Hanafiy mazhabining taniqli olimlaridan biri mufassir Abu Bakr Roziy al-Jassosning (917–980) “Ahkom al-Qur’on” asarida tafsir qilish usulining bir necha turlaridan foydalanganini ko‘ramiz. Shuni ta’kidlash lozimki, alloma va mufassir Abu Bakr Roziy va uning ilmiy merosini o‘rganish va tadqiq etishga sobiq sho‘rolar davrida e’tibor berilmagan. Bugungi kunda bu allomaning hayoti va ilmiy merosiga nafaqat yurtimiz olimlari, balki musulmon olamining ko‘pgina ilmiy markazlari va yevropolik tadqiqotchilar ham katta qiziqish bilan qaramoqda.
Abu Bakr Roziy al-Jassos taniqli alloma va mufassir ekanini “Ahkom al-Qur’on” (Qur’on hukmlari) tafsirida qo‘llangan bir qancha tafsir usullardan ham bilib olishimiz mumkin. Abu Bakr Roziy al-Jassosning hayoti va ilmiy faoliyati siyosiy va ijtimoiy munosabatlar keskin tus olgan bir davrga to‘g‘ri kelgani bois turli oqim va maktablarga munosabat bildirishi tasodif emasligini inobatga olish darkor. Shu bois alloma Jassosning fiqhiy masalalar yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalari va qarashlarini tafsir ilmi orqali berishga harakat qilishi bugungi kunga qadar islom dini tarixi va manbashunosligi tadqiqotchilari diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb etib kelmoqda. Ma’lumki, Qur’oni karimda muayyan masala yoki hodisa munosabati bilan biron o‘rinda qisqacha izoh berilsa, boshqa bir o‘rinda unga kengroq va batafsil to‘xtalingan yoki bir oyatda kelgan hukmni boshqa oyatda nasx qilinishini uchratamiz. Bunday holatlar Qur’oni karimda ko‘p uchraydi. Shuning uchun Qur’oni karimni tafsir qilayotgan mufassir, birinchi navbatda Qur’onni puxta bilishi hamda bir mavzudagi oyatlarni to‘plab, ularni bir-biriga solishtirib ko‘rishi va shu oyatlar mazmun-mohiyatini tushunishda mujmallikka yo‘l qo‘ymasligi lozim. Agar shunday yo‘l tutilsa, Allohning oyatda ko‘zda tutgan maqsadini U zotning o‘zidan kelgan hukm vositasida tushungan bo‘ladi va bunday tafsir usulini Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilish deb ataladi. Har bir mufassir bunday tafsir usulidan foydalanmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqa tafsir usuliga o‘tib ketishga haqqi yo‘q, chunki ilohiy so‘z egasi o‘z so‘zining ma’nosini o‘z bandalaridan yaxshiroq biladi.
Tarixiy va ilmiy manbalarga murojaat qilinsa, Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilish usulini eng birinchi Payg‘ambar alayhissalomning o‘zlari qo‘llaganlar. Butun bashariyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga yuborilgan Payg‘ambar alayhissalom o‘zlariga nozil bo‘lgan oyatlarni tushuna olmagan sahobalariga boshqa oyatlar bilan sharhlab berar edilar. Masalan, “Imon keltirgan va imonlariga zulm (shirk) ni aralashtirmaganlar...” (An’om surasi 82-oyat) oyati nozil bo‘lganda, sahobalar qaysi birimiz zulm qilmagan, deb mahzun bo‘lishdi. Shunda Rasululloh mazkur oyati karimada keltirilgan zulm so‘zi ular o‘ylagan zulm emasligini, balki shirk ma’nosida qo‘llanganini bildirganlaridan keyin bu oyatni yanada kengroq tushunishga yordam berish uchun, “Eslang, Luqmon o‘g‘liga nasihat qilib, degan edi: “Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki, shirk ulkan zulmdir" oyatini o‘qidilar.
Mufassir Abu Bakr Roziy Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilishga alohida e’tibor qaratib, bir-biriga o‘xshash oyatlarni jamlab, bir-biriga solishtirishga harakat qilgan: fiqh va hukmga oid oyatlarda ham yoki boshqa bir ma’noga aloqador barcha oyatlarni sharhlashda shunday tafsir usulidan kengroq foydalanishgan. Shundan kelib chiqqan holda, Abu Bakr Roziyning Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilish usulini ikki qismga ajratish mumkin bo‘ladi:
Bundan tashqari, mufassir alloma tafsir qilayotgan biron oyatdagi lafzning lug‘aviy ma’nosini tushuntirish va unga izoh berishda Qur’on karimning o‘zidan hujjat-dalil keltirishi “Ahkom ul-Qur’on” tafsirida ko‘p o‘rinlarda uchrab turadi. Masalan, Baqara surasining 234-oyatini sharhlashda undagi “yatarabbasna” (يتربصن) lafzining ma’nosi “bir narsani kutish” ekanini keltirib, huddi shu lafz shu ma’noda ishlatilganini Mo‘minun surasining 30-oyati, Tavba surasining 98-oyati va Tur surasining 30-oyatlarini dalil sifatida keltirib o‘tadi[8]. Shuningdek, Baqara surasining 236-oyatidagi “yoki” ma’nosini anglatuvchi “av” (أو) zidlovchi yuklamasi ba’zi oyatlarda “va” ma’nosini ham anglatib kelishini bildirib, unga Inson surasining 24-oyati, Niso surasining 43-oyati, Soffot surasining147-oyati hamda An’om surasining 146-oyatini dalil qilib ko‘rsatadi va bu oyatlarda ham o‘sha lafz “yoki” emas, balki “va” ma’nosida kelganini tushuntiradi.
Mufassir Abu Bakr Roziy Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilishda ko‘p o‘rinlarda mavzuiy tafsir usulidan foydalanadi, ya’ni tafsir qilinayotgan oyat mavzusidagi yana boshqa oyatlarni keltirish bilan kifoyalanadi. Shu boisdan bir mavzu yoki atamaga oid oyatlarni keltirish o‘sha mavzu yoki atamani to‘liqroq va yaxshiroq tushunishga omil vazifasini bajaradi.
Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, mufassir sharh berayotgan biron oyatga ayni shu oyatdan olinadigan hukmlardan kelib chiqqan holda sarlavha qo‘yilganini ham uchratamiz. Masalan, “Xavf namozi bobi”, “Ilmni yashirishdan qaytarilganlik bobi”, “Ota-onaga yaxshilik bobi”, “Payg‘ambarga itoat etish lozimligi bobi”, “Sadaqani minnat qilish bobi” va boshqalar. Agar sarlavha qo‘yilgan oyatga o‘xshash boshqa oyatlar mavjud bo‘lsa, ularni ham shu o‘rinda keltirib, qisqacha va muxtasar holda sharhlab o‘tilgan. Masalan, Baqara surasining 159-oyatida “Ilmni yashirishdan qaytarilganlik” nomi ostida alohida sarlavha berilib, unda ilmni yashirishga doir oyatlar – Baqara surasining 174-oyati va Oli Imron surasining 187-oyatlari keltirilgan. Shuningdek, qasosga oid oyatning sharhida “Qasddan o‘ldirilgan kishining valiysiga vojib bo‘ladigan narsalar” nomli sarlavha ochilib, unda qasosga taalluqli barcha oyatlar – Baqara surasining 178-oyati va 194-oyati, Moida surasining 45-oyati, Isro surasining 33-oyati va Nahl surasining 126-oyati keltirilgan. Bunday misollar “Ahkom ul-Qur’on” tafsirida ko‘plab keltirilganini uchratish mumkin.
Shunga qaramasdan, mufassir Abu Bakr Roziy o‘z tafsirida bunday yo‘l tutmasdan, ya’ni sarlavha qo‘ymasdan tafsir qilgan mavzular ham uchraydi. Tafsir bilan tanishish davomida bunday holatlarni osonlik bilan aniqlab, ularning mavzusiga qarab sarlavha qo‘yish mushkullik tug‘dirmaydi.
Masalan, Niso surasining 28-oyati sharhida alohida sarlavha qo‘yilganini ko‘rmasak ham, ammo shu oyat mazmuni va uni sharhlash davomida keltirilgan oyatlar mazmunidan kelib chiqqan holda unga “Dinda qiyinchilik va mashaqqatning yo‘qligi” deb sarlavha qo‘yish mumkin. Zero, oyat sharhida berilgan oyatlar – A’rof surasining 157-oyati, Baqara surasining 185-oyati va Oli Imron surasining 28-oyatlarining barchasi aynan shu mavzuga oid ekanini bilish qiyin emas. Xuddi shu suraning 5-oyati sharhida ham xuddi shunday holat ko‘zga tashlanadi. Bu oyat tafsirida ham alohida sarlavha qo‘yilmagan bo‘lsa ham, ammo oyat mazmuni va uning sharhida keltirilgan oyatlar mazmunidan kelib chiqqan holda unga “Mol-mulkni saqlashga buyurilganlik va uni zoye’ qilishdan qaytarilganlik” deb sarlavha qo‘yilsa xato bo‘lmaydi. Chunki mazkur oyat sharhida berilgan oyatlar – Isro surasining 26, 27 va 29-oyatlari, Furqon surasining 67-oyati va Oli Imron surasining 159-oyatlari ham aynan shu mavzuga aloqador bo‘lgani uchun shunday xulosa chiqarishga imkon beradi.
Umuman olganda, mufassir o‘z asarida Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilishga alohida e’tibor qaratib, Qur’ondagi bir-biriga o‘xshash oyatlarni bir o‘rinda jamlashdan tashqari xoh fiqhiy hukmlarga oid oyatlar bo‘lsin, xoh umumiy tafsirga oid oyatlar bo‘lsin, ularni bir-biriga solishtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Aksar tadqiqotchilar mashhur mufassirlardan biri Ibn Kasirni Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilgan mufassir deb hisoblashi ko‘pchilikka ma’lum[17]. Bu fikrni qo‘llab-quvvatlagan holda alloma Abu Bakr Roziyning Qur’on bilan Qur’oni tafsirlash usulidan foydalanishda mufassir Ibn Kasirdan qolishmasligini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Agar Abu Bakr Roziyning Ibn Kasirdan to‘rt asr oldin yashab o‘tganini ham inobatga oladigan bo‘lsak, Abu Bakr Roziy Qur’oni karimni tafsir qilishda bu usulni qo‘llagan ilk mufassirlardan biri degan xulosaga kelish o‘rinli bo‘ladi.
Burhoniddin AHMЕDOV,
tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Abdurrazzoq San’oniy aytadi: Ali ibn Husayn roziyallohu anhum namoz uchun tahorat qilayotgan edi. Shu payt suv quyib turgan joriya qo‘lidan obdasta tushib ketib, uning yuziga ozgina shikast yetkazdi. Ali ibn Husayn boshini ko‘tarib, joriyaga qaradi. Joriya vaziyatni yumshatish maqsadida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qidi: “... G‘azablarini yutadigan...” (Oli Imron surasi, 134-oyat). Ali ibn Husayn roziyallohu anhum jimgina javob berdi: “G‘azabimni bosdim”.
Joriya oyatning davomini o‘qidi: “...odamlar-ni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir...”.
U kishi dedi: “Men seni afv etdim”.
Joriya oyatning oxirini o‘qidi: “Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.
Ali ibn Husayn roziyallohu anhum dedi: “Bor, sen Allox yo‘lida ozodsan”.
Abdulloh ibn Ato aytadi: “Ali ibn Husaynning bir g‘ulomi (quli) xatoga yo‘l qo‘ydi va jazoga loyiq bo‘ldi. Ali ibn Husayn qamchini oldi. So‘ng u zot bunday oyatni o‘qidi: “(Ey Muhammad!) Imon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (u sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay!” (Josiya surasi, 14-oyat).
Qul esa dedi: “Men bunday emasman, men Allohning rahmatidan umidvorman va uning azobidan qo‘rqaman”.
Ali ibn Husayn roziyallohu anhum qamchini tashlab yubordi va dedi: “Sen Alloh yo‘lida ozodsan”.
Muso ibn Dovud aytadi: Ali ibn Husayn xizmatkorini ikki marta chakirdi, u javob bermadi. Uchinchi marta chaqirgach javob qildi. Ali ibn Husayn unga dedi: “Ey o‘g‘lim, ovozimni eshitmadingmi?”.
Xizmatkor: “Eshitdim”, dedi.
Ali ibn Husayn so‘radi: “Nega javob bermading?”.
Xizmatkor: “Sizning shafqatingizga ishondim”, dedi.
Abdulg‘ofir ibn Qosim aytadi: Ali ibn Husayn masjiddan chiqib ketayotgan edi. Bir odam kelib uni haqorat qildi. Shunda Alining xizmatkor va qullari unga tashlanishdi.
Ali ibn Husayn ularni to‘xtatdi va bunday dedi: “Bas qilinglar, uning holatiga qaranglar”.
So‘ngra o‘sha odamga dedi: “Bizda siz bilmagan yana ko‘p narsalar bor. Agar sizga yordam kerak bo‘lsa, ayting, yordam beraylik”. O‘sha odam xatosini anglab, uyaldi va ortiga qaytdi.
Ali ibn Husayn uni yoniga chaqirib, o‘zi kiyib turgan chakmonini yelkasiga tashladi va ming dirham pul berdirdi.
Abu Ya’qub Muzaniy deydi: Hasan ibn Hasan bilan Ali ibn Husayn o‘rtasida bir oz noxushlik bo‘lib qoldi. Hasan bir kuni masjidda Ali ibn Husaynning yoniga keldi, uni turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Ali ibn Husayn esa unga bir og‘iz ham javob qaytarmadi.
So‘ngra Hasan chiqib ketdi. Kechasi u alining uyiga bordi va eshigini qoqdi. Ali ibn Husayn eshikni ochib chiqdi. Hasan unga:
- Ey aka, agar siz haqiqatan ham men aytganlarimdek bo‘lsangiz, Alloh meni mag‘firat qilsin. Agar men yolg‘onchi bo‘lsam, Allox sizni mag‘firat qilsin, dedi va ketdi.
Ali ibn Husayn ortidan borib, yetib oldi va uni og‘ushiga oldi. Ikkovi yig‘lab yuborishdi. Shunda Hasan:
- Qasamki, endi siz xafa bo‘ladigan biron ish qilmayman, - dedi.
Ali esa unga: - Sen ham menga aytgan so‘zla ring uchun halollikdasan,- dedi.
Ibn Abi Dunyo rivoyat qiladi: Ali ibn Husaynning xizmatkori shoshgan holda oshxonadan temir pechni olib kelayotgan edi. Kutilmaganda temir pech tushib ketdi ketdi va narigi tomondan pastga tushib kelayotgan Ali ibn Husayn o‘g‘lining boshiga tegib, jarohat yetkazdi. Oqibatda u halok bo‘ldi. Mehmonlar bilan suhbatlashib o‘tirgan Ali ibn Husayn o‘rnidan sakrab turib, xizmatkorga dedi: “Sen ozodsan. Bu ishni qasddan qilmaganingni bilaman”. So‘ngra Ali ibn Husayn mayyitni dafn etish tadorigini ko‘rdi.
Shayx Mahmud MISRIYning “Solih va solihalar hayotlaridan qissalar”
nomli asaridan Ilyosxon AHMЕDOV tarjimasi.