Parvardigorimizga shukrki, yurtimizdagi tinchlik, omonlik hamda muqaddas dinimiz, bebaho qadriyatlarimizni asrab avaylashga bo‘lgan davlat darajasidagi e’tibor sabab, masjidlarimiz ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda. Zero, bugungi kunda dunyoning ba’zi hududlarida inson nomiga munosib bo‘lmagan kimsalarning masjidlarga qilayotgan tajovuzlarini ko‘rib, bizning masjidlarimizdagi bunyodkorliklar uchun behad shukr qilamiz va Alloh taolodan dunyoga tinchlikni so‘raymiz.
Toshkent shahrining Fayziobod mahallasida joylashgan “Valixo‘ja o‘g‘li Norxo‘ja” jome masjidi dastlab 1962 yilda qurilgan. Sobiq ittifoq davrida masjid deyarli faoliyat yuritmagan. Mustaqilligimizning ilk yillari - 1991-1992 yillarda Fayziobod mahallasida istiqomat qilgan Valixo‘ja o‘g‘li Norxo‘ja hojining xayrli tashabbusi hamda mahalla ahli va faollari ishtirokida hashar yo‘li bilan qayta tiklanib, ta’mirlangan. 1997-yilda masjidga “Valixo‘ja o‘g‘li Norxo‘ja” jome masjidi nomi berilgan. 1999-yildan jome masjid sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘tgan davr mobaynida masjid binosi eskirganligi, bugunda ta’mirtalab holga kelib qolganligi tufayli mahlla ahli ezgu niyat bilan masjidni qayta qurish taklifini olg‘a surishdi.Va bu xayrli tashabbus qullab quvvatlangach shu yilning Avgust oyida qayta qurish ishlari boshlab yuborilgan edi.
Joriy yilning 2 dekabr kuni masjidining yangidan qurilishi rejalashtirilgan binosi uchun birinchi g‘isht qo‘yildi.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, mutasaddi tashkilotlar vakillari, masjid tashabbuskorlari va mahalla faollari qatnashdi. Ushbu xayrli Mavlid oyida amalga oshirilayotganligi ko‘ngillarni shod etdi. Nuroniy otalarimiz Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, osmonimiz musoffaligi va masjidlarning obodoligini so‘rab duoi xayrlar qilishdi.
O‘MI matbuot xizmati
O‘tgan solihlardan qoida va meros bo‘lgan so‘z bor:
من رام العلم جملة ذهب عنه جملة
."Kimki ilmning hammasini birdaniga o‘rganishni istasa, ilmning hammasidan quruq qoladi"
Oz vaqtda ilmning hammasini o‘rganib olaman, deya xomtama bo‘lgan talaba, ilmning hammasidan bebahra qoladi. Hech narsaga erishmaydi.
Qur’oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga 23 yil davomida nozil bo‘lgan...
Imom Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahulloh "Hidoya" asarini 13 yil mobaynida ro‘zador holda yozganlar...
Imom Buxoriy rahimahulloh "Sahihul Buxoriy"ni 16 yilda, tahorat olgan holda va ikki rakat nafl namoz o‘qib, yozganlar...
Ilm kitoblari harfma-harf va kalima-kalima izohlab o‘rganiladi. Igna bilan quduq qazishga sabr-toqat, oliy himmat, intizom va uzoq vaqt zarur. Shoshqaloqlik va puxtalik bir-biriga zid – hech qachon jamlanmaydi.
Muhtaram tolibi ilm! Ilmning boshi sabrdir: kitobga sabr qilasiz, ustozga sabr qilasiz, yashayotgan shahringizga sabr qilasiz, hamdarslaringizga sabr qilasiz va hokazo.
Ilm olish lazzatiga erishgach, sabr maqomidan rozilik va muhabbat maqomiga o‘tib olgach hayotingiz mazmuni kitob va ustozlar suhbatiga aylanadi.