Movarounnahr ulamolari
Muhammad Ikrom ibn Abdussalom Buxoriy XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Buxoroning ko‘zga ko‘ringan ziyolilaridan biri edi. U 1855 yili Buxoroning Galaosiyo tumani Bog‘ikalon qishlog‘ida dunyoga keladi. Boshlang‘ich maktabdan so‘ng 1860-1880 yillari Badalbek madrasasida o‘qiydi. Qozi Abdushukur ibn Abdurasul Buxoriydan tahsil oladi. Muhammad Ikrom Buxoriyni zamondoshlari va undan keyingilar Domla Ikromcha deb atashgan.
Domla Ikromcha Buxoroning Poyi Ostona guzarida yashagan va mudarris, qozi, sudur va muftiy sifatida tanilgan. Zamondoshlari uni: “Buxoro ulamolarining ulug‘i, mudarrislarning ustozi” deyishgan. “Tazkirat ash-shuaro”da Domla Ikromcha Mir Arab madrasasida, “Afzal at-tizkor”da esa “Abdullohxon” madrasasida dars bergani aytilgan. Namanganlik shayxulislom Inoyatulloh Langariy (1836-1899)1, taniqli adib Sadriddin Ayniy (1878-1954)2, O‘rta O‘siyo va Qozog‘iston musulmonlari diniya boshqarmasining raisi, muftiy Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon (1860-1957)3, andijonlik taniqli ulamo Hasanxon Maxdum Vosiliy (1898-1979)4 kabilar Domla Ikromchadan saboq olgan.
Domla Ikromcha 1894-1896 yillari buxorolik mudarris Muhammad Avaz Xo‘jandiy (vafoti 1907 y.) hamrohligida hajga borib qaytadi. Istanbul, Bag‘dod, Sheroz va boshqa shaharlarning o‘sha vaqtdagi taraqqiyotini ko‘rib ta’sirlanadi. Sadriddin Ayniy yozishicha, u Hijoz safaridan qaytishi bilanoq madrasalarda ta’limni isloh etishni yoqlab chiqadi.
1896 yili Buxoroga madinalik olim Shayx Sayyid Muhammad Ali Madaniy (1846-1904) keladi va Buxoroda olti oy turib qoladi. Domla Ikromcha undan hadis ilmi bo‘yicha saboq oladi.
Domla Ikromcha yangi maktablar ochish tarafdori ekani va ularni qo‘llab turgani ma’lum. U kichik o‘g‘li Abdurahmon maxdumni jadid maktabiga o‘qishga beradi. Katta o‘g‘li Habibulloh 32 yoshda bo‘lsa ham, ushbu maktabda o‘qitib oladi. Ba’zilar jadid maktablari yomon deb fatvo berib turgan paytda muftiy Domla Ikromcha ularda o‘qish durust ekanini tasdiqlab, fatvo chiqaradi.
1910 yil 6 avgustda jadid maktabida o‘qiyotgan bolalarni imtihon qilish, maktablarni yopish yoki ochiq qoldirish masalasi ko‘riladi. Buxoroning kattayu kichik aholisi hozir bo‘lgan majlisda Domla Ikromcha mudarris va talabalarga qarata: “Men bu maktabni Islom odobiga butunlay muvofiq deb topdim. Diniy tarbiya bu maktabda eski maktablardagidan ko‘p daraja ustun ekan. Islomiyat nuqtayi nazaridan bu xil maktablarni rivojlantirish lozim deb bilaman...” deya xitob qiladi5.
Shahar ulamolari Domla Ikromchaga ta’na-dashnomlar yog‘diradi. Aslida bunday noroziliklarining sababi Domla Ikromchaning bid’atlarni qoralab yozgan asari edi. Unda bid’atchilar tanqid ostiga olingan edi. Asarning to‘liq nomi “Iyqoz annoimin va i’lom aljohilin” (“G‘ofillarni bedor qilish va johillarni ogohlantirish”) bo‘lib, 1911 yili Buxoroda chop etiladi. Asar katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Ba’zilar muallif fikrlariga qarshi chiqsa-da, kitob oddiy odamlar, yoshlar va talabalarga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. U xalq orasida “Dar bayoni bid’aoti mashhura” (“Mashhur bid’atlar bayoni”) nomi bilan taniladi va xalqning ko‘zi ochilishiga samarali ta’sir qilib, ma’rifatparvarlarning bid’atlarga qarshi kurashiga yaxshi turtki beradi. Natijada Domla Ikromcha 1912 yili qozilik bahonasi bilan Buxorodan Peshkuga jo‘natiladi. Olim ikki yil Peshku va Qorako‘l tumanlarida qozi bo‘ladi.
1917 yil aprel oyi oxirlarida bir necha mutaassiblar muftiylarga jadid maktablari shar’an “joiz emas”ligi, jadidlar bilan muloqot qilmaslik kerakligi haqidagi fatvoga muhr bostirib olishadi. Domla Ikromcha bunga qarshi chiqadi va qushbegiga norozilik xati yozadi. Qushbegi va qozikalonning aralashuvi bilan hukumat Domla Ikromchani G‘uzor viloyatiga qozilik qilish bahonasida ikkinchi bor surgun qiladi. Shu bilan olimni jarayonlardan uzoqlashtirib, ta’sir kuchini kamaytirmoqchi bo‘lishadi.
1918 yilning mart-aprel oylarida bo‘lgan voqealardan so‘ng Buxoro hukumati Domla Ikromchani hibsga oladi. Olimning uy-joyi musodara etilib, barcha kitob va qo‘lyozmalari yondiriladi.
1920 yili Buxoro Xalq Respublikasi hukumati Domla Ikromchani oilasi bilan birga ozod qiladi. Olim Buxoroga taklif qilinib, adliya vazirligi noziri etib tayinlanadi. 1922 yili o‘lkada shar’iy qozilik mahkamasi tashkil etiladi. Domla Ikromcha mahkamaning birinchi raisi bo‘ladi. Olim 1925 yil, vafotidan bir necha oy oldin nafaqaga chiqadi.
Domla Ikromchaning ibratli hayoti va faoliyatini o‘rganish, har xil bid’at- xurofotlarning kelib chiqish sabablari, uning dinga, milliy-ma’naviy qadriyatlarga zarari bayon etilgan asarini tadqiq va targ‘ib etish dolzarb vazifalarimizdandir.
Hamidulloh AMINOV,
tarix fanlari nomzodi
1Abdurahim Muhammadxon o‘g‘li. «Inoyatulloh Langariy». «Hidoyat». 2009, 3-son. 21-b.
2 Hayot Ne’mati Samarqandiy. «Domullo Ikromchai haqgo‘ ki bud?» «Ovozi tojik». 2004 yil, 1 dekabr. 94-son.
3 Shamsiddinxon Boboxonov. «Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon». Toshkent, 2001. 22-b.
4 Maxdum Vosiliy. «Marhamat ilhomlari». Toshkent, 2002. 4-b.
5 Sadriddin Ayniy. «Ta’rixi inqilobi fikriy dar Buxoro». Tehron. “Surush”, 1381. 36-b.
Doktor Muhammad Rotib Noblusiy aytadilar: Amsterdamda yashovchi imom o‘g‘li bilan (11 yil mobaynida) tanigan va tanimagan kishilarga har juma "Jannatga boshlovchi yo‘limiz" nomli kichik bir risolani tarqatib chiqar ekan. Bir safar juma kuni xavo sovub, yomg‘ir tinimsiz yog‘di. Imom xasta bo‘lganligi bois namozga boraolmadi.
O‘g‘il otasidan jumaga yolg‘iz borishga izn so‘radi. Jala quyishiga qaramay bola qo‘lidagi kitoblarni tarqatib chiqdi. Tarqatayotgan kitobning oxirgisi qoldi va uni berish uchun tasodifan yo‘liqqan bir uyning eshigini taqillatdi. Ammo hech kim chiqmadi. Takror-takror taqillatdi, ammo yana javob bo‘lmadi. Yo‘lida davom etar ekan, negadir o‘sha uyning eshigini yana taqillatib, kitobni berib ketkisi kelaverdi. Endi bu safar eshikni qattiqroq urib, egasini chaqira boshladi. Eshik ochildi, undan o‘ta umidsiz va maxzun bo‘lgan bir ayol chiqdida, "eshitaman bolakay, nima yordam qilay" dedi. Bola dunyoni yoritar darajadagi nurli yuzi bilan tabassum qilib: "Uzr Onajon, bezovta qildim, lekin sizga bir gap aytay Alloh sizni yaxshi ko‘radi, shuning uchun meni sizga yubordi va men sizga ushbu kitobni bergani keldim" dedi. Umidsiz bo‘lib turgan ayol kitobni uning qo‘lidan olar ekan "bolajonim rahmat senga" deya kuzatdi.
Keyingi juma kuni namozdan so‘ng bir ayol "men Islomni qabul qildim" deya ovoz berdi. U ayol so‘zida davom etib: erim vafot etdi va meni yolg‘iz xolimda umidsiz qilib tashlab ketdi. O‘zimni osmoqchi bo‘lib, arqon va kursini olib keldim. Bo‘ynimga arqonni osib, endi kursini tepib yubormoqchi bo‘lgan edim, eshigimni kimdir taqillatib, chaqirib qoldi. O‘zimga-o‘zim eshikni ochmayman dedim. Lekin kimdir eshigimni tinimsiz taqillatar va hatto qattiq ura boshladi. Kim ekan dedimda, bo‘ynimdan arqonni olib, eshikni ochdim. Qarasam kichik bir farishta bola, menga tabassum qilib, o‘lik qalbimni tiriltiradigan bir gapni aytdi: "Onajon sizni Alloh yaxshi ko‘radi, shuning uchun meni sizga yubordi" dedida, "Jannatga boshlovchi yo‘limiz" degan risolani qo‘limga tutqazdi. Qaytib kirib, arqon va kursini joyiga qo‘yib, kitobni o‘qiy boshladim. Men eng baxtli ayolga aylandim, chunki men Allohni endi tanidim.
Ha azizlar! Bir-birimizni yaxshilikka chorlash barchamizning vazifamizdir. Qaranki kichik bir bola, bir ayolni dordan va do‘zaxdan qutqarib qoldi.
O‘zimizga bir savol beraylik, biz nima qildigu yoki nima qilyapmiz?!
Yahyo domla Ubaydulloh o‘g‘li tarjimasi
Olmazor tumani ''Imom at-Termiziy'' jome masjidi imom xatibi