Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

Mas’uliyat yukini his etgan tolibi ilmlar

02.11.2017   4980   6 min.
Mas’uliyat yukini his etgan tolibi ilmlar

Bugun Toshkent islom institutida Maxsus sirtqi bo‘limga 2017-18 o‘quv yili boshlanayotgani munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Movarounnahr” nashriyoti xodimlari, “Ko‘kaldosh” madrasasi mudarrislari, institutda ta’lim olgan, bugungi kunda faol mehnat qilib, ilmu ma’rifat tarqatayotgan olimu ulamolar, musulmonlar idorasiga uzoq yillar mehnati singgan, hozirgi kunda esa keksalik gashtini surayotgan faxriylar, ommaviy axborot vositalari vakillari taklif qilindi.

Mehmonlar yig‘ilib, hamma o‘z joyini egallagach, O‘zbekiston Respublikasining Davlat Madhiyasi yangradi.

Qur’oni karimdan tilovat qilinib duolar qilingach institut rektori Uyg‘un G‘afurov tadbirni ochiq deb e’lon qildi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga so‘z berdi.

Talabalarga ezgu tilaklar bildirgan muftiy hazratlari yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, xususan, diniy sohaga qaratilayotgan e’tibor borasida ham so‘z yuritib, ana shu jarayonlarda har bir kishining, ayniqsa, imom-xatiblarning o‘rni, bajargan ishlari ko‘zga tashlanib turishi zarurligini ta’kidladilar. Buning uchun esa ularning ilmi zo‘r, dunyoqarashi boy, nutqi ravon bo‘lmog‘i zarurligiga urg‘u berib, endilikda o‘qish – dars jarayonlari har doimgidan-da kuchli, talab qattiq bo‘lishini aytarkan, jumladan bunday dedilar:  “Biz o‘z oldimizga Imom, Imom Moturidiy... kabi olimlarni yetishtirishni vazifa qilib olib, shu ishga bel bog‘ladik va Allohdan astoydil so‘rab harakat etmoqdamiz”. Buning uchun sizga hamma sharoit muhayyo qilingan. Sizdan talab qilinadigani esa faqat o‘qishu uqish va ijodkorlik faoliyatidir”.

Shundan keyin Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘tkirbek Hasanboyev, O‘zbekistonda Islom  sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Munavvarovlar tabrik so‘zlari aytib, talabalarga ilm olishdek sharafli va mashaqqatli ishlarida muvaffaqiyatlar tilashdi.

So‘ngra muftiy hazratlari Maxsus sirtqi bo‘lim talabalariga ramziy talabalik guvohnomasini topshirdilar.

Kirish imtihonida eng yuqori ballarni qo‘lgan kiritgan talabalar – Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Tohirjon Ro‘ziyev va Zangiota tumani imom-xatibi Nurali Mavlonovlar so‘zga chiqib, ustozlarga o‘zbek va arab tillarida minnatdorchilik bildirganlaridan keyin muftiy hazrat duoi xayr qilayotib yosh talabalarga ibrat uchun bunday dedilar: “Tohirjon Ro‘ziyev ham dehqon, ham imom-xatib, ham talaba. Bu – shariatu tariqatga mahkam amal qilib kelgan bobolarimizning a’moli: ham halol mehnat qilib tirikchiligini o‘tkazadi, ham xalqqa ilm o‘rgatadi, ham o‘zi ilm o‘rganadi”.  Arabchada nihoyatda fasohat bilan gapirib muazzam shoirimiz, marhum Erkin Vohidovning hayot mohiyati haqidagi dilbar she’rini ifodali tarzda o‘qib bergan Nurali Mavlonov  haqida ham chiroyli gaplarni gapirib keyin duoga qo‘l ochdilar. 

O‘ZBЕKISTON MUSULMONLARI IDORASI RAISI, MUFTIY USMONXON ALIMOV HAZRATLARINING USHBU BAYRAM TADBIRIDA SO‘ZLAGAN NUTQI

Bismillahir rahmonir rahim

Mo‘min-musulmon bandalariga ilm olishni farz qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin, “Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir” degan Habibimiz, ikki dunyo sarvari Muhammad sallallohu alayhi va sallamga va u zotning oilalari hamda sahobalariga durudu salavotlarimiz bo‘lsin. 

Assalomu alaykum, aziz mehmonlar, ustozlar, tolibi ilmlar va imom domlalarimiz!

Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda yurtimizda barcha sohalarda keng ko‘lamda islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, diniy sohadagi ulkan islohotlar va yutuqlarni sanab sanog‘iga yeta olmaymiz. Albatta, bu islohotlar diniy soha vakillari zimmasiga katta mas’uliyatni yuklaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi boshchiligida diniy ta’lim muassasalari mudarrislari, imom domlalarimiz va shu soha vavillari ham davlatimiz tomonidan diniy sohaga berilayotgan katta e’tiborga javoban, yurtimiz ravnaqi va xalqimiz ma’rifati rivoji yo‘lidagi islohotlarga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.   

Hozirda idora tasarrufida 11 ta diniy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ular zamonaviy talablarga javob beradi. Bugun yoshlarimizning diniy ta’lim olishlari uchun ham barcha sharoitlar yaratib berildi. O‘zbekistonda diniy ta’lim tizimi jadal rivojlanib, mutlaq yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu tizim nafaqat qo‘shni mamlakatlar, balki, ko‘pgina xorijiy davlatlar uchun ham o‘ziga xos tajriba namunasiga aylandi.

Misol tariqasida keyingi bir yil ichida diniy ta’lim sohasida erishilgan yutuqlarni zikr etsak:

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Buxoroda Mir Arab Oliy madrasasi tashkil etildi. Bu o‘quv yilida 60 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi.
  • O‘rta maxsus diniy ma’lumot bilan birgalikda oliy dunyoviy ma’lumotga ega imom-xatib va pedagog-o‘qituvchi vazifalarida faoliyat olib borayotgan kadrlar to‘liq oliy diniy ma’lumotga ega bo‘lishlari uchun Toshkent islom institutida 6 oylik qayta tayyorlash kurslari ochilishi arafasida turibdi.
  • Respublikamizda faoliyat yuritayotgan ikki mingdan ziyod masjidlarni oliy diniy ma’lumotga ega imom-xatiblar bilan ta’minlash uchun Toshkent islom institutida 3 yillik maxsus sirtqi bo‘lim tashkil etildi. Mana bugun biz mazkur sirtqi bo‘lim ochilishining guvohi va shaxsan ishtirokchisi bo‘lib turibmiz.
  • Idora tomonidan O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarini ilmiy-mafkuraviy salohiyatga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, diniy ta’lim muassasalari xodimlari va respublika masjidlarida faoliyat ko‘rsatayotgan imom-xatiblarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb qilish, qur’onshunoslik, hadis, fiqh, aqida yo‘nalishlari bo‘yicha ilohiyotshunoslik fanlari doktorlari va tadqiqotchilarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilmoqda.
  • O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining tashabbusi bilan internet orqali Aqida, Tafsir, Fiqh, Siyrat, Hadis va Arab tili fanlaridan onlayn shaklda darslar tashkil etildi.

Shuningdek, Samarqand viloyatida "Hadis ilmi maktabi" va "Kalom ilmi" maktabi,

Farg‘ona viloyatida "Islom huquqi" maktabi;

Buxoro viloyatida "Tasavvuf" maktabi;

Qashqadaryo viloyatida "Aqida ilmi" maktabi tashkil etildi.

Alloh taolodan bu kabi yangiliklarni bardavom qilishini so‘rab, bugungi kunda o‘qishni boshlayotgan imom domlalarimizga o‘qishlarida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.    

E’tiboringiz uchun rahmat.

Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh.

 {gallery}/01-11-2017/02-11-17{/gallery}

 

 

 

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar

“Subhanalloh” nima degani?

21.07.2025   696   1 min.
“Subhanalloh” nima degani?

حدثنا أبو جعفر محمد بن علي الوراق نا عبيد الله بن محمد أبو محمد القرشي التيمي نا عبد الرحمن بن حماد نا حفص بن سليمان أنا طلحة بن يحيى بن طلحة عن أبيه عن طلحة بن عبيد الله قال: سألت رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم عن تفسير سبحان الله قال: فقال: هو تنزيه الله عن كل سوء.

 

Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamdan “Subhanalloh”ning tafsiri haqida so‘radim. U zot alayhissalom: “U Alloh taoloni har qanday nopoklikdan poklashdir”, dedilar”.

Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD