Usmonxon ALIMOV – 1950 yili Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil oldi. Ko‘p yillar Samarqand viloyatidagi “Imom Buxoriy” jome masjidida imom-xatib bo‘lib ishladi. 1989–1990 yillari Marokashdagi Qaraviyyin dorilfununida o‘qidi. 2000–2006 yillari O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili bo‘lib xizmat qildi. 2006 yil 8 avgustda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy etib saylandi. Usmonxon Alimovning “Orlotda aks etgan tarix”, “Dolzarb savollarga haqzarb javoblar”, “Hayotbaxsh ma’naviy meros”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy barakoti”, “IX–XI asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Hazrati Imom (Hastimom)”, “Rasululloh (alayhissalom)ning muborak vasiyatlari” (9 ta kitob), “So‘ragan edingiz” turkumidagi risolalari, “Oilada farzand tarbiyasi” (3 ta kitob), “Ilmning fazilati”, “Istiqlol sharofati”, “Xayr-ehson fazilatlari”, “Go‘zal odob – farzand kamoli” kabi asarlari nashrdan chiqqan. Najmuddin Nasafiyning “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” nomli mashhur asarini arab tilidan o‘zbekchaga tarjima qilgan. Muftiy hazrat Qur’oni karim ma’nolarini tarjima va tafsir qilib, “Tafsiri irfon” nomida chop ettirmoqda.
Toshkent Islom universitetining faxriy fan doktori Usmonxon Alimov 2012 yili nufuzli xalqaro tashkilot – Islom olami uyushmasi (Robita) Ta’sis majlisining a’zosi bo‘ldi.











27 nafar o‘zbeistonlik talaba Malayziyaning Al-Buxoriy xalqaro universitetiga tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, to‘liq grant asosida bakalavr bosqichida ta’lim olish uchun qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Talabalarni Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi vakillari va universitet rahbariyati tantanali kutib oldi.
Mazkur tanlov oliy ta’lim olish uchun yetarli imkoniyatga ega bo‘lmagan yoshlar o‘rtasida o‘tkazildi. Ular to‘rt yil davomida Malayziya oliy ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan va xalqaro ta’lim standartlariga mos keladigan dasturlar bo‘yicha zamonaviy infratuzilma bilan jihozlangan yirik kampusda tahsil oladi.
Loyiha O‘zbekiston Musulmonlar idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat jamg‘armasi va Malayziyaning Al-Buxoriy jamg‘armasi va shu nomdagi xalqaro universitet rahbariyati o‘rtasida erishilgan kelishuv asosida amalga oshirib kelinmoqda.
Bunda “Vaqf” xayriya jamg‘armasi tomonidan joriy yilning 31 mayiga qadar kelgusi o‘quv yili uchun tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan kam ta’minlangan oilalar farzandlari orasidan nomzodlar ro‘yxati shakllantiriladi.
Birlamchi hujjatlar tekshiruvidan o‘tgan yoshlar Al-Buxoriy xalqaro universiteti qabul komissiyasi tomonidan suhbatdan o‘tkaziladi va muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar grant asosida talaba bo‘lishlari mumkin.
Al-Buxoriy xalqaro universiteti 2010 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Al-Buxoriy jamg‘armasi tomonidan xayriya asosida moliyalashtiriladigan xususiy oliy ta’lim muassasasidir. Universitet Kedax shtatining Alor Setar shahrida joylashgan.
Ayni paytda oliygohda dunyoning 60 dan ortiq davlatidan 1572 nafar talaba tahsil olmoqda. Kam ta’minlangan oilalarga mansub talabalar uchun biznes boshqaruvi, xalqaro munosabatlar, iqtisodiyot, islom moliyasi va pedagogika kabi 12 ta bakalavriat, shuningdek, 3 ta magistratura va 2 ta doktorantura (PhD) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlari amalga oshiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati