Uyda motam... hamma g‘amga botgan, qayg‘uda: kimdir dodlab yig‘lagan, kimdir xomush tortgancha, bir nuqtaga tikilib qolgan...
Vafot yetgan insonning to‘rt farzandining bittasida azadorlik alomati sezilmasdan janozada anchayin tetik va bardam turardi. Tabiiyki, bu hol ko‘pchilikni ajablantirdi, ammo hech kim undan nega bunday qilayotganini so‘ramadi.
Oxiri toqati toq bo‘lgan oqsoqol hamon jilmayib turgan farzandga qarab tanbeh bera boshladi: “Menga qara bolam! Namuncha xursand bo‘lmasang! Axir bugun otangdan ayrilding-ku!? Nahot ko‘zingga bir tomchi ham yosh kelmasa!?” Farzand unga bunday javob berdi: “To‘g‘ri, bugun men uchun qayg‘uli kun. Yuragim achishib ketyapti, ammo sabr qilishga majburman! Birinchidan, agar boshqalarga qo‘shilib dod-voy solsam, marhum otamning ruhiga jabr qilgan bo‘laman. Ikkinchidan, agar dodlab yig‘layotgan insonlar yig‘i-sig‘i o‘rniga hech bo‘lmasa bir bora kalima keltirib, marhumning ruhiga bag‘ishlaganda – ham marhumga foydasi tegardi, ham o‘zlariga savob yetardi. Shu sabab, ichimda tinmay kalima keltirib, salavot aytayapman!
Oqsoqol: “Unda nega jilmayasan?” deb so‘radi.
Nimtabassum qilib turishimga ham ikkita sabab bor: birinchisi, o‘zimni yig‘idan tiyib, kalima keltirganim uchun otamning ruhi orom olayotganidan xursandman; ikkinchisi, ezilib, qayg‘uga botib o‘tirganimni ko‘rib boshqalarning ham yuraklari g‘amga to‘lishini istamaganim uchun tabassum qilib turibman! Shuning uchun keling, ortiqcha vaqt yo‘qotmaylikda Qur’on tilovatini boshlaylik!..
Xaydarbekov Sherzod
Toshkent shahri
O‘zbekiston elchixonasida ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, sivilizatsiyalar muloqoti va umumiy merosga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda SHHT Kotibiyati rahbariyati, Pekinda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, vazirlik va idoralar xodimlari, yetakchi tahlil markazlari, ilmiy-akademik hamda madaniy doiralar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ham qatnashdi.
Ishtirokchilarga Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati keng namoyish qilindi. Markazning noyob konsepsiyasi, asosiy ekspozitsiyalari, ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishlari hamda xalqimizning boy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha xalqaro missiyasi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqidagi film ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir davomida qatnashchilar e’tiboriga O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati, zamonaviy taraqqiyotini aks ettiruvchi 100 dan ortiq video va fotosuratlardan iborat ko‘rgazma havola qilindi.
Mutaxassislar O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi jahon ahamiyatiga molik yirik loyiha ekanini e’tirof etdi. Dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan bunday noyob markazning tashkil etilishi davlat rahbarining o‘z xalqi tarixi va madaniy merosiga bo‘lgan cheksiz hurmatini aks ettirishi, O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasidagi yuksak o‘rnini yaqqol namoyon etishi ta’kidlandi.
“Bugun biz tarixiy voqeaga – Toshkentda barpo etilgan va allaqachon global ahamiyat kasb etgan Islom sivilizatsiyasi markazining muhtasham binosi taqdimotiga guvoh bo‘ldik. O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ushbu yirik loyihaning amalga oshirilishi butun dunyoga buyuk sivilizatsiyalar ruhini mujassam etgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishning asl mohiyati va g‘oyasini namoyon etdi”, – dedi SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari Suhayl Xon.
Uchrashuvda qatnashgan Pekin xalqaro muloqot klubi bosh kotibi Xan Xua ham ushbu markaz haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markazi jahon madaniyati va san’atining muhim maskanlaridan biridir. Yangi O‘zbekistonda bu jihat Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli yaqqol namoyon bo‘lmoqda. U alohida ta’kidlaganidek, mazkur muhtasham muassasa nafaqat O‘zbekiston, balki butun Sharq sivilizatsiyasining boy madaniy va ma’naviy merosini dunyoga targ‘ib etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati