Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar: “Alloh taolo rahmli insonlarga rahm qiladi. Yer yuzidagilarga mehrli, shafqatli bo‘ling, osmondagilar sizlarga rahm qilishadi. Rahm (qarindoshlik aloqalari) Rahmonga yaqindir. Kim qarindoshlikni bog‘lasa, Alloh taolo u bilan (rahmat rishtasini) bog‘laydi. Kim uni uzsa, Alloh taolo ham undan (rahmat rishtasini) uzadi” (Abud Dovud va Termiziy rivoyati).
Sharh: Ushbu hadisda kimga nisbatan rahm ko‘rsatish aniq aytilmagan. Ya’ni, “odamlarga”, “mo‘minlarga” “solihlarga” yoki “faqirlarga” degan qayd yo‘q. Shunday ekan, bu hadisdan butun maxluqotga nisbatan rahm-shafqat ko‘rsatish lozimligi kelib chiqadi. Ya’ni, yer yuzidagi yaxshi-yomon barcha insonlarga, xonaki-vahshiy butun hayvonlarga ko‘rsatiladigan marhamat Rahmon – rahmati cheksiz Alloh taolo rozi bo‘ladigan amallardandir. Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rahmdil bo‘lmaguncha (komil) musulmon bo‘lolmaysiz”, deb marhamat qilganlarida sahobiylari: “Ey Allohning rasuli, hammamiz rahmlimiz”, deb javob berdilar. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Bu o‘rinda biringizning do‘stiga ko‘rsatadigan rahm-shafqat emas, barcha insonlarga va hayvonlarga ko‘rsatiladigan marhamatni ko‘zda tutyapman”, dedilar».
Marhamatlilarga Alloh taoloning ham rahm qilishi deyilganida, ularga ehsonini mo‘l-ko‘l qilib berishi va ko‘pgina ne’matlar ato etishi tushuniladi. Ammo ko‘rsatiladigan rahm-shafqat Qur’on va sunnat asosida bo‘lishi zarurligini ham bilib qo‘yish kerak. Zero, Alloh taolo roziligiga ters tushadigan, sunnatga to‘g‘ri kelmaydigan marhamat va shafqat bu yerda maqtalgan sifatga kirmaydi.
“Osmondagilar”dan maqsad farishtalardir. Chunki ular mo‘minlarga istig‘for so‘rab turadilar. “Arshni ko‘tarib turadigan va uning atrofidagi (farishta)lar Parvardigorlariga hamdu-sano aytish bilan (U zotni barcha aybu nuqsonlardan) poklab-tasbeh ayturlar va U zotga imon keltirurlar, hamda imon keltirgan kishilarni mag‘firat qilishini so‘rarlar: «Parvardigoro, O‘zing rahmat-mehribonlik va ilm jihatidan barcha narsadan kengdirsan. Bas tavba-tazarru’ qilgan va Sening yo‘lingga ergashgan kishilarni O‘zing mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin” (G‘ofir, 7). Bu muborak oyatdan ma’lum bo‘lishicha, farishtalarning rahm qilishi mo‘minlar uchun rahmat va mag‘firat so‘rashdan iborat.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu hadislaridan kelib chiqadigan xulosa shu: qarindoshlik aloqalarini mustahkamlashga ahamiyat berish Alloh taoloning rahmatiga erishishga intilish demakdir. Aksincha, bu masalaga beparvo bo‘lish Alloh taoloning rahmatiga bepisandlikdan darak beradi.
“Kutubi sitta” asosida
Sodiq NOSIR
tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Bir birodarimning qalbi notinch bo‘lmoqda. Shu birodarim nomidan ushbu savolni yo‘llamoqdaman. Bomdod namozi vaqtida imomlikka u kishidan boshqa tajvidi yaxshi kishi bo‘lmagani sababli, jamoatga namoz o‘qib bergan. Namozdan so‘ng bavosir kasalligi esiga tushib, tahoratxonaga borib qarasa, kiyimida qonni ko‘rib qolibdi. U qon namozdan oldin chiqqanmi yoki keyin, buni aniq bilolmayapti. Endi o‘qilgan namozimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi, jamoatga: “Namozingizni qayta qazo qilib o‘qib qo‘ying”, deb aytaymi-yo‘qmi, bilmay turibman, deb ko‘ngli notinch bo‘lmoqda. Buning hukmi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Kishi kiyimida najosat ko‘rib qolib, uning qachon tekkanini bila olmasa, ko‘rgan vaqtidan boshlab tekkan hisoblanadi. Ammo bu hukm tashqaridan tekkan yoki tashqaridan tegishi ehtimoli bor bo‘lgan najosatlarga tegishli. Agar qon yoki yiring o‘zining badanidan chiqqani aniq bo‘lsa, bunda kiyim najosat bo‘lish bilan birga tahorat ham ketgan bo‘ladi. Ko‘rgan paytda qon yoki yiring qotgan holatda bo‘lsa, u avvalroq chiqqan hisoblanadi. Agar ho‘l holatda bo‘lsa, hozir chiqqan hisoblanadi. Demak, birodaringiz qonni ko‘rgan vaqtda, u ho‘l holatda bo‘lsa, namozni qayta o‘qish shart emas. Agar qon qurib qolgan bo‘lsa, birodaringiz namozni qayta o‘qishi lozim. Jamoatga kelsak, qaraladi, agar ularga aytilsa, fitnaga sabab bo‘lsa, ularga bu haqida aytilmaydi. Balki imom o‘zi qaytib o‘qiydi va istig‘for aytadi. Jamoatning namozi durust bo‘lgan hisoblanadi. Lekin jamoatga bu haqida aytsa, fitna va ixtilof chiqmaydigan bo‘lsa, u holda ularga ham bu haqda aytib qo‘yish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi