“(Ey Muhammad!) Rabbingiz asalarilarga vahiy (buyruq) qildi: “Tog‘larga, daraxtlarga va (odamlar) barpo qiladigan narsalarga in quringiz. So‘ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoringiz (siz uchun) qulay qilib qo‘ygan yo‘llardan yuringiz!” Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir” (Nahl surasining 68-69-oyatlari).
Payg‘ambarimiz asalni yaxshi ko‘rar, boshqalarni ham bu ne’matdan yeyishga, u bilan davolanishga chaqirardilar. Bir kishi Nabiy alayhissalom huzurlariga kelib: «Birodarimning qorni og‘riyapti», dedi. Rasululloh unga: «Birodaringga asal ichir», deb tavsiya qildilar. Haligi odam unga asal ichirdi. Keyin kelib aytdi: «Men unga asal ichirdim. Ammo battar ichini ketkizib yubordi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Allohning gapi rost, birodaring qorni aldagan!» dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: “Kimda-kim har oyda uch marta, nahorda (och qoringa) asal yalasa, kasallikning kattasi unga yaqin yo‘lamaydi” (Imom Ibn Moja va Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan. Hadis sanadi zaif).
* * *
Insonlar iste’mol qiladigan mahsulotlar ustida tadqiqot olib borgan olimlar asal eng foydali ozuqa degan xulosaga kelishdi. “Mo‘jizaviy hapdori” vazifasini o‘tashi mumkin bo‘lgan asal inson tanasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan eng ajoyib ozuqadir, demoqda Rossiya OAV.
Mutaxassislarning fikricha, bir choy qoshiq asal kun davomida sog‘liqni saqlab yurishga yetadi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, asal juda ham yaxshi antioksidant ekan. Demak, muntazam asal iste’mol qilib yurilsa, tana toksinlardan xalos bo‘lib boradi va asalning mikrobga qarshi kurashish xususiyati terining holatini bir necha barobar yaxshilaydi.
Ozishni xohlaganlarga har qanday shirinlik yeyish taqiqlanadi, ammo asal bundan mustasno. Chunki asalning tarkibidagi shakar shokoladning tarkibidagi shakardan farq qiladi. Asal metabolizmni tezlashtiradi va vazn tashlashga yaxshi foyda beradi.
Har kuni asal iste’mol qilish tananing xolestringa qarshi kurashishida samarali ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, asal siqilishlarning oldini oladi, tanada toksinlar yig‘ilishiga qarshilik ko‘rsatadi hamda xotirani mustahkamlaydi.
Bundan tashqari asal tarkibidagi kalsiy miyaga yengil so‘riladi va uning ishlash qobiliyatini yaxshilaydi.
Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati