RamazonoyidayurtimizgaAllohtaoloningrahmatiyog'ildi. Mo'min-musulmonlarsubhidamdasaharlikdasturxonidanturibibodatgakirishdi. Fayzli oqshomlarda esa iftorlik qilib,
qalb rohati – taroveh namozini ado etishdi. Alloh taolo farz qilgan zakotlar ado etildi, fitr sadaqasi hamda fidyalar berildi.
Allohga behisob shukr, bu yilgi Ramazon kunlari va tunlari juda fayzli va maroqli o'tdi. Ayniqsa, bu mohi sharifning muborak ayyomlarini g'animat bilib, qo'ldan kelganicha ro'za tutib, nafs tarbiyasi bilan mashg'ul bo'ldik. Hadisi sharifga amal qilib, tilni yolg'on, g'iybat va behuda gaplardan tiyish, tana a'zolarini turli gunoh va ma'siyatlardan saqlashga harakat qildik. Qutlug' oyda 1,5 mingdan ortiq jomeda Qur'oni karim xatm qilindi. Muxlis xalqimiz Haq taolo Kalomiga some' bo'ldi. Ulamolarimiz va imom-xatiblarimiz namozxonlarga bu oyda ko'proq va'z-nasihatlar qilishdi. Bunday saodat Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar mevasidir, desak, ayni haqiqatdir.
Joriy Ramazon oyi xalqimiz uchun esda qolarli va mehr-muruvvat, xayru saxovatga boy o'tdi. Yurtimiz bo'ylab har bir mahallada muhtoj oilalar va beva-bechoralar, etimlar holidan xabar olinib, ularga iftorlik dasturxonlari yozildi, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Bunday ezgu ishlardan yana biri Yurtboshimizning g'amxo'rligi va qo'llab-quvvatlovi bilan kam ta'minlangan, boquvchisini yo'qotgan, ehtiyojmand oilalar hamda nogironligi bo'lgan shaxslarning 1400 nafari umra ziyoratini ado etib qaytdilar. Bu yaxshiliklar qatorida hududlarda o'nlab masjidlar yangidan ish boshlagani minglab namozxonlarning quvonchiga sabab bo'ldi.
Albatta, bunday ulug' ne'matlarning qadriga etib, dinimiz ravnaqi yo'lida qilinayotgan ishlarni Alloh taoloning ulug' marhamati deb qabul qilishimiz, buning shukronasini hamisha ado etishimiz lozim.
Hayit kunlari mahallalar, xonadonlar toza-ozoda holga keltiriladi. Qarindosh-urug'lar, etimlar, bevalar, keksa va imkoniyati cheklangan insonlar, bemorlar holidan yana bir karra xabar olinib, ularning ko'nglini ko'tarish, og'irini engil qilishga ko'mak lashiladi.
Ramazon hayitini dunyo musulmonlari qatori yurtimiz ahli ham katta shodiyona va xursandchilik ila o'tkazadi. Ushbu kun Yaratgan egamning rahmati Yer yuziga yog'iladigan, qalblar zavqlanadigan, ro'zadorlarga ajrlar beriladigan ajoyib fursat.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir qavmning o'z bayrami bor, bu – Iyd kuni bizning bayramimizdir”, deb marhamat qilganlar.
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh “Fathul Boriy” asarida shunday degan: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”.
Alloh taologa qilingan toat-ibodatlar, U zotning bandalariga ko'rsatgan rahmatu mag'firati tufayli xursandchilik izhor qilish uchun bir munosabatdir. Alloh taolo o'z Kalomida: “Allohning fazli va rahmati ila. Ana shu bilan xursand bo'lsinlar. U ular jamlaydigan narsalardan yaxshidir”, deb ayt”, deb marhamat qilgan (Yunus surasi, 58-oyat).
Allohning fazlidan xursand bo'lish ham U zotga qurbat sanaladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Farz amallaridan keyin Allohga eng mahbub amal mo'minning qalbiga xursandchilik kirgizishdir”(Imom Buxoriy rivoyati), deganlar.
Har bir mo'min-musulmon uchun Robbining ibodatini ado etish chinakam baxtu saodatdir. Ramazon oyida har kungi saharlik va iftor paytlarida ommaviy axborot vositalari, xususan, radio va televideniye kanallari orqali ulamolarimizning chiqishlari muntazam berib borilgani xalqimiz ma'naviyati, ma'rifati yo'lida har qanday ulug'vor tadbirdan ham ko'ra samaraliroq ta'sirga ega bo'ldi, desam aslo yanglishmagan bo'laman.
Albatta, o'zagini “adab” tushunchasi tashkil etadigan adabiyot namoyandalari – yuksak adab sohiblarining tafakkuridan, qalb qo'ridan dunyo ga kelgan asarlar ham xalqimiz milliy tafakkuri yuksalishida nechog'li ahamiyatga molik ekanini inkor etib bo'lmaydi.
O'zbek ziyolilarining, tafakkur sohiblarining minbari bo'lib kelgan “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi diniy yo'nalishlarga endi-endi izn berilayotgan kezlarda ham Islom ma'rifatiga xizmat qiladigan maqolalarga bag'rikenglik va dadillik bilan joy berganini, diniy ulamolarimiz bilan suhbatlar uyushtirilganini barchamiz yaxshi eslaymiz. Muborak hadislarni satrlarga solgan she'riyat mulki sultoni Alisher Navoiy bobomizning e'tiqodu iymonda sobitligi ham barchamizga o'rnak ekanini inobatga oladigan bo'lsak, milliy adabiyotimizning Islom ma'naviyati, ma'rifati yo'lidagi beqiyos xizmatlarini tasavvur etish qiyin emas. Ul zotning “Nazm ul-javohir” asarining “Bismillohir rahmonir rahim” kalomi
bilan boshlangan “Muqadimma”sida Alloh yaratgan narsalarning qadr-qimmati haqida ajoyib bir ruboiy bor :
Bir zarrani mehri
zarfishon vasf etmish,
Bir qatrani bahri
bekanor vasf etmish,
Bir xastani Isoyi
zamon vasf etmish,
Bir bandasini shohi jahon
vasf etmish.
Ko'rinadiki, bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan xalq manfaati, inson qadri tushunchalari ildizlari muqaddas dinimiz orqali ulug' ajdodlarimiz qarashlarida ham o'z aksini topgan ekan. Har bir inson o'z kamoloti yo'lida sa'y qilsa, uni albatta, “shohi jahon vasf etadi”. Ramazon oyi zahmatlari shu yo'lda qalbimizga baxsh etgan farog'atlar barchamizga muborak bo'lsin.
Ha, Ramazon bayrami iymon halovati, ibodat va duo-istig'for bayrami. Bu bayramda musulmonlar jome masjidlarga to'planib, Iyd namozini jamoat bilan o'qiydi. So'ng duolar qilib, o'tganlarning ruhini shod etadi, el-yurtga, Vatanga, butun dunyoga osudalik tilab, iltijolar qiladi.
Yaratgan Parvardigor butun dunyo musulmonlariga Ramazon hayiti bayramini muborak aylasin, butun olamga tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni dargohida qabul etsin, ona Vatanimizni obod, xalqimiz hayotini yanada farovon qilsin!
Nuriddin HOLIQNAZAROV,
O'zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy
“O'zbekiston adabiyoti va san'ati”
gazetasining 2023-yil 21-aprel, 15-sonidan olindi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«Ichkariga berkitilgan sirlar tashqarida ko‘rinish ila oshkor bo‘ladir».
Ibn Atoulloh Sakandariy rahmatullohi alayh
Qalbga berkitilgan sirlar tashqi a’zolardagi alomatlarda ko‘rinadi. Har bir insonning qalbidagi yaxshilik yoki yomonlik, kenglik yoki torlik, husni xulq yoki axloqsizlik, ilm yoki jaholat, ma’rifat yoki nodonlik, nur yoki zulmat, mehribonlik yoki mehrsizlik, baxillik yoki saxiylik, hushyorlik yoki g‘aflat kabi yaxshi-yomon axloqlar uning yuzi, amallari, muomalasidan ko‘rinib turadi.
Alloh taolo marhamat qiladi:
«(Sadaqalar) Allohning yo‘lida tutilib qolgan, yer yuzida kezishga qodir bo‘lmagan, bilmagan kishi iffatlari tufayli ularni boy deb o‘ylaydigan faqirlargadir. Ularni siymolaridan taniysan, odamlardan xiralik qilib so‘ramaslar...» (Baqara surasi, 273-oyat).
Bu oyati karima zikr qilgan toifadagi odamlar nafslarini Alloh taoloning yo‘lida ish qilishga tutganlar, shu sababdan ularning kasb qilishga ham imkonlari yo‘q. Ayni chog‘da, iffatlari, uyatlari kuchli bo‘lganidan o‘zlarining hojatmand ekanliklarini yashirib yuradilar. Asl holni bilmagan odam ularni sirtlaridan ko‘rib, boy deb o‘ylaydi.
«(Sadaqalar) Allohning yo‘lida tutilib qolgan, yer yuzida kezishga qodir bo‘lmagan, bilmagan kishi iffatlari tufayli ularni boy deb o‘ylaydigan faqirlargadir».
Nafaqani xuddi ana o‘shalarga qilish kerak. Ularning o‘zlari asl hollarini berkitsalar, odamlardan xiralik bilan tilanmasalar, ularni qanday qilib topamiz?
«Ularni siymolaridan taniysan…»
Farosati bor, mulohazali kishilar mazkur faqirlarni, garchi ular hojatmandliklarini bildirmasdan, kishilar ko‘ziga boy bo‘lib ko‘rinib yursalar ham, tanib, haqiqatni bilib oladilar. O‘zlarini iffatli tutganlarining o‘zi nafaqani ularga maxfiy qilishga undaydi. Nafaqa beraman deb, bunday kishilarning his-tuyg‘ularini oyoqosti qilmaslik kerak. Nafaqa Alloh uchun qilinayotgan bo‘lsa, maxfiy tarzda qilingani ma’qul.
Alloh taolo marhamat qiladi:
«Muhammad Allohning Rasulidir, u bilan birga bo‘lganlar kofirlarga shiddatli, o‘zaro rahmdildir. Ularni ruku’ va sajda qilgan hollarida ko‘rasan. Allohdan fazl va rozilik tilarlar. Yuzlaridagi alomatlari sajda asaridir» (Fath surasi, 29-oyat).
Bu oyati karima Muhammad alayhissalomning rasullik sifatlarini ta’kidlash bilan boshlanmoqda:
«Muhammad Allohning Rasulidir...»
Shuningdek, ushbu oyatda sahobai kiromlarning ba’zi sifatlari maxsus vasf qilinmoqda:
«...u bilan birga bo‘lganlar kofirlarga shiddatli, o‘zaro rahmdildirlar».
Sahobai kiromlarning fazllarini zohir etish uchun keltirilgan ushbu sifat har bir mo‘minning ham sifati bo‘lishi lozim. Sahobalar o‘zlarining otalari yoki bolalari kofirlar safida bo‘lsa, ularga qarshi ham qattiqqo‘l bo‘lganlar. Ammo, kim bo‘lishidan qat’i nazar, musulmonga nisbatan mehribon bo‘lishgan.
«Ularni ruku’ va sajda qilgan hollarida ko‘rasan».
Ular doim ruku’ va sajda holatida, ya’ni ibodat holatida bo‘ladilar. Mo‘min-musulmon shaxsning, xossatan, oyatda madhlari kelayotgan sahobai kiromlarning barcha hayotlari ibodatdan iboratdir. Lekin, shunday bo‘lsa ham, oyatda bandaning Allohga eng yaqin bo‘ladigan payti – ruku’ va sajda paytining zikr qilinishi bejiz emas. Oyati karimadagi tavsifdan ular xuddi doimo ruku’ va sajdada turgandek tasavvur paydo bo‘ladi.
«Allohdan fazl va rozilik tilarlar».
Ularning asosiy sifatlaridan biri – hamma ishni Allohning fazli va roziligi uchun qilishlari. Boshqa biror taraf yoki shaxsning roziligi deb, Allohning roziligini chetga surmaydilar. Shuning uchun fazlu marhamatni ham faqat yagona Allohning O‘zidan kutadilar.
Yana bir sifatlari:
«Yuzlaridagi alomatlari sajda asaridir».
Ya’ni ibodatning asari yuzlaridan bilinib turadi. Bu oddiy haqiqat bo‘lib, ibodatli, pok, taqvodor insonlarning yuzlaridan iymon nuri yog‘ilib turishini har bir mulohazali, ko‘zi ochiq kishi ko‘ra oladi. Ushbu ma’no Payg‘ambarimizdan qilingan ko‘plab rivoyatlarda o‘z ifodasini topgan.
Bu hikmat Nabiy sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflarining bayoni desak, xato qilmagan bo‘lamiz.
Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Jismda bir parcha go‘sht borki, u sog‘lom bo‘lsa, jism ham sog‘lom bo‘ladi; u buzuq bo‘lsa, jism ham buzuq bo‘ladi. Bilinglarki, o‘sha narsa qalbdir», dedilar» (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyati).
Bu hadisda «solih» so‘zining «buzuq» so‘ziga qarama-qarshi ma’noda ishlatilganiga e’tibor berishimiz kerak.
Ushbu jumlalarda qalbning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyati bayon qilinmoqda.
«Qalb» deb lug‘atda «bir narsani ag‘darish»ga nisbatan aytiladi. U bir xilda turmay, u yoq-bu yoqqa ag‘darilib turganligi uchun ham «qalb» deb atalgan. Islom tushunchasi bo‘yicha qalb ikki xil: zohiriy va botiniy bo‘ladi.
Zohiriy qalb ko‘krakning chap tomonida joylashgan konus shaklli go‘sht parchasidir. U insonning zohiriy – jismoniy qismiga jon vazifasini o‘taydi.
Botiniy qalb esa nuroniy, latif, biluvchi narsa bo‘lib, insonni inson qiluvchi narsa ham o‘shadir. U insonning aqliy, ruhiy-ma’naviy hayotiga tiriklik baxsh etadi.
Qalb bizning tilimizda «yurak» ham deyiladi. Ushbu hadisi sharifda ta’kidlanishicha, qalb insonning yomon yoki yaxshi bo‘lishi uchun asosiy omil bo‘lar ekan. Uning yomon yoki yaxshi bo‘lishi esa halol va haromga bog‘liq.
Ushbu haqiqat qadim zamonda faqat ruhiy-ma’naviy jihatdan tushunilgan. Haromxo‘rlik qilgan odam gunohkor bo‘lishi va oxiratda do‘zaxga tushishi ma’nosidagina tushunilgan.
Hozirgi kunda esa yurak jismimizni hayotda va sog‘likda tutib turadigan narsa sifatida bilinadi. U ishlab tursa, jismda hayot bo‘ladi, u sog‘lom bo‘lsa, jism ham sog‘lom bo‘ladi, u xasta bo‘lsa, jism ham xasta bo‘ladi, deb fikr qilinadi.
Aslida esa hadisdan ushbu ikki tushunchaning umumlashtirilgan ma’nosi tushunilmog‘i lozim.
Ilmiy ravishda sobit bo‘lishiga qaraganda, Islom shariatida harom qilingan narsalarni taom sifatida tanovul qilgan odam xastalikka chalinar ekan. Chunki Islom zararli narsalarni harom qilgan. Harom narsa iste’mol qilinganidan so‘ng tanada qonga aylanadi. Yurak esa qon haydaydigan a’zodir. Zararli narsalardan paydo bo‘lgan zararli qon yurakning xastalanishiga sabab bo‘lishi esa ilmiy haqiqatdir. Yurak xasta bo‘lgandan keyin esa hadisi sharifda aytilganidek, jismning hammasi buzuq bo‘ladi.
Xuddi shu holat botiniy qalbga nisbatan ham hosil bo‘ladi. O‘g‘rilik, poraxo‘rlik, riboxo‘rlik, aldamchilik, bosqinchilik kabi harom yo‘llar bilan o‘ziga mol-mulk topgan odamlar gunohkor bo‘ladilar. Mazkur gunohlarning zarari esa ularning botiniy qalblarini xasta qiladi. Haromxo‘rlik davom etaversa, ma’naviy xastalik borib-borib, ma’naviy o‘limga aylanadi.
Shuning uchun ham «Qalb jismga nisbatan podshoh kabidir», deyiladi. Podshohdan yaxshi amr chiqsa, fuqarolarga yaxshi bo‘lganidek, yurakdan yaxshi niyatlar chiqsa, jismning boshqa a’zolariga yaxshi bo‘ladi. Har doim bo‘lganidek, hozirda ham ushbu buyuk hadisi sharifni yaxshilab tushunishga, unga yaxshi amal qilishga juda ham muhtojmiz. Halol nima ekanini bilib olib, doimo halolga yetishish uchun harakat qilishimiz kerak. Harom nima ekanini yaxshilab bilib olib, doimo undan hazar qilishimiz lozim.
Shubhali narsalardan uzoqda bo‘lish juda ham zarur. Ulamolardan so‘rab-surishtirib, o‘zimizga halolligi aniq bo‘lgan narsanigina ravo ko‘rishimiz zarur. Agar ulamolar shubhali narsalarning halolligiga fatvo bermasalar, unga mutlaqo yaqin yo‘lamasligimiz kerak.
Hozirgi davrda moddiy yurakni davolash bo‘yicha katta ishlar qilindi. Yurak jarrohligi degan alohida mutaxassislik paydo bo‘ldi. Boshqacha davolashlar ham juda rivojlandi. Yurakni asrash, uning xastalikka chalinishining oldini olish, xastalangan yuraklarni davolash, jarrohlik amaliyotlari qilish kabilar butun dunyo bo‘ylab keng quloch yozdi. Ammo ma’naviy qalbni turli aqiydaviy, ma’naviy, axloqiy va ma’rifiy xastaliklardan asrash, uning xastalikka chalinishining oldini olish, xastalangan qalblarni davolash ishlari chuqur jarga quladi. Qalb xastaliklari tabobati bo‘lmish tasavvuf ilmi tanazzulga uchradi. Musulmonman, deb yurganlardan bir toifalari bu ahamiyatli ilmni «harom» deb fatvo chiqardilar. Ularga qarshi barcha imkoniyatlarini ishga solib kurashdilar va kurashmoqdalar. Qalblarning tabiblari bo‘lmish mashoyixlar ko‘zga ko‘rinmaydigan darajada ozaydilar. Ularning qalb tabobati bilan shug‘ullanishlarini ko‘pchilik bilmay ham qoldi.
Yurak va aql sog‘lom bo‘lsa-yu, qalb xasta bo‘lsa, insoniyat tanazzulga yo‘liqishini anglab yetish kerak.
Qalb pokligi va sog‘ligi uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘rish lozim. Zotan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek:
«Albatta, jasadda bir parcha go‘sht bordir. Qachon u solih bo‘lsa, jasadning hammasi solih bo‘lur. Qachon u buzuq bo‘lsa, jasadning hammasi buzuq bo‘lur. Ogoh bo‘linglar! O‘sha narsa qalbdir».
Qalb maxfiy bo‘lgani va undagi narsalar sir bo‘lgani uchun mazkur sirlarning oshkor bo‘lishi tashqi a’zolar va ular bilan ado etiladigan amallar orqali bilinadigan bo‘lgan. Inson masrur bo‘lsa, chehrasidan bilib olish qiyin emas. Shuningdek, mahzun bo‘lgani ham yuzidan bilinib turadi. Insonning tashqi ko‘rinishi va a’zolari bajaradigan amallari qalbida kechayotgan sirlarning namoyishidir.
Bir inson namoz o‘qiyotgan bo‘lsa, bu uning qalbida iymon borligi va namozning farzligini anglab yetish borligining alomatidir. Boshqa birov namoz o‘qiyotib, ko‘zi alang-jalang bo‘lib tursa, qo‘llari bilan kiyimlarini to‘g‘rilab, namozda qilib bo‘lmaydigan harakatlarni qilayotgan bo‘lsa, bu uning qalbida xushu’ yo‘qligining alomatidir.
Mast bo‘lib yurgan odamning mastligi uning qalbida Alloh taolodan qo‘rquv yo‘qligining alomatidir. Shuningdek, o‘ziga farz va vojib bo‘lgan amallarni bajarmay yurgan odamning qilmishi Alloh taoloning amriga bepisand ekanining alomatidir.
Gunohi bo‘la turib gunohdan qo‘rqmaydigan bandalarini ogohlantirib, Alloh taolo shunday deydi:
«Yo‘q! Ularning qilgan kasblari qalblariga mog‘or bo‘lib o‘rnashib qolgandir» (Mutoffifun surasi, 14-oyat).
Ha, inson gunoh ishlarni qilaversa, qalbini mog‘or bosib, hech narsa ta’sir qilmaydigan bo‘lib qoladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir hadisi sharif vorid bo‘lgan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, qalbida bir qora nuqta paydo bo‘ladi. Agar tavba qilib, u gunohdan butunlay qaytsa, istig‘for aytsa, qalbi poklanadi. Agar (gunohni) ziyoda qilsa, (qalbidagi qora ham) ziyoda bo‘ladi. Mana shu Alloh azza va jalla Qur’onda zikr qilgan mog‘ordir. «Yo‘q! Ularning qilgan kasblari qalblariga mog‘or bo‘lib o‘rnashib qolgandir», dedilar» (Ahmad rivoyati).
Islomda insonning qadr-qimmati qalbining pokligi, undagi iymon-ixlos va qilgan yaxshi amallari bilan o‘lchanadi. Islom nazarida qalbi pok, iymonli inson dunyodagi barcha go‘zal suratlardan go‘zaldir, mo‘min insonning solih amali dunyodagi barcha molu dunyodan ustundir.
Alloh taolo insonni tashqi suratiga qarab emas, qalbining pokligiga qarab baholaydi. Alloh taolo insonni molu dunyosiga qarab emas, solih amaliga qarab taqdirlaydi.
Inson qadrini o‘lchashning ana shu ilohiy mezonlari ishga solingandagina insonlar o‘zlarining haqiqiy qadrlarini topadilar. Ana shunda har bir inson iloji boricha qalbini poklashga, solih amal qilishga intiladigan bo‘ladi. Turli o‘tkinchi hoyu-havaslar, molu dunyoga hirs qo‘yishlar o‘z ahamiyatini yo‘qotadi.
Ana o‘sha ilohiy, odil o‘lchov tufayli qora tanli qul Bilol Habashiy inson zoti musharraf bo‘lmagan sharafga, ya’ni Ka’bai Muazzama ustiga chiqib, ilohiy madhiya – azon aytishga erishdi.
Ana o‘sha ilohiy, odil o‘lchov tufayli Madinada qul qilib sotilgan Salmon Forsiy roziyallohu anhu oxirgi zamon Payg‘ambarining yaqin maslahatchisiga, ahli baytiga aylandi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishi haqlarida: «Salmon bizdan, ahli baytdandir», deb marhamat qildilar.
Ana o‘sha ilohiy, odil o‘lchov tufayli musulmon olami Imom Buxoriyni o‘zining hadisdagi amiri deb, u kishining kitoblarini Qur’oni Karimdan keyingi eng sahih kitob deb e’lon qildi va hozirgacha e’zozlab kelmoqda.
Ana o‘sha ilohiy, odil o‘lchov tufayli imom Termiziy, imom Nasoiy, imom Zamaxshariy, imom Abu Mansur Moturidiy va boshqa yuzlab imomlarimiz arab bo‘lmasalar-da, qalblari iymonli, o‘zlari solih amalli bo‘lganliklari uchun, vafotlaridan ming yildan ziyod vaqt o‘tsa ham, ularning nomlari Islom ummati tomonidan e’zozlab kelinmoqda. Xuddi shunday gaplarni Ibn Sino, Forobiy, Beruniy, al-Xorazmiy, Ulug‘bek kabi ko‘plab allomalarimiz haqida ham aytishimiz mumkin.
Shu o‘rinda yana bilib qo‘yish lozimki, Islom insonning qadrini uning qalbiga va solih amaliga qarab o‘lchar ekan, tashqi go‘zallik va molu dunyoni inkor qilmaydi. Chunki bular ham inson uchun zarur va yaxshi narsa. Ammo ular keyingi o‘rindagi, iymon va solih amal o‘rniga o‘ta olmaydigan narsalardir. Ular inson qadrini o‘lchash uchun me’yor qilib olinadigan emas, balki iymon va solih amallar yo‘lida xizmat qilishi lozim bo‘lgan narsalardir.
Haqiqiy mo‘min-musulmon kishi qalbi iymon bilan go‘zal bo‘lgan holda Alloh bergan moddiy imkoniyatlarni Alloh ko‘rsatganidek halol-pok sarflab, solih amallar qilib yashaydi. Mol-dunyoga chin dildan muhabbat qo‘yib, hoyu-havasga berilish mo‘min-musulmon kishi uchun yotdir.
Alloh taolo hech birimizni ichkariga berkitilgan sirlarimiz tashqarida ko‘rinish ila oshkor bo‘lganda sharmanda qilmasin!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
«Hilol» jurnali 6 (63)-son