Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448

Hazrat Umarning kelin tanlash uslublari

30.11.2017   14903   2 min.
Hazrat Umarning kelin tanlash uslublari

Payg‘ambar alayhissalom va u zotning as'hoblari, ularning hayotlari barcha mo‘minlarga ibrat maktabini o‘taydi. Quyida Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning suyukli sahobiylaridan hazrati Umar roziyallohu anhuning kelin tanlashdagi uslublariga oid rivoyatni keltiramiz:

“Hazrat Umar roziyallohu anhu tunlarning birida, odatlariga ko‘ra, xalqning holidan xabar olish uchun Madina ko‘chalarini aylanib yurgan edilar. Bir uyning oldidan o‘tib qoldilar. Ichkaridan ona bilan va qizining o‘zaro suhbati quloqlariga chalindi. Ona qiziga: “Bugun sotishga sutimiz oz ekan. Ozroq suv qo‘shib sotamiz”, dedi. Qiz: “Onajon, bunday qilishni amirul mo‘minin  man qilgan-ku,uni ustiga jarchilar butun Madinaga e’lon qilganliklarini eshitdingiz, aslo unday qila olmaymiz”, degan edi, ona: “Namuncha qo‘rqmasang, hech kim bilmaydi, birov ko‘rarmidi, xalifa ham uxlab yotgan bo‘lsa, qayerdan biladi”, dedi. Shunda qiz: “Onajon, mayli, xalifa ko‘rmasalar ham, ulardan ulug‘roq Zot Alloh ko‘rib, bilib turibdiku”, dedi. Qizning bu so‘zlarini eshitgan Umar roziyallohu anhu uning Allohdan qo‘rquvi, ixlosini ko‘rib quvondilar. Yonlaridagi hamrohlariga: “Bu uyni eslab qol”, deb, u yerdan ketdilar. Ertasi kuni xizmatkorlariga “Kechagi oila haqida bilib kel”, deb topshiriq berdilar. Qul u yerga borib keldi va hazrati Umarga: “Haligi ayol beva, qizi esa hali turmushga chiqmagan ekan, turmush mashaqqatlari ularni ancha qiynab qo‘ygan ekan”, dedi. Shunda, Umar roziyallohu anhu shunday muslima, Allohdan qo‘rqadigan muslima qizni topganlaridan xursand bo‘lib, o‘g‘illarini to‘pladilar va ularga qarata: “Qay biringizni uylantirib qo‘yay?”, dedilar. O‘g‘illari: “Kimga, otajon?”, dedilar. “Bir sutchining qiziga”, dedilar. O‘g‘illaridan biri rozi bo‘ldi. Shunday qilib, Umar roziyallohu anhu o‘sha qizni kelin qildilar. Mana shu nikohdan ulug‘ xalifa, olimlar imomi, taqvoda peshqadam Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayh dunyoga keldilar.

Xulosa qilib aytganda, Umar roziyallohu anhu doimo, kunu-tun mo‘min-musulmonlarning g‘amida bo‘lgan ekanlar, butun musulmon olamiga xalifa bo‘lishlariga qaramasdan, oddiy sutchi ayol bilan quda bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Kelin tanlashda dindorini tanlaglar”, degan hadislariga amal qilgan ekanlar.

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi

Muhammad Zohid MUBASHSHIROV

                                                                                                

 

  

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Duolar ijobati halol luqma bilan

07.09.2026   32926   2 min.
Duolar ijobati halol luqma bilan

“Alloh taolo bandasining halol ortidan quvib holdan toygan holida ko‘rishni yaxshi ko‘radi” (Imom Suyutiy rivoyati).

* * *

“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).

* * *

“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”

(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).

* * *

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).


Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.


Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.


Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.


Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).


Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).

 

Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.

“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan

Ibratli hikoyalar