Insoniyatni jaholat botqog‘idan hidoyat nuriga olib chiqqan buyuk zot – Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tavallud topgan muborak oy robiul avval oyi ham bir zumda o‘tib ketdi.
Suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan oyi munosabati bilan qo‘limga qalam olib, Rasulullohga bo‘lgan muhabbatimni izhor etishga urindim, ammo, buning chorasini topolmadim. Lekin noumid bo‘lmadim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbat qanday bo‘ladi degan o‘y-fikr hayolimdan ketmadi. Go‘yoki bir fikr meni savolga tutgandek bo‘laverdi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tarixlari yozilgan kitoblarni o‘qidingmi?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bir kunda necha marta salavot aytayapsan?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilyapsanmi?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tushda ko‘rishga harakat qildingmi?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni qalb bilan sevishga intildingmi?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qavliy va fe’liy hadislariga amal qilyapsanmi?
Bu fikr meni imtihon qilgandek edi. Menga bu savollarga javob berish qiyin bo‘ldi. Agar bularga mukammal amal qilganimda menga javob berish oson bo‘lardi, balki. Baribir, mening xayolimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan sof va haqiqiy muhabbat qandayligini bilish turardi. Alloh va uning Rasuliga bo‘lgan muhabbat birinchi turishini bilardim. Ammo bu muhabbat qanaqa va qanday bo‘lishini bilishga intilardim. Buni qidirib Allohning kalomi Qur’onni qo‘limga olib birinchi bo‘lib mana bu oyatga ko‘zim tushdi. “Sen: “Agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas, menga ergashing. Alloh sizga muhabbat qiladir va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladir”, deb ayt. Alloh G‘afur va Rohiymdir” (Oli Imron surasi, 31-oyat).
Hashr surasida Payg‘ambar sizga nimani bersa, o‘shani olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar (7-oyat); Qalam surasining 4-oyatida “Va albatta, sen ulkan xulqdasan” deyilgan oyatlarni o‘qiganimdan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari yodimga tushdi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizdan birortangiz men unga ota-onasidan, bolasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha, (komil) mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar”.
Bu oyat va hadislardan xaqiqiy muhabbat – Alloh va uning Rasuliga bo‘lgan muhabbat tushuniladi. Demak, bu oyat va hadislardan anglaymizki, ota-ona, farzand va barcha insonlardan ham Alloh va uning Rasulini yaxshi ko‘rishlik birinchi turar ekan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbat tilda emas, balki amal va qalb birlashsagina ro‘yobga chiqar ekan. Bizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rmasdan iymon keltirganmiz, lekin, bizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tushda ko‘rish ne’mati berilgan. Bu ne’matlardan unumli foydalanib, sunnatlariga amal qilsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatimiz ziyoda bo‘ladi.
Xayrulloh MARDONOV
Buxoro viloyatida yangi jome masjidlarini barpo etish va obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov Kogon shahri va Kogon tumanida qurilayotgan ikki masjidda bo‘lib, qurilish ishlarining borishi bilan tanishdi.
Dastlab Kogon tumanidagi “Xo‘ja Ka’bul Axbor Vali” jome masjidining yangi binosida olib borilayotgan qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi. Tashrif davomida mas’ullar bilan qurilish jarayoni muhokama qilinib, ishlarni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish yuzasidan tegishli tavsiya hamda takliflar berildi.
Loyihaga ko‘ra, yangi masjid xonaqohi va keng hovlisi bilan birgalikda 1000 nafardan ziyod namozxonni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Majmua tarkibida muhtasham gumbaz, zamonaviy tahoratxonalar, ma’muriy binolar, yangi darvoza, avtoturargoh hamda ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar barpo etiladi. Shuningdek, masjid hududidagi tarixiy hovuz va qadimiy quduqni restavratsiya qilish ishlari ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng Kogon shahrida barpo etilayotgan “Hazrati Bilol” jome masjidida ham qurilish ishlarining borishi o‘rganildi. Mas’ullarga qurilish sifatini yanada oshirish, me’moriy yechimlarga alohida e’tibor qaratish va ishlarni o‘z vaqtida yakunlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Loyihaga muvofiq, mazkur masjid sharqona milliy me’moriy uslubda qurilib, 900 nafar namozxonga mo‘ljallanadi. Majmuada kutubxona, omborxona, 20 kishilik tahoratxona, ma’muriy xonalar, baland gumbaz, ikki peshtoqli kirish darvozasi hamda balandligi 33 metr bo‘lgan minora barpo etiladi. Shuningdek, avtoturargoh, hovuz va yashil hududlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Qayd etilganidek, qurilish ishlari masjidlarning hisob raqamlariga tushayotgan mablag‘lar hamda saxovatpesha homiylarning xayriyalari asosida amalga oshirilmoqda.
Yangi masjidlar yurtimizda diniy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlash, aholiga munosib ibodat sharoitlarini yaratish va milliy me’morchilik an’analarini asrab-avaylashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Alloh taolo ushbu xayrli bunyodkorlik ishlarini barakali qilib, ularning muvaffaqiyatli yakun topishini nasib etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati