qilingan ko‘rinishda boshlamaganligi  uchun istihsonan sajdai sahv qiladi.

Kim ikki rakaat nafl namozida xato qilib sajdai sahv qilsa, ustiga yana ikki rakaat nafl namoz bino qilmaydi. Chunki, namoz o‘rtasidagi sajdai sahv namozni botil qiladi. Zimmasida sahv sajdasi bor imom salom bergach bir kishi kelib iqtido qilsa va imom sajdai sahv qilsa, o‘sha iqtido qilganning iqtidosi durust bo‘ladi. Agar imom sajda qilmasa, iqtidosi botil bo‘ladi. Bu Abu Hanifa va Abu Yusufning so‘zi.

Kim salom bersa va bu salomi bilan namozini tugatishni iroda qilgan bo‘lsa, vaholanki uning zimmasida sajdai sahv bo‘lsa, sajdai sahvni qilib olaveradi. Uning salomi esa tugatuvchi salom bo‘lmaydi. Uning niyati  mashru’ amalni o‘zgartirib yubordi, biroq xato qilgan edi.

Kim namozida shak qilib uch yoki to‘rt rakaat o‘qiganini bilmay qolsa va bunday holatga birinchi tushayotgan bo‘lsa, namozini yangidan boshlaydi. Agarbunday holat tez-tez takrorlanib turadigan bo‘lsa, necha rakaatligi haqidagi taxmini g‘olib tomonni olib davom ettiraveradi. Mutlaq necha rakaat o‘qiganini bilmay shubhalanib qolganida eng ozini oladi va har rakaatda o‘tiradi. Shunday qilsa, qa’dai oxirni topadi. Uchinchi rakaatdan keyin o‘tirgan bo‘lishi va keyingi rakaatning farzini kechiktirgan bo‘lishi mumkin degan gumon bilan sajdai sahv qiladi.

(Alhidoya fi sharhi bidayatil mubtadiy).

Fatovoi hindiyyada sajdai sahv haqida kelgan masalalar.    

Sajdai sahv qilish uchun vaqt ham e’tiborlidir. Agar namozda xato qilgan kishi sajda qilmoqchi bo‘lib  birinchi tarafga salom berganda quyosh chiqib qolsa, sajda soqit bo‘ladi. Boshqa o‘rinlarda ham shunday. Farz va nafl namozlardagi sahvning hukmi bir xil. Sajdai sahvdan keyingi qa’da rukn emas. Namozni sahv sajdasidan keyin odatiy ko‘rinishda ado etish uchun joriy bo‘lgan. Agar sajdai sahvdan keyin o‘rnidan turib ketsa, namozi buzilmaydi. Valvolijiyda aytilishicha, tark qilingan narsalar uch xil bo‘ladi: farz, sunnat va vojib. Birinchisi: farzni qazo qilib bajarib olsa bo‘ladi. Aks holda namoz fosid bo‘ladi. Masalan, bitta sajdani tark etgan bo‘lsa, keyingi rakaatning sajdasida sajda qilib oladi. Ikkinchisi: sunnatni tark etish namozni buzmaydi. Uchinchisi: vojibni tark etilganda sajdai sahv bilan nuqson to‘ldiriladi. Qasddan tark etilsa, sajdai sahv bilan o‘rniga kelmaydi. Barcha ulamolar so‘zlariga ko‘ra, qasddan vojibni tark etilganda sajdai sahv nuqsonni to‘ldira olmaydi. Namozni yangitdan qoim qilish kerak. Ta’avvuzni, basmalani  tark qilish bilan, sanoni, takbiri intiqollarni tark qilish bilan sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Hayit namozidagi ikkinchi rakaatdagi takbirni tark qilsa unday emas. Hayit namozining takbirlarida qo‘lni ko‘tarmaganligi uchun ham sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Adashib birinchi chap tarafga salom berib qo‘ysa, ruku’dan turishni-qavmani adashib tark etib ruku’dan to‘g‘ri sajdaga ketib qolsa, “Fatavoi qozihon”ga ko‘ra sajdai sahv qiladi. Bu Abu Hanifa va imom Muhammadning so‘zi. “Fathul qodirda” ham shunday vorid bo‘lgan.

Fotiha surasini o‘qish vojib. Agar fotihaning ko‘proq qismini o‘qib ozroq qismini unutib qoldirsa, sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Ozrog‘iin o‘qib ko‘proq qismini unutib qoldirsa, imomga ham yolg‘iz o‘qiyotgan kishiga ham sajdai sahv vojib bo‘ladi. Farz namozining uchinchi va to‘rtinchi rakaatlarida fotihani tark qilsa, sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Nafl va vitrning keyingi rakaatlarida (3-4) tark qilsa, vojib bo‘ladi. Birinchi rakaatda fotihani takror o‘qib qo‘ysa, sajdai sahv vojib bo‘ladi. Agar zam suradan keyin yana o‘qisa yoki 3-4 rakaatlarda takror o‘qisa, sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Avval bir sura o‘qib ortidan fotihani o‘qisa sajdai sahv vojib bo‘ladi. Birinchi rakaatda bir surani zam qilgan bo‘lsa, ikkinchi rakaatda suralar tartibi bo‘yicha undan yuqoridagi surani o‘qib qo‘ysa, sajdai sahv qilmaydi.

Namoz o‘qiyotgan kishi sajda oyatini o‘qib sajda qilmagan bo‘lsa, yodiga tushganida sajda qilib olsa, sajdai sahv vojib bo‘ladi. Bir surani zam qilaman deb boshqa surani o‘qib yuborishning zarari yo‘q. Qiroatdan oldin ruku’ qilib qo‘ysa, qaytib qiroat qiladi va yana ruku’ qilish farz bo‘ladi. Birinchi qilgan ruku’ning e’tibori yo‘q. Sajdai sahv vojib bo‘ladi.

Tashahhudni to‘liq o‘qish vojib bo‘ladi. Agar ba’zisini o‘qib qolganini tark etsa, farz yoki nafl bo‘lsin sajdai sahv vojib bo‘ladi. Birinchi rakaatda qiroatdan oldin tashahhudni o‘qib qo‘ysa, sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Agar fotihani o‘qigandan keyin tashahhudni o‘qisa, sajdai sahv vojib bo‘ladi. Vojibni kechiktirgani uchun. Qiroatdan oldingi tashahhud sano o‘rniga o‘tadi. 3-4 rakaatlarda tashahhudni o‘qib qo‘ysa ham sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Qiyomda, ruku’da va sajdada o‘qilgan tashahhudga sajdai sahv qilish vojib bo‘lmaydi. (Muhiyt).

Qa’dai avvalda tashahhudni takror o‘qib qo‘ysa sajdai sahv vojib bo‘ladi. Birinchi qa’dadagi tashahhudga “Allohumma solli ala Muhammad” deb to‘liq bir jumlani qo‘shib o‘qisa, sajdai sahv vojib bo‘ladi.

Namoz o‘qigan kishi qa’daga o‘tirib tashahhudni o‘qisa va shu holida uch rakaat o‘qidimi yoki to‘rt rakaat o‘qidimi bilmay shakka  tushib salomni kechiktirib qo‘ysayu keyin darhol o‘zini o‘nglab to‘rt rakaat o‘qiganini bilib qolsa, sajdai sahv vojib bo‘ladi.

Qunut duosini tark qilsa, sajdai sahv vojib bo‘ladi. Qiroatdan keyingi, qunutdan oldingi takbirni tark qilsa ham hayit takbirlari maqomida bo‘lgani uchun sajdai sahv qiladi.

Ikki hayit takbirlarini kam aytib qo‘ysa, ziyoda qilib qo‘ysa yoki  o‘z o‘rnidan boshqa joyda aytib qo‘ysa, sajdai sahv vojib bo‘ladi. Ikkinchi rakaatdagi takbiri intiqolni tark qilsa, sajdai sahv qiladi. Chunki, bu takbir hayitning vojib bo‘lgan takbirlari bilan birga bo‘lganligi uchun vojib hukmini olgan. Birinchi rakaatning takbiri unday emas.  Jum’a, ikki hayit, farz va nafl namozlarining sahv-xatolari bir xil. Biroq, mashoixlarimiz ikki hayit va jum’a namozida odamlar fitnaga tushmasliklari uchun sajdai sahv qilinmaydi, deganlar.

Yolg‘iz namoz o‘qiyotgan kishi jahriy yoki maxfiy qiroat qilib qo‘ysa, unga sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Chunki, jahriy namozda jahriy qiroat qilish, maxfiy namozda maxfiy qiroat qilish jamoatning xos hukmlaridir.

Ta’avvuzni, basmalani yoki amiynni jahriy aytib qo‘ysa, sajdai sahv vojib bo‘lmaydi.

Bir kishi peshinni besh rakaat o‘qib qo‘ydi. To‘rtinchi rakaatda tashahhud miqdoricha o‘tirgan edi. Agar beshinchi rakaatni sajda bilan aniq qilmagan bo‘lsa, qaytib o‘tiradi va salom berib namozini tugatadi, sajdai sahv qiladi. Agar beshinchi rakaatni sajda bilan aniq qilgan bo‘lsa, qa’daga qaytmaydi va unga yana bir rakaat qo‘shadi. O‘zi alohida ikki rakaat bo‘ladi. Istehsonan sajdai sahv qiladi. Lekin, bu ikki rakaat nafl peshinning ikki rakaat sunnatining o‘rniga o‘tmaydi. Bomdodning uchinchi rakaatiga turib ketganda esa, to‘rtinchi rakaatni unga qo‘shib o‘qimaydi.

Peshinning to‘rtinchi rakatiga o‘tirmay turib ketgan bo‘lsa, hali sajda qilmagan bo‘lsa, qaytib o‘tiradi va sajdai sahv qiladi. O‘sha turib ketganida sajda qilib qo‘ysa, peshin namozi fosid bo‘ladi. Nafl namozga aylanib ketadi.

Bir kishi ikki rakaat nafl o‘qish paytida xato qilib qo‘ysa va sajdai sahv qilsa, uning ustiga 3-4 rakaatlarni bino qilmaydi. Namozdagi bir necha xatolarga ikki marta sajda qilish kifoya. Vallohu a’lam.

Lutfulloh UBAYDULLOH

tayorladi

O‘MI Matbuot xizmati

Fiqh
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir

03.05.2025   4779   7 min.
O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir

Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda. 
 

Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.


Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.


Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.


Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.


Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.


Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.


Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:


Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.

Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.


Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:


O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.

Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.


Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.


Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.


Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.


Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:


Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.

Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,

Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.


Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.


Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.


Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari

O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir
Ibratli hikoyalar