Ziyovuddin Muhammad ibn Abdulvohid ibn Ahmad Maqdisiy Sa’diy Solihiy hijriy 579 yili tug‘ilgan. U kishi Damashq, Bag‘dod, Isfahon, Naysaburiy, Haravayn kabi shaharlarga ilm talabida tashrif buyurgan va hadislar eshitgan. Shu bilan birga besh yuztadan ko‘proq olimdan hadis yozib olgan. Bir qancha kitoblar tasnif etgan, hadislarni sahihga, roviylarni adolatli va adolatsizga ajratgan. U kishining shogirdlari Umar ibn Hojib aytadi: “Ustozimiz Abu Abdulloh vaqtlarini ulamolar bilan o‘tkazar, shuningdek, ibodatga juda tirishqoq edilar”.
U zot ko‘p ilmlarni tasnif etgan. Hadis ilmiga qiziqqani sababli ko‘proq hadis ilmida kitoblar yozgan. U kishining mashhur kitoblaridan biri “Ahadiysu muxtora”dir. Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, Ziyovuddin Maqdisiy oldin tekshirilmagan hadislarni birinchilardan bo‘lib tekshirib, sahih yoki zaifligini aniqlagan. U kishining sahih hadislarini hamma tasdiqlagan. Zarkashiy aytadilarki: “Ziyovuddinning hadislari Ibn Hibbon hamda Imom Termiziylarning hadislariga yaqindir”. Bu kitobda asosan, shar’iy amallarning fazilatlari to‘g‘risida bahs yuritiladi. Asar o‘n bobdan iborat bo‘lib, birinchi bobda tahorat va namoz amallarining fazilati to‘g‘risida baxs yuritiladi. Ikkinchi bobda Ramozon ro‘zasining fazilati haqida, uchinchi bob zakot amalining fazilati haqida, to‘rtinchi bob Islom dinining beshinchi farzi bo‘lmish haj amalining fazilati to‘g‘risida, beshinchi bobda Islomdagi nikoh amalining fazilati haqida, oltinchi bobda Alloh yo‘lida infoq qilish amalining fazilati haqida, yettinchi bob Qur’oni karim fazilati haqida keyingi bobda janoza namozining fazilati to‘g‘risida, keyingi bobda ilm fazilati haqida baxs yuritiladi. Shu bilan birga boshqa amallarning ham fazilatlari to‘g‘risida baxs yuritiladi.
Bu kitob qayta – qayta chop etilib, undan ko‘p xalqlar foydalandi. Muallif targ‘ib-tarhib (rag‘batlantirish va qo‘rqitish), axloq va amallar fazilatida boshqa mualliflar yo‘lini tutib, ba’zi lozim joylarni kengaytirdi. Nafslarga ta’sir o‘tkazuvchi, qalblarni yumshatuvchi solih kishilarning hikoyalariga qattiq ahamiyat berdi va unga yangicha ilmiy foydalar kiritib, oxirgi asr mashoyixlari hamda hozirgi avlod solihlarining hikoyalari qo‘shildi. Umrini ilmga baxshida etgan olim hijriy 643-yilida vafot etgan.
Abdulloh PARPIYEV
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Savol: Namozga “Allohu akbar”, deb quloq qoqishda “Allohu akbar” dagi “r” ga kelganda ikki qo‘lni bosh barmog‘i quloq yumshog‘iga tegiziladimi? Shunday deb, eshitdim.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozga kirishda avval ikki qo‘lni yuqoriga ko‘tarib, bosh barmoqlarni quloqning yumshoq joyiga tegiziladi. So‘ng “Allohu akbar”, deb, namozga kirishiladi.
Bu haqida Faqih Abu Ja’far rahimahulloh bunday zikr qilganlar: “Ikki kaftini ichki taraflari bilan qiblaga yuzlanadi va panjalari yozadi hamda qo‘llarini yuqoriga ko‘taradi. Qachonki, ikki bosh barmog‘i ikki quloqlarining yumshoq joylariga tegsa, “Allohu akbar” deb namozga shuru’ qiladi.
Shamsulaimma Saraxsiy rahimahullohga ko‘ra, barcha mashoyixlar shunga ittifoq qilganlar (“Muhiyt” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.