Kecha, 16 yanvar kuni O‘zbekiston Haj delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligiga jo‘nab ketdi. Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj ishlari vaziri Solih Bantin taklifiga asosan “Haj–2018” mavsumining tashkiliy ishlarini kelishib olish maqsadida, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘tkirbek Hasanboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov, Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri Jaloliddin Nuriddinov va Toshkent islom universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Hamidbek Hasanovdan iborat delegatsiya kecha Jidda shahriga yetib borishdi.
Safar davomida O‘zbekiston haj delegatsiyasi bilan Saudiya Arabistoni Haj ishlari vazirligi va mutasaddi tashkilotlar o‘rtasida “Haj–2018” mavsumining tashkiliy ishlari muhokama qilinadi. Shu yo‘nalishlarda, Saudiya Arabistonining Makka, Madina va Jidda shaharlarida joriy yil Haj mavsumida Vatanimiz hojilariga xizmat qiluvchi idoralar va muassasalar rahbarlari bilan hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Bizni kuzatishda davom eting, ushbu safar jarayonlari, yangiliklar va o‘zgarishlar haqida batafsil yoritib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Kecha, 13 noyabr kuni Namangan shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar imom-xatiblari hamda rasmiy otinoyilar ishtirokida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining «Ey bandalarim...» Bir qudsiy hadis sharhi, «Fiqh va aqidaga oid ixtilofli masalalar yechimi», «Yoshlarga nasihatim», hamda Norin tumani G‘oyib Buva jome masjidi imom-noibi Ikrom Muhammad Umarning «Baraka sirlari» nomli kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.
Kitob taqdimotida viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov tomonidan ushbu asarlar ayni damda juda dolzarb ekanligi, bu kitoblardagi mavzular dinimizning asoslari, hukmlar, odoblari haqida hadislardan olinadigan hikmat va foydalar haqida keng ma’lumotlar berilganligini ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, ushbu kitoblar mutolaasida, keng ommaga jonli, ta’sirchan yetkazishda viloyatdagi barcha diniy soha xodimlar faol bo‘lishlari, dinimizni to‘g‘ri tushunishlikda xalqimizga foydali bo‘lishini ta’kidlab o‘tildi. Ayniqsa, dushanba va payshanba kunlaridagi masjidlarda olib borilayotgan mav’izalarda mutolaasini doimiy monitoring qilib borilayotganiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Diniy soha xodimlarining kasb-mahoratlarini oshirishlikda yangi chop etilgan kitoblar barcha yig‘ilganlar uchun yanada foydali ekanligini so‘zga chiqqan hamkasblar ham e’tirof etishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati