Zarcho‘va – foydali ziravor. Biz odatda undan osh tayyorlashda foydalanamiz. Biroq Hindiston, Pokistonda va boshqa bir qator Sharq mamlakatlari bu ziravorni har kuni iste’mol qiladi, deb xabar beradi O‘zA.
Zarcho‘va qon aylanish tizimini yaxshilash, qandli diabet, bo‘g‘im og‘rig‘i, oshqozon-ichak, shamollash kabi kasalliklarni davolashda juda foydali. Chunki zarcho‘vaning ildizi bu kuchli oksidant, kurkumin deb ataluvchi sariq rangli pigment, shuningdek, kalsiy, temir, yod, fosfor, kalsiy, S va V gruppasiga kiruvchi vitaminlar, efir moyi va boshqa moddalarga boy.
Kaliforniya universiteti olimlari xulosasiga ko‘ra, zarcho‘va qo‘shilgan taomni har kuni iste’mol qilish sog‘lom insonda xotirani yaxshilash va aqliy zaiflik alomatlari bilan kurashishga yordam berar ekan. Bu haqda RIA Novosti xabar beradi.
Bu ziravorining foydali xususiyatlarini aniqlash maqsadida tadqiqot o‘tkazildi. Unda 50 dan 90 yoshgacha bo‘lgan 40 nafar ishtirokchida bu jarayon o‘rganildi. Parishonxotirlik va xotiraning yomonlashganidan shikoyat qilgan ishtirokchilar o‘n sakkiz oy mobaynida dori o‘rnida platsebo yoki 90 milligramm kurkuminni (zarcho‘va ildizidan olinadigan modda) kuniga ikki mahaldan qabul qilgan.
Tekshiruv va diqqatni aniqlashtiruvchi test natijalariga ko‘ra, ularning e’tibor jamlashi 28 foizga yaxshilangan. Xushbo‘y ziravor ular kayfiyatiga ijobiy ta’sir etgan. Ammo bunda ziravorning noxush asorati ham aniqlandi. Kurkumin moddasini qabul qilgan to‘rt kishi qorindagi og‘riq va ko‘ngil aynishidan shikoyat qilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun, 12 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar. Diniy idorada bo‘lib o‘tgan tadbirda nishonni Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Ulug‘bek Muhamedov topshirdi.
Ulug‘bek Muhamedov o‘z so‘zida davlatimiz Rahbari tashabbuslari asosida olib borilayotgan yangilanishlar va inson qadrini yuksaltirishdagi sa’y-harakatlarga hamohang tarzda sakkiz millionlik a’zosi bo‘lgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham samarali faoliyat olib borayotganini aytib o‘tdi. Ayni paytda, bu ishlarda diniy soha xodimlari ham faol ishtirok etayotgani davlat miqyosida e’tirof qilinayotgani, Muftiy hazratlari boshchiligida keyingi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar e’tirofining ramziy ifodasi o‘laroq O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham ushbu esdalik nishonni taqdim etayotganini ta’kidladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Muftiy hazratlarini esdalik nishoni va barchani kasaba uyushmasi xodimlari bayrami bilan qutladi. Shuningdek, diniy jabhaga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va e’tiroflarga javoban har bir soha xodimi yanada mas’uliyat va shijoat bilan ishlashi, millat va din ravnaqi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatishi kerakligini eslatib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik ko‘krak nishoni aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ustuvor vazifa va dasturlar ijrosini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatgan, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lida ibratli faoliyat olib borayotganlarga taqdim etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati