Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston-Ozarbayjon misolida” xalqaro ilmiy-amaliy anjumani ishtirokchilarini diyorimizning eng mo‘tabar maskanlari bo‘lgan Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlari bo‘ylab, aziz-avliyolar xoki poklari qo‘nim topgan joylarni ziyorat qilishga taklif qilgan edilar.
Muftiy hazratlarining takliflariga binoan e’tiborli mehmonlar kuni kecha poytaxtdagi mo‘tabar joylarni ziyorat qildilar hamda ularni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qabul qildilar.
Kecha tongdan mehmonlar muftiy hazrat boshchiligida «Afrosiyob» tezyurar poyezdiga o‘tirib Samarqandga qarab yo‘lga tushgan edi. Ular kunning birinchi yarmida Samarqandga yetib borishdi. Ularni viloyat rahbarlari va olimu ulamolari, navqiron yoshlar hamrohligida katta xursandchilik bilan kutib olishdi. Nufuzli mehmonlar “Registon plaza» mehmonxonasiga joylashdi va Imom Buxoriy hazratlarining ziyoratiga kelib, juma namozini ushbu muborak maskanda o‘qidilar. So‘ngra O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qabrini, Hazrat Doniyor maqbarasini ziyorat qilishdi. Mirzo Ulug‘bek rasadxonasiga borgan mehmonlar rasadxonaning naqadar puxta ilmga asoslangan holda qurilganiga yana bir bor iqror bo‘lib, ulug‘ bobokalonimizning zakosiga qoyil qolganini izhor etdilar. Bu makonda ne-ne buyuk olimlar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgani, ularning bebaho ilmiy merosini topib o‘rganish masalasida astronom olimlarga ko‘mak berish zarurligi to‘g‘risida fikr almashdilar.
Siyob bozoriga tashrif buyurgan mehmonlar sarxil mevalarni ko‘rib ularni yetishtirgan bobodehqonlarning haqlariga duolar qilishdi. Bozor ahli bilan dildan suhbatlashdilar.
Bozordan chiqib Go‘ri Mir maqbarasiga, Registon maydoniga yo‘l oldilar bu tabarruk makonda yotgan ulug‘larning ruhlariga bag‘ishlab tilovatlar qildilar. Shuning bilan ularning Samarqand shahridagi diqqatga sazovor joylar bo‘ylab uyushtirgan ziyoratlari yakunlandi.
Anjuman ishtirokchilari bugun Buxoroga borib “Grant Buxoro” mehmonxonasiga joylashib, bir oz hordiq chiqarganlaridan so‘ng Mir Arab madrasasiga bordilar. Zero, ularning ko‘plarining ana shu madrasa bilan bog‘liq go‘zal xotiralari bor. Ular ushbu madrasada o‘qib, ilm olgan, umrining gullagan davrini – yoshlik yillarini ana shu muazzam maskanda o‘tkazgan. Ularning o‘zlari bu joyni “O‘zbekiston – ikkinchi vatanim, Buxoro – ona shahrim” deb e’zozlaydi.
Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti va oliy madrasa ustoz-mudarrislari va talabalari bilan dildan suhbat qurgan mehmonlar ularga o‘zlari o‘qigan davr sharoiti, muhtaram ustozlari, kursdosh do‘stlari haqida ibratli va qiziqarli xotiralarni so‘zlab berdilar. Shu asnoda go‘yoki ularning o‘zlari ham yoshlik davriga qaytgandek bo‘ldi.
Qalblarida g‘ayrat-shijoati, ko‘zlarida ustodlarga samimiy muhabbati aks etib turgan talabalar Bahouddin Naqshband majmuasiga bormoqchi bo‘lgan mehmonlarni ancha yo‘lga kuzatib bordilar.
Bahouddin Naqshband hazratlarining ziyoratiga kelgan mehmonlar u zotning haqqiga duo qilganlaridan so‘ng bu joyni shunday obod va ko‘rkam maskanga aylantirgan zotlarning ham haqlariga duo qildilar.
Damin JUMAQUL
Konferensiya ishtirokchilari «Bahouddin Naqshband" majmuasida
Mehmonlar «Mir Arab» madrasasida
Mehmonlar «Mir Arab» oliy madrasasida
Hurmatli muxlislar, "Islom hamjihatligi: O‘zbekiston – Ozarbayjon misolida” xalqaro anjuman ishtirokchilarining O‘zbekistonga qilgan tashriflari o‘z yakuniga yetdi. Ular bir necha daqiqa oldin azim Buxoro shahridan Baku shahriga olam-olam taassurotlar bilan jo‘nab ketishdi. Ularni Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev, Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari kuzatishdi. Aziz mehmonlarimizga oq yo‘l tilaymiz!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:
– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.
– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.
– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.
Shunda bog‘ egasi:
– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.
Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:
– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.
Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.
Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: “Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.
Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.
“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.
Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.