Inson hayotini birdek ravon, musibatlarsiz o‘tishini istaydi. Shu sababli, ba’zilar boshiga biror kulfat yetsa tushkunlikka tushadi, noumid bo‘lib nima qilishni bilmaydi. Ba’zilar bu musibatlarning yechimini topa olmaganidan siqilib folbinning huzuriga boradi, boshqasi esa ichkilikka beriladi. Natijada, o‘ziga ham, yaqinlariga ham zarar yetadi.
Har bir banda hayoti davomida turli qiyinchilik va musibatlarga duch keladi. Chunki bu hayot sinov va imtihonlardan iborat. Bu haqda Qur’oni karimda bunday ma’lum qilinadi: «Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz» (Baqara surasi, 155-oyat).
Darhaqiqat, Alloh taolo qiyinchilik va musibatlar orqali imonimizni sinaydi. Mol-mulkning kasodga uchrashi, bemor bo‘lish, o‘qish yoki ishdagi muvaffaqiyatsizlik kabilarning barchasi sinovdir. Ushbu oyat har qanday kishiga ham musibat yetishi mumkinligiga dalolat qiladi. Biror bandaga yetgan musibat Alloh taolo u bandani yomon ko‘rganidan emas yoki aksincha, bandaga yetgan ne’mat u bandani Alloh yaxshi ko‘rganidan ham emas. Alloh taolo o‘zi xohlagan bandasini goh yaxshilik bilan, ba’zan qiyinchilik bilan sinaydi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmonga qay bir musibat: charchashmi, bemorlikmi, tashvishmi, xafachilikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki tikan kirishmi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qilur”, dedilar» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Alloh taolo bandalarini yaxshilik bilan ham, yomonlik bilan ham imtihon qilishini, har bir ish faqat Uning irodasi bilan bo‘lishini bilgan musulmon musibatlarda o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi. Chunki Qur’oni karimda musibatlarning oson yechimi ochiq-oydin bayon qilingan:
«...(Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey Muhammad)! Ularga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar» (Baqara surasi, 155–156-oyat).
Musibat yetganida Allohni eslash, istig‘for so‘rash va O‘zidan umidvor bo‘lish musibatning yechimidir.
Yunus (alayhissalom) ana shu yo‘l bilan musibatdan forig‘ bo‘ldilar. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Zunnun (Yunus)ning (o‘z qavmidan) g‘azablangan holda (qishlog‘idan chiqib) ketib, Bizni unga qarshi chiqa olmaydi, deb o‘ylagan paytini, so‘ng (Biz uni baliq qorniga tashlaganimizdan keyin) qorong‘i zulmatlar ichra: “Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qiluvchilardan bo‘ldim”, deb nido qilgan (paytini eslang!) Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik va uni g‘amdan qutqardik. Biz mo‘minlarga mana shunday najot berurmiz» (Anbiyo surasi, 87–88-oyat).
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.