Shu yil 16 yanvar' kuni “Ko'kaldosh” o'rta-maxsus islom bilim yurtining 4-kurs talabalari ustozi bilan birga O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazining faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Markaz bosh mutaxassisi Habibulloh domla Abdulg'affor talabalarga O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi 2022 yilda tashkil etilgani, ayni paytda bu erda 20 ga yaqin ulamo xizmat qilayotgani, Markaz xodimlari mo'min-musulmon xalqimiz diniy ehtiyojini ta'minlash maqsadida bugungi kundagi muhim mavzular yuzasidan fatvolar ishlab chiqish, Respublikamizdagi masjidlarga juma tezislarini tayyorlash, fuqarolarni bevosita qabul qilish va Koll-markazda telefon orqali kelib tushgan savollarga javob berish, OAVlarida chiqishlar qilish kabi vazifalar bilan shug'illanishi haqida batafsil ma'lumot berdi.
Tashrif davomida talabalar Fatvo markazining zamonaviy Koll-markazi faoliyatiga alohida qiziqish bildirishdi. Mutaxassis tomonidan bu erda har kuni o'rtacha 200-250 ta, 1 oyda esa 6-8 ming ta savolga javob berilishi, Ramazon va Qurbon hayiti kunlari bu miqdor keskin oshib ketishi bois 24/7 uzluksiz qo'ng'iroqlarni qabul qilish tartibiga o'tilishi haqida so'zlab berildi.
Bilim yurti talabalari Fatvo markazi faoliyati bilan tanishish chog'ida bu erda faoliyat yuritayotgan ustozlardan o'zlari uchun muhim tavsiya va maslahatlar olishdi.


O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #Quron_musobaqasi
Bugun, 24 noyabr kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida «Qur’on va qiroat ilmlari» fan oyligi doirasida an’anaviy Qur’oni karim musobaqasining final bosqichi boshlandi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, rais o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov va Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov, «Qur’on ilmlari» kafedrasi ustozlari, taniqli qorilar, talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Marosimni ochib bergan Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov so‘nggi yillarda Diniy idora tizimida va yurtimizda Qur’on ilmlarini o‘rganish borasida katta yutuqlarga erishilayotgani, xususan, joriy yilda oliy ma’had tarixida ilk bor "Tafsir va Qur’on ilmlari" bo‘yicha magistrlik mutaxassisligi ochilganini ta’kidlab, ishtirokchilarga omad tiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov yig‘ilganlarni Muftiy hazratlari va idora rahbariyati nomidan muborakbod etdi. U yurtimizda qorilarning son va sifat jihatidan yuksalib borayotgani, buning samarasi Ramazon oyidagi xatmi Qur’onlarda yaqqol namoyon bo‘layotganini qayd etib, mazkur musobaqa mohir qorilarni saralash va yoshlarni yuksak qorilik maqomiga rag‘batlantirishga xizmat qilishini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov Davlatimiz Rahbari tomonidan Qur’on ahli va hofizi kalomlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor hamda moddiy-ma’naviy rag‘bat xususida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, bugungi musobaqada to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha jami 12 ta sovrinli o‘rin (1-, 2- va 3-o‘rinlar) sohiblariga Muftiy hazratlari nomidan ham munosib mukofotlar ajratilganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov Qur’on musobaqasi ta’lim muassasalaridagi fan oyliklarining gultojisi ekanini ta’kidladi. U kelgusi yildan 10 ta o‘rta maxsus va 4 ta oliy diniy ta’lim muassasasi o‘rtasida Qur’on musobaqalarini keng miqyosda qayta jonlantirish rejalashtirilayotganini aytib, ustozlar oldida xalqaro maydonlarda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘taradigan mohir qorilarni tayyorlash vazifasi turganiga urg‘u berdi.
Bu yilgi musobaqaning muhim yangiligi shundaki, tilovat yo‘nalishida ilk bor modul ta’lim tizimida tahsil olayotgan imom va noiblar ham qatnashmoqda. To‘rtta yo‘nalishda (yigitlar va qizlar o‘rtasida hifz hamda tilovat) o‘tkazilayotgan bellashuvda kunduzgi va modul ta’lim talabalarining Qur’oni karimni yoddan o‘qishi, tajvid qoidalariga rioya etishi, oyatlarni tajvidiy tahlil qilishi hamda ovoz va tarannum mahorati baholanmoqda.
Ishtirokchilarning chiqishlarini «Qur’on ilmlari» kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne’matov raisligidagi, tajribali ustozlar hamda misrlik Islom Abdulatiy qoridan iborat hakamlar hay’ati baholab bormoqda.
Ushbu musobaqa iqtidorli qorilarni kashf etish, yoshlarda Kalomullohga muhabbatni oshirish hamda xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan mohir hofizi Qur’onlarni tayyorlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati