Mendan sal oldinroqda yosh ayol to‘rt-besh yoshlardagi qizini yetaklab borardi. Kutilmaganda qizcha onasining qo‘lidan chiqib, yo‘l chetidagi savdo rastasi tomon chopdi. «To‘xta, hoy, yiqilasan», degancha juvon qadamini tezlatdi. Qizcha sotuvga qo‘yilgan shirinliklardan birini oldi-da, onasiga o‘girildi: «Manuvni oberasiz!» Ayol xijolat bo‘lib u yoq-bu yoqqa qarab qo‘ydi-da, bolasiga tushuntirdi: «Hozir senga mumkinmas. Tomog‘ing og‘riyapti-yu…» Ammo gapi og‘zida qoldi, qizcha keskin «Yo‘q!» deb shirinlikni orqasiga berkitdi. Ularning oldidan o‘tib ketdim, ammo ancha joygacha qizchaning kaysarlik, injiqlik bilan aytgan so‘zlari, yig‘isi eshitilib turdi… Xayolimga onamning ajoyib nasihatlari, o‘gitlari keldi. Bolaligimizdagi manzaralarni esladim.
…Biror joyga borishdan oldin onam albatta: «Ko‘chada meni javratmaysiz, uni-buni olib ber deb xarxasha qilmaysiz. Mehmonga borganda, kattalar orasida o‘tirmay, tashqarida o‘ynaysiz. Dasturxonga tikilmanglar, uyat bo‘ladi», deb tayinlar edi. Agar aytganlarini bajarmasak, zimdan shunday qarash qilardilarki, u uyga qaytganimizdan keyin oladigan jazomizga ishora edi.
Mehmon kelishini yaxshi ko‘rmagan bola bo‘lmasa kerak. Uning hurmati uchun dasturxonga alohida noz-ne’matlar qo‘yiladi. Ayniqsa, onamning dadasi – Qozoqboy hoji opoqdadam kelganida dasturxonda tansiq ne’matlar ko‘payib ketardi. Biz bolalar salom berib, opoqdadam peshonamizdan o‘pganidan keyin kattalar o‘tirgan xonaga deyarli kirmas edik. O‘zimizga alohida dasturxoncha solib, shirinliklar bilan siylashardi. Lekin na ota-onam, na yaqin qarindoshlarning darvozadan kirib keliboq qo‘limizga biror yegulik yoki sovg‘a tutishganini eslay olmayman.
Yillar o‘tdi, o‘zimiz farzandli bo‘lganimizdan keyingina bu odatning hikmatini tushundim.
“Bolaga olib kelgan narsangni hech qachon ko‘chadan kiriboq qo‘liga tutma, – derdilar onam. – Kim kelsa, qo‘liga qaraydigan, mehmonniyam shuning uchun kutadigan bo‘lib qoladi. Hayotda har xil vaziyat bo‘ladi, kelgan odamdan sovg‘a olishga o‘rganib qolgan bola kattalarni xijolat qilib qo‘yadi. Ko‘cha-ko‘yda yurganida ham aytgan narsasini olib beraverma, hammaning ko‘z o‘ngida kavshanib yurmasin. Birinchidan, qo‘li toza bo‘lmaydi; ikkinchidan, har kimning nazari tushadi, yana eng yomoni, puling bormi, yo‘qmi, to‘g‘ri kelgan joyda istagan narsasini olib berolmasang, sharmanda qiladi… Odamning qorni to‘q bo‘lsayam, nazari och bo‘lsa, qorin quliga aylanadi. Bularni menga opoqdadang o‘rgatgan”.
Bolaligimda ayrim dugonalarim onasi bilan qo‘ni-qo‘shnining to‘yiga borsa, havasim kelardi. Chunki onam ayollar bilan yig‘ilib to‘yxonaga kirishdan oldin akam ikkalamizga: «Orqamdan kirmanglar, men sizni to‘yxonada ko‘rmay», deb tayinlar edi. Bu gapini ikki qilmaganmiz.
Bolalik-da, to‘yxonaga kirib shirinlikmi, pishiriqmi ko‘tarib chiqqan o‘rtoqlarimga havas qilgan paytlarim ham bo‘lgan. Hatto bir kuni yon qo‘shnimiz: «Odatingiz qursin, Malikaxon. To‘y dasturxoni elga yoziladi-da. Bolalaringizga ikkita qand olib chiqsangiz, birov urisharmidi?» deganida, zimdan onamning javoblarini kutganman. «Shu uyda boriga ko‘niksin. Bugun bitta qandni ortiqcha yesa, shoxi chiqarmidi?» deganlar.
Bolalarim yo‘lga kirar-kirmas, onam menga bunday tayinladi: «Mehmondorchilikdan cho‘ntagingga nimadir solib kelib, bolaga berma. Falon ishni bajarsang, uni olib beraman, buni olib beraman, deb va’da qilma – bola tamagir bo‘lib qoladi».
Bu nasihatlarni men onamdan eshitdim, onam opoqdadamdan, u kishi… Xullas, farzand odob-axloqini aziz deb bilgan xalqimizning aqliy, ma’naviy, tibbiy, ruhiy jihatlarni uyg‘unlashtirgan tarbiya usullaridan bitta misol bu.
Muhtarama ULUG‘OVA,
tayyorladi
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan bir janoza olib o‘tildi, shunda u zot alayhissalom: "Tin oluvchi va undan tin olinuvchi", dedilar.
"Yo Allohning Rasuli, tin oluvchi va undan tin olinuvchi nima?" deyishdi.
U zot alayhissalom: "Mo‘min banda (vafot etsa) dunyoning qiyinchiliklaridan istirohat oladi. Fojir banda (o‘lsa) undan bandalar, elu yurtlar, dov-daraxtlar va jonzotlar qutuladilar", dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Birortangiz vafot etganida unga o‘rni ertayu kech ko‘rsatib turiladi: agar jannat ahlidan bo‘lsa, jannat ahlidan ekani, do‘zax ahlidan bo‘lsa, do‘zax ahlidan ekani. "Alloh seni qiyomat kuni qayta tiriltirgunicha sening o‘rning mana shudir", deyiladi", dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilishgan).