Anvar va Umar sahroda bir necha kun yurishdi. Ular suv tugagandan so‘ng ikki kun yo‘lda davom etishdi. Chanqoq ularni sillasini qurutdi. Quyosh otash kabi ularni yondirardi. Berahm sahroning qumlari esa oyoqlarini kuydirardi. Ular tashnalikdan qiynalib, qadam-baqadam umidsizlanib borishardi. Ikkisi ham suvga olib boradigan eng yaqin yo‘l haqida pichirlashardi. Anvar: “Bu eng yaqin yo‘l”, deb qo‘li bilan ko‘rsatsa, Umar qarshi tomonga ishora qilardi. Fikrlari bir joydan chiqmagan do‘stlar janjallashib qolishdi. Bu esa Anvar do‘stining yuziga bir tarsaki urushi bilan yakunlandi. Umar unga javob qaytarmay, qumga: “Bugun do‘stim bilan tortishib qoldim. Shu uchun, u meni yuzimga bir tarsaki urdi”, deb yozib qo‘ydi.
Ikki do‘st yo‘lda davom etishdi. Uzoqda anhor ko‘rindi. Anvar yugura boshladi. Umar ham do‘stining ortidan chopib, undan o‘zib ketdi. Umarni tashnalik va chanqoq shu qadar azoblagandiki, u suzishni bilmasligini unutib, o‘zini anhorga otdi. U suvga tushdiyu cho‘ka boshladi. Anvar kelib, do‘stini qutqardi.
Umar cho‘ntagidan pichoq olib, harsang toshga: “Bugun do‘stim mening hayotimni saqlab qoldi”, deb yozib qo‘ydi. Uning bu ishidan do‘sti hayron bo‘lib: “Yuzingga tarsaki urganimda qumga yozding. Joningni saqlab qolganimda esa, toshga yozyapsan?”, dedi. Umar: “Yuzimga urganing bir hodisa edi xalos. Shamol kelib, yozuvni o‘chirib yuboradi. Xuddi shuningdek, tarsaki ham yodimdan o‘chiriladi. Lekin, o‘limdan asrab qolganing ulug‘ ish. Shu bois uni toshga o‘yib yozdim. Bu yozuv toshdan o‘chmaganidek, mening yodimda ham abadiy qoladi. Zero, Yaxshi do‘st xatolarni unitib, go‘zal sifatlarni yodda saqlaydi”, dedi.
Marg‘ilon shahridagi "Qutayba ibn Muslim"
jome masjidi imom xatibi Tursunboy G‘ANIYEV
Bu yilgi haj safari yuqori saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidlash joiz. Hojilarimiz uchun barcha tashkiliy masalalar puxta yo‘lga qo‘yilgan. Safardan tortib joylashish, ovqatlanish, transport va tibbiy xizmatgacha bo‘lgan barcha jarayonlar tizimli tashkil etilgani sababli ziyoratchilarimiz xotirjam holda ibodatlarini ado etishyapti.
Ayniqsa, keksalar va ehtiyojmand hojilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik alohida tahsinga loyiq. Har bir hojining kayfiyati ko‘tarinki, ruhiyati tetik. Ularning chehralarida mamnuniyat va shukronalikni ko‘rish mumkin.
Shu bilan birga, safar davomida hojilarimiz uchun muntazam ma’rifiy suhbatlar, diniy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Bu suhbatlarda haj ibodatining mazmun-mohiyati, odob-axloq masalalari, yurt tinchligi va qadriyatlarimiz haqida fikr almashilmoqda. Bu esa ziyoratchilarimizning ma’naviy olamini yanada boyitishga xizmat qilmoqda.
Hojilarimiz yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlar va muqaddas safar uchun ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnun holda, xalqimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi va yurtboshimiz haqlariga samimiy duolar qilishmoqda.
Abduqahhor YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi