2017 yil 22 noyabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi vakillari palatasi rahbari T.Kelli boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Senati Xalqaro aloqalar bo‘yicha qo‘mita raisi Alisher Kurbanov hamrohligida “Hazrati Imom” majmuasiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri M-A.Shokirov va A.Sattorov kutib oldi.
Mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishganidan so‘ng milliy va diniy qadriyatlarini tiklashga katta e’tibor qaratayotgani hamda bu borada olib borilayotgan ishlar, xususan muhtasham “Hazrati Imom” majmuasining O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti I.Karimovning bevosita tashabbuslari bilan tez muddatda barpo etilgani, majmua tarkibidagi qadimiy yodgorlik obidalari tarixi va “Hazrati Imom” jome masjidining o‘zbek ustalari tomonidan mohirona qurilgani, shuningdek “Hazrati Imom” majmuasining Toshkentda yashab o‘tgan ulug‘ alloma, faqih Abu Bakr Qaffol Shoshiy nomi bilan bog‘liq ekani va bu allomaning hayoti, shuningdek, hozirgi kunda mazkur majmuani hozirgidek saqlashda va kelgusida kelajak avlodga yetkazishda O‘zbekistonning hozirgi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning olib borayotgan ishlari haqida so‘zlab berildi. Majmuada olib borilgan bunday me’moriy ishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
So‘ngra, mehmonlar “Mo‘yi muborak” madrasa muzeyida saqlanayotgan “Usmon Qur’oni”ni ziyorat qildi. U yerda ularga “Usmon Qur’oni”, uning O‘zbekiston Respublikasiga keltirilishi, unga 2000 yilda xalqaro UNESCO (Yunesko) tashkiloti tomonidan haqiqiyligini tasdiqlovchi maxsus sertifikat berilgani, “Mo‘yi muborak” madrasa muzeyidagi bir qancha nodir qo‘lyozmalar tarixi, shuningdek “Usmon Qur’oni” ning dunyoda yagona nusxa sifatida yurtimizda hanuzga qadar asrab-avaylab kelinayotgani hamda kutubxonada “Qur’oni karim” ma’nolarining turli tillardagi tarjimasi mavjudligi haqida so‘zlab berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxona muzeyi tashrifidan so‘ng, delegatsiya “Baroqxon” madrasasida joylashgan hunarmandlar rastalari bilan tanishib, o‘zbekistonlik ustalar tomonidan yasalgan hunarmandchilik ishlarini tomosha qildi. Tashrif samimiy ruhda o‘tib, berilgan ma’lumotlar uchun martabali mehmon minnatdorchilik izhor qildi.
{gallery}/tadbir2211{/gallery}
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
matbuot xizmati
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan bir janoza olib o‘tildi, shunda u zot alayhissalom: "Tin oluvchi va undan tin olinuvchi", dedilar.
"Yo Allohning Rasuli, tin oluvchi va undan tin olinuvchi nima?" deyishdi.
U zot alayhissalom: "Mo‘min banda (vafot etsa) dunyoning qiyinchiliklaridan istirohat oladi. Fojir banda (o‘lsa) undan bandalar, elu yurtlar, dov-daraxtlar va jonzotlar qutuladilar", dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Birortangiz vafot etganida unga o‘rni ertayu kech ko‘rsatib turiladi: agar jannat ahlidan bo‘lsa, jannat ahlidan ekani, do‘zax ahlidan bo‘lsa, do‘zax ahlidan ekani. "Alloh seni qiyomat kuni qayta tiriltirgunicha sening o‘rning mana shudir", deyiladi", dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilishgan).