Rabi’ul avval oyi – musulmonlar uchun xursandchilik oyi bo‘lib, bu oyda butun olamlarga rahmat payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam tavallud topganlar. Bu oyni mo‘min-musulmonlar o‘zgacha tayyorgarlik bilan kutib olishadi va Rasuli Akram alayhissalomga bo‘lgan muhabbatning kichik bir ko‘rinishi sifatida mavlidi sharif tadbirlari o‘tkaziladi.
Bugun, 24 noyabr kuni respublikamizning ko‘plab masjidlarida Nabiy sollallohu alayhi va sallamning siyratlari, yuksak axloq-odoblari va oliy fazilatlari haqida mav’izalar qilindi. Shuningdek, jome masjidlarda Imom Ja’far Barzanjiy rahmatullohi alayh tomonidan Nabiy alayhissalom tug‘ilishlari, hayot yo‘llari, axloqlari to‘g‘risida bitilgan “Mavlidi sharif” kitobi o‘qildi va bunga namozxonlar chin ixlos ila some’ bo‘lishdi.
Ana shunday mavlid marosimlaridan biri poytaxtimizdagi “Hazrati Imom” jome masjidida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari qatnashdilar. Dastlab, muftiy hazrat Payg‘ambar alayhissalomning tavalludlari, yoshlik, yigitlik va payg‘ambarlik davrlari haqida atroflicha ma’ruza qildilar. So‘ngra mavlidi sharif o‘qildi, Rasuli akramga salovotlar aytib, qalbi muhabbatga to‘lgan namozxonlar Muftiy hazrat boshchiligida juma namozini ado etishdi.
Masjidlardagi mavlidi shariflar yakunida yurtimiz tinchligi va olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning rivojini so‘rab, duoi xayrlar qilindi.
Shunday ekan, siz-u biz ham U zotga ushbu kirib kelgan rabi’ul avval oyida ko‘plab salovotlar aytib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga muhabbatlarimizni yanada ziyoda qilishimiz, va’da qilingan mukofotlarga sazovor bo‘lishga jiddu jahd qilishimiz lozim.








O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Yurtimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga har yili alohida e’tibor qaratilayotgani barchamizni behad quvontirmoqda. Bu yilgi tabrik va murojaatlarda Ramazon oyining asl mohiyati – inson qadrini ulug‘lash, mehr-muruvvat va saxovatni keng yoyish, jamiyatda ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash kabi ezgu g‘oyalar ustuvor ekani ta’kidlandi.
Bugun Ramazon nafaqat ibodat oyi, balki jamiyatda ezgulik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillari yanada mustahkamlanadigan muhim ma’naviy palla sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tajriba va kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, dunyo amaliyotida Ramazon oyini munosib o‘tkazishga doir davlat darajasida alohida qaror qabul qilinishi kam uchraydi. Yurtimizda esa bu masalada tizimli yondashuv yo‘lga qo‘yilgani muborak oyning mohiyatini chuqur anglab, uning yuksak insoniy qadriyatlar asosida o‘tkazilishidan dalolat beradi. Ayniqsa, bu yilgi Ramazon munosabati bilan ilgari surilgan tashabbuslarda «Inson qadri uchun!» degan ezgu tamoyilning amaliy ifodasi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
«Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» shiori ostida qabul qilinayotgan qaror va tashabbuslarda Ramazon oyini saxovat, hamjihatlik oyiga aylantirish, muhtojlar, bemorlar, nogironlar va faxriylarga mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu g‘oyalar mujassam. Bu esa Ramazonni ham ibodat, ham ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash oyi sifatida tarannum etishga xizmat qilmoqda.
Abdug‘ofur domla Razzoqov,
Buxoro viloyati Kogon tumani “Bahouddin Naqshband” jome masjidi imom-xatibi