Avvalroq, Samarqand viloyatidagi “Hadis” va “Kalom” ilmiy maktablarining ochilish marosimi o‘tkazilib, unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ishtirok etishgani haqida xabar bergan edik.
2017 yil 10 noyabr kuni esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur Samarqand viloyatida tashkil etilgan Kalom va Hadis maktablarining ustoz va talabalari bilan uchrashdi. Ustozga Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov hamrohlik qildi.
Shayx hazratlari ushbu maktablar faoliyati va darslik adabiyotlari bilan tanishar ekan, ushbu ishdan nihoyatda mamnun ekani va kelajakda bu maktablardan kalom va hadis fanlari bo‘yicha yetuk olimlar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.
Abdulaziz Mansur dastlab kalom maktabi o‘qituvchi va talabalarining dars jarayonini kuzatib, o‘zining qimmatli maslahat va takliflarini aytib o‘tdi. Jumladan, Shayx hazratlari: “Kalom maktabida avvalo, buyuk mazhabboshimiz Imom Abu Hanifaning “Fiqhul Akbar” kitobini asl manbadan o‘qiyotganlaringiz va uni yodlashni boshlaganlaringiz meni juda ham xursand qildi. Bizning mazhabimiz va aqidamizga eng mos va mo‘tabar kitob manashu kitobdir. Darslaringiz davomida ushbu kitobning ulug‘ allomalar Aliyyul Qoriy va Taftazoniylar tomonidan yozilgan sharhlarini ham o‘qib borishlaringizni maslahat beraman. Chunki kitobning sharhida juda ko‘p masalalar bayon etilgan. Shuningdek, ushbu kitoblar sof arab tilida yozilgan bo‘lib, bu sizlarga arab tilini eng chiroyli uslubda o‘qish va talaffuz qilishingizda katta yordam beradi” dedilar.
Shayx Abdulaziz Mansurov Hadis maktabi o‘qituvchi va talabalari bilan ham uchrashib, hadis kitoblarini o‘qishda va hadis turlarini yaxshi o‘zlashtirib borishlarini ta’kidladi. Hozirgi kunda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan talabalar uchun tayyorlab nashr qilingan buyuk bobomiz Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning “al-Adab al-Mufrad” kitobini yod olishlarini tavsiya qildi. Hadislar ma’nosiga jiddiy e’tibor qaratib, unga amal qilishda hushyor bo‘lishga chaqirdi. Chunki, hadislardan fiqhiy, e’tiqodiy masalalarda hukm olishda mazhablar o‘rtasida turli qarashlar mavjudligini eslatib o‘tdi.
Bugungi kunda ayrim aqidaparst oqimlar, oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilganliklari sababli ham noto‘g‘ri yo‘llarga tushib qolganligini aytib o‘tdi.
Shayx Abdulaziz Mansurov azaliy ajdodlarimizning ustoz-shogird an’anasiga muvofiq, dars o‘tib, yaratgandan ushbu maktab rivoji uchun, uni tashkil qilishda xizmat qilgan rahbarlarimiz va barcha ustoz va talabar haqlariga duoyi xayr qildi.



Tohir Evadullayev
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimiz bo‘ylab e’lon qilingan «Mahalla obodligi va mehr-oqibat oyligi» doirasida xayrli va savobli tadbirlar izchil davom etmoqda.
Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti hamda Xo‘jayli tumanidagi «Pirim eshon» jome masjidi hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qozisi B.Razov, qozi o‘rinbosari A.Djolaushiyev, Xo‘jayli tumani bosh imom-xatibi I.Sherniyazov, shahar va tuman bosh imomlari hamda joriy yilda Haj ziyoratini ado etib qaytgan hoji otalar ishtirok etdilar.
Saxovatpesha homiylar ko‘magi bilan tashkil etilgan ushbu aksiya doirasida tumanning 14 ta mahallasida yashovchi 70 dan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi. Xonadonlarga tashrif buyurilib, farzandlar uchun maktab formalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi, diniy soha vakillari va hoji otalar fuqarolar bilan samimiy muloqotda bo‘lib, ularning fikr-mulohazalarini tingladilar.
Xalqimizga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik kabi yuksak qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qiladigan bu kabi xayriya tadbirlari respublikamiz bo‘ylab davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati