Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar: “Alloh taolo rahmli insonlarga rahm qiladi. Yer yuzidagilarga mehrli, shafqatli bo‘ling, osmondagilar sizlarga rahm qilishadi. Rahm (qarindoshlik aloqalari) Rahmonga yaqindir. Kim qarindoshlikni bog‘lasa, Alloh taolo u bilan (rahmat rishtasini) bog‘laydi. Kim uni uzsa, Alloh taolo ham undan (rahmat rishtasini) uzadi” (Abud Dovud va Termiziy rivoyati).
Sharh: Ushbu hadisda kimga nisbatan rahm ko‘rsatish aniq aytilmagan. Ya’ni, “odamlarga”, “mo‘minlarga” “solihlarga” yoki “faqirlarga” degan qayd yo‘q. Shunday ekan, bu hadisdan butun maxluqotga nisbatan rahm-shafqat ko‘rsatish lozimligi kelib chiqadi. Ya’ni, yer yuzidagi yaxshi-yomon barcha insonlarga, xonaki-vahshiy butun hayvonlarga ko‘rsatiladigan marhamat Rahmon – rahmati cheksiz Alloh taolo rozi bo‘ladigan amallardandir. Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rahmdil bo‘lmaguncha (komil) musulmon bo‘lolmaysiz”, deb marhamat qilganlarida sahobiylari: “Ey Allohning rasuli, hammamiz rahmlimiz”, deb javob berdilar. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Bu o‘rinda biringizning do‘stiga ko‘rsatadigan rahm-shafqat emas, barcha insonlarga va hayvonlarga ko‘rsatiladigan marhamatni ko‘zda tutyapman”, dedilar».
Marhamatlilarga Alloh taoloning ham rahm qilishi deyilganida, ularga ehsonini mo‘l-ko‘l qilib berishi va ko‘pgina ne’matlar ato etishi tushuniladi. Ammo ko‘rsatiladigan rahm-shafqat Qur’on va sunnat asosida bo‘lishi zarurligini ham bilib qo‘yish kerak. Zero, Alloh taolo roziligiga ters tushadigan, sunnatga to‘g‘ri kelmaydigan marhamat va shafqat bu yerda maqtalgan sifatga kirmaydi.
“Osmondagilar”dan maqsad farishtalardir. Chunki ular mo‘minlarga istig‘for so‘rab turadilar. “Arshni ko‘tarib turadigan va uning atrofidagi (farishta)lar Parvardigorlariga hamdu-sano aytish bilan (U zotni barcha aybu nuqsonlardan) poklab-tasbeh ayturlar va U zotga imon keltirurlar, hamda imon keltirgan kishilarni mag‘firat qilishini so‘rarlar: «Parvardigoro, O‘zing rahmat-mehribonlik va ilm jihatidan barcha narsadan kengdirsan. Bas tavba-tazarru’ qilgan va Sening yo‘lingga ergashgan kishilarni O‘zing mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin” (G‘ofir, 7). Bu muborak oyatdan ma’lum bo‘lishicha, farishtalarning rahm qilishi mo‘minlar uchun rahmat va mag‘firat so‘rashdan iborat.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu hadislaridan kelib chiqadigan xulosa shu: qarindoshlik aloqalarini mustahkamlashga ahamiyat berish Alloh taoloning rahmatiga erishishga intilish demakdir. Aksincha, bu masalaga beparvo bo‘lish Alloh taoloning rahmatiga bepisandlikdan darak beradi.
“Kutubi sitta” asosida
Sodiq NOSIR
tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Ma’lumot o‘rnida, 30 iyundan e’tiboran respublikamizdagi quyidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinmoqda:
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti (Bakalavriat, Magistratura va Modul ta’lim tizimi);
Mir Arab oliy madrasasi;
Hadis ilmi maktabi;
Imom Termiziy nomidagi islom instituti;
Barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari.
Eslatma: Hujjat qabuli bugun soat 18:00 gacha davom etadi. Muhlat tugashiga oz vaqt qolganini inobatga olib, abituriyentlardan hujjat topshirish jarayonini kechiktirmasliklarini so‘rab qolamiz!
Abituriyentlar o‘zlariga eng yaqin joylashgan diniy ta’lim muassasasining Qabul hay’ati orqali respublikadagi istalgan diniy ta’lim muassasasiga hujjat topshirishlari mumkin.
1. Bakalavriat bosqichi uchun:
Muassasa rektori nomiga ariza;
Pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
O‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlaganligi haqida diplom va ilovasi nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (oq fonda, oxirgi 3 oyda olingan). (Xorijiy diniy ta’lim muassasasini tugatgan va nostrifikatsiyadan o‘tgan diplomga ega O‘zR fuqarolari ham topshirishlari mumkin).
2. O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari uchun:
Muassasa rahbari nomiga ariza;
Pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
Attestat yoki diplom nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona fotosurat;
Chet tili bo‘yicha kamida B2 darajasidagi sertifikat nusxasi (mavjud bo‘lsa — imtihonsiz maksimal ball beriladi).
3. Magistratura bosqichi uchun:
Rektor nomiga ariza, pasport/ID nusxasi va 6 dona fotosurat;
Oliy diniy ta’lim muassasasi diplomi va ilovasi nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
Arab tili bo‘yicha kamida C1 darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikat (maksimal ball beriladi).
4. Modul ta’lim tizimi uchun:
Ariza, pasport/ID nusxasi, 6 dona fotosurat;
O‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi diplomi va ilovasi asl nusxasi;
O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilidan (qoziyot/vakillik) tavsiyanoma;
Tasdiqlangan mehnat daftarchasi nusxasi.
To‘lov haqida: Test sinovlarida ishtirok etish uchun BHMning yarim baravari (1/2) miqdorida to‘lov undiriladi.
Joriy yilda maktab, litsey yoki kollejni tamomlaganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va to‘liq davlat ta’minotidagi abituriyentlardan to‘lov undirilmaydi.
Fursatni boy bermang, hujjatlaringizni topshirishga shoshiling!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati