Bugun, 8 noyabr kuni Toshkent shahrida tashkil etilgan “Yil imomi-2017” ko‘rik tanlovi g‘olibi aniqlandi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahar Shayxontohur tumani “Oqilon” jome masjidi imom-xatibi Isomiddin Ahrorov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olibga O‘zbekiston musulmonlari idorasining birinchi darajali diplomi va noutbuk kompyuteri topshirildi.
Toshkent viloyati Qibray tumani “Sa’dulla ota” jome masjidi imom-xatibi Obidjon Mirhamidov ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, unga O‘zbekiston musulmonlari idorasining ikkinchi darajali diplomi va LCD Televizor taqdim etildi.
Navoiy viloyati Nurota tumani “Chil Ustun” jome masjidi imom-xatibi Jamoliddin Mubinov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasining uchinchi darajali diplomi va kichik isitgich pech berildi.
G‘oliblar va ishtirokchilarga ko‘rik tanlov homiylari bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamg‘armasi, “Movarounnahr” nashriyoti va Toshkent shahridagi “Qo‘yliq ota” jome masjidi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

{gallery}//yil-imomi{/gallery}
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
matbuot xizmati
Bugungi axborot asrida inson ongi va qalbi uchun kurash yangi bosqichga chiqdi. Ayniqsa, diniy qadriyatlarga hurmat kuchli bo‘lgan jamiyatlarda kishilarning muqaddas tuyg‘ularidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, ya’ni manipulyatsiya holatlari tez-tez bo‘y ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar bunday ta’sir o‘tkazishning eng qulay maydoniga aylanib qoldi.
Diniy hissiyotlar orqali ommani junbushga keltiruvchilar, odatda, xolis tahlil va ilmiy asoslarga emas, balki insonning ehtiroslariga urg‘u beradilar. Ularning asosiy quroli emotsional chaqiriqlardir. Masalan, biror ijtimoiy muammoni diniy bo‘yoqlar bilan bo‘rttirish orqali odamlarda himoyalanish yoki agressiya instinktini uyg‘otishadi.
Bunday vaziyatda inson aql bilan fikrlashdan to‘xtaydi va o‘zi bilmagan holda fitnachilarning qo‘lidagi qurolga aylanadi. Vaholanki, Islom dini har bir xabarni tekshirishga va aql bilan ish tutishga chaqiradi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar...” (Hujurot surasi, 6-oyat).
Bugungi kunda yetarli ilmi bo‘lmay, ammo notiqlik mahorati bilan ommani ergashtirayotgan qatlam shakllandi. Ular ko‘pincha murakkab fiqhiy yoki aqidaviy masalalarni yuzaki va populistik tarzda talqin qiladilar. Buning natijasida jamiyatda ixtilof paydo bo‘ladi, ulamolarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otiladi.
Diniy hissiyotlarni suiiste’mol qilish jamiyatni ichdan yemiradi. Birinchidan, bu jarayon yoshlarni manipulyatsiya qiladi. Ikkinchidan, jamiyat muvozanatini buzishga qaratilgan xurujlarga yo‘l ochadi. Eng yomoni, bunday harakatlar dinning asl mohiyati tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat ekanini chetga surib, uni nizolar manbai sifatida ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Bunday xavflarga qarshi eng samarali raddiya, bu savodxonlikdir. Har bir musulmon axborot gigiyenasiga amal qilishi, internetda eshitgan har qanday ta’sirli gapni mutlaq haqiqat deb qabul qilmasligi lozim.
Din najot va sakinat manbai bo‘lib, kimlarningdir g‘arazli yoki shaxsiy manfaatlari yo‘lida qo‘llaniladigan boshqaruv vositasi emas. Muqaddas tuyg‘ularimizni virtual firibgarlardan himoya qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi