Ba’zan ayollarga xos muhim masalalarda savollar tushadi. Jumladan, idda va uning mohiyati haqida bilishni istaganlar ko‘p.
«Idda» so‘zi lug‘atda «sanash», «hisoblash» ma’nolarini bildiradi. Shariatda esa, eri vafot etgan yoki eridan ajrashgan ayol turmush qurmay turishi lozim muddat “idda” deyiladi.
Iddaning hikmati: birinchidan, eridan ajragan ayol homiladormi-yo‘qmi aniqlanadi, bu bilan nasl aralashib ketishi oldi olinadi. Ikkinchidan, o‘lgan erning hurmati bajo keltiriladi. Uchinchidan, er bilan birga o‘tkazilgan oila hayotining hurmatidan ham idda o‘tiriladi.
Angliyalik olimlar bir erkak bilan yashab turib, orada tanaffus qilmay ikkinchi er bilan yashay boshlagan ayollarning bachadonlarida og‘ir kasallik paydo bo‘lishini ilmiy jihatdan isbot qilishdi.
Alloh taolo marhamat qiladi:
«Taloq qilingan ayollar, o‘zlaricha uch quru’ kutadilar. Ularga Alloh ularning bachadonlarida yaratgan narsani yashirishlari halol emas. Agar Allohga va oxirat kuniga imonlari bo‘lsa» (Baqara, 228).
Ushbu oyatda taloq qilingan hayz ko‘radigan ayolning idda muddati bayon qilingan. Oyati karimadagi «quru’» so‘zi poklik va hayz ma’nolarini anglatadi. Hanafiy mazhabimizda uning hayz ma’nosi olingan. Eridan ajralgan xotin iddasi taloqdan so‘ng uch hayz ko‘rib, uchinchi hayzidan pok bo‘lishi bilan tugaydi.
Alloh taolo ayollarning bachadonlarida yaratgan narsa homiladir. Ajralishgan mo‘mina-muslima ayol homilador bo‘lsa, homilam yo‘q, uch marta hayz ko‘rdim, deb boshqa erga tegib ketmasligi lozim.
Taloq surasining oltinchi oyatida bunday deyilgan:
«Ayollaringizdan hayzdan umidsiz bo‘lganlarining iddalari, agar shubha qilsangiz, uch oydir. Hayz ko‘rmaganlarining ham. Homiladorlarning belgilangan muddati homilalarini qo‘yishlaridir».
Yoshi o‘tgani tufayli hayz ko‘rishdan qolgan ayollarning taloqdan keyingi iddasi uch oy. Turli sabablarga ko‘ra hayz ko‘rmaydigan ayol eri bilan ajralishsa, uch oy idda o‘tiradi. Homilador ayol taloq qilinsa, ko‘z yorishi bilan iddasi chiqadi.
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda:
«Subay’a roziyallohu anho erining o‘limidan yigirma uch yoki yigirma besh kun o‘tib tug‘di. So‘ngra nikohlanmoqchi bo‘ldi. Bu narsa unga inkor qilindi. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ma’lum qilinganida: “Agar erga tegmoqchi bo‘lsa, muddati keldi”, dedilar», deyilgan.
Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:
«Qachon mo‘minalarni nikohlab olsangiz, so‘ng ularga (qo‘l) tegizmay turib taloq qilsangiz, siz uchun ular idda saqlash majburiyatida emaslar» (Azhob, 49).
Nikoh aqdidan so‘ng birga yashamay ajralishgan ayol idda o‘tirmaydi.
Baqara surasining ikki yuz o‘ttiz to‘rtinchi oyatida bunday deyilgan:
“Sizlardan vafot etib juftlarini qoldirganlarning ayollari o‘zlaricha to‘rt oy o‘n kun kutarlar”.
Eri o‘lgan har bir ayol umr yo‘ldoshi hurmati uchun to‘rt oy o‘n kun idda o‘tirishi vojib bo‘ladi.
O‘MI Matbuot xizmati
حدثنا أبو جعفر محمد بن علي الوراق نا عبيد الله بن محمد أبو محمد القرشي التيمي نا عبد الرحمن بن حماد نا حفص بن سليمان أنا طلحة بن يحيى بن طلحة عن أبيه عن طلحة بن عبيد الله قال: سألت رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم عن تفسير سبحان الله قال: فقال: هو تنزيه الله عن كل سوء.
Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamdan “Subhanalloh”ning tafsiri haqida so‘radim. U zot alayhissalom: “U Alloh taoloni har qanday nopoklikdan poklashdir”, dedilar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD