Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2025   |   8 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:05
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2025, 8 Rajab, 1447

Vaqt – qadri ulug‘ ne’mat.

17.10.2017   22011   8 min.
Vaqt – qadri ulug‘ ne’mat.

Islom vaqtning qadr-qimmatini bildiradigan va uni juda e’zozlaydigan din.

Vaqt – go‘yo hayot kiyimi to‘qiladigan iplar bo‘lib, uning pishiq va nafisligiga qarab hayot aziz va bebaho bo‘ladi. Agar iplar yomon va to‘zigan bo‘lsa hayot ham tuban, bema’no va mazmunsiz bo‘ladi. Vaqtning yana bir xususiyati agar u o‘tib ketsa, qaytib kelmaydi. Vaqt inson sarf qiladigan asosiy dastamoyasidir. U qanchalik ko‘p bo‘lsa ham ozdir. Oz bo‘lsayu barakali bo‘lsa, u ko‘pdir. Inson o‘z hayotining har bir daqiqa va lahzasidan unumli va barakali foydalanib, uni yaxshi amallar qilishga sarflashi vojibdir. Shunda u Hazarati Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) marhamat qilib aytgan hadisi shariflari mazmuniga muvofiq ish tutgan bo‘ladi. Rasuliakram (s.a.v) dedilar:

“Qiyomat kunida bandaning qadami to to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi; umrini qanday o‘tkazgani, yoshligida nima qilgani, molini qayerdan topib nimaga sarf qilgani, ilmiga qay darajada amal qilgani haqida” – deyiladi.

Islom ta’limoti yalqovlik, loqaydlik, beparvolik kabi ijtimoiy illatlardan uzoqda bo‘lishimizga, undan panoh tilashimizga amr qiladi va har vaqt har kuni erta turishga va xayrli amallarni qilishga, hamda yoshlik, sihhat-salomatlik, boylik, bo‘sh vaqt va dunyo hayotini g‘animat bilishga chorlaydi. Imom  at-Termiziy  rivoyat  qilgan  ushbu  xadisda Rasululloh s.a.v nasihat  kilib:

 “Besh narsani besh narsadan oldin g‘animat biling: keksalikdan oldin yoshlikni, betoblikdan oldin salomatlikni, faqirlikdan oldin boylikni, bandlikdan oldin bo‘sh vaqtingni, o‘limingdan oldin tiriklikni g‘animat biling ”. –dedilar.

Buyuk olim va vo’iz imom Hasan Basriy (r.h) aytadilar: “Har kun tong yorishganda Alloh taolo tomonidan bir jarchi: “Ey Odam bolasi! Men yangi kunman. Sening barcha amalingga guvohman. Mendan bu kunda solih amallar qilib, foydalanib qol, chunki men to qiyomatgacha senga qaytmayman,-deb jar soladi”.

Inson aziz umrini va oltindan ham qimmatli bebaho vaqtini g‘animat bilishi lozimligini Qur’oni karim oyatlari shunday talqin qiladi:

Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg‘ambar) ham kelgan edi-ku!...”.

Ulug‘ ajdodlarimiz kunlarini, vaqtu soatlarini foydali ish qilishga, go‘zal ahloqiy va ilmiy darajalarga yetishish yo‘lida sarf qilishda doim ogoh va sergak edilar. Shuning uchun ham ularning bugunlari kechagisidan, ertangi kunlari bugungisidan a’lo va afzal bo‘lardi. Ular: “Vaqt qilichdir, agar sen uni kesmasang u seni kesadi”.-degan hikmatli so‘zga  amal qilishgan.

Har birimiz o‘tayotgan kunimiz, vaqtimizdan ibrat olmog‘imiz lozim. Zero, kecha va kunduz yangilarni eskirtiradi, uzoqlarni yaqin qiladi, umrlarni qisqartiradi, yoshlarni qaritadi, keksalarni foniylik sari yetaklaydi. Hukamolardan biri shunday deydi: “Kim kunini bekorga o‘tkazsa, bir yaxshi amalni qilmasa, insonlarga chiroyli so‘z yoki yaxshi muomala qilmasa, bir ilmu ma’rifat hosil qilmasa, u kuniga jabr qilib, o‘ziga zulm qilibdi”. Dono xalqimizda bir maqol bor, unda shunday deyiladi: “Vaqting ketdi, baxting ketdi” Ha, vaqt go‘yo ulug‘ baxt kabidir, uni g‘animat bilmaslik katta gunohdir: Kunlar, vaqtlar tinmay o‘tsa-yu, qaytib kelmas daqiqalarimizga beparvo bo‘lsak, bundan pandu-nasihat olmasak, ikki dunyo saodatiga aslo musharraf bo‘la olmaymiz. Albatta, oqilu donishmand inson atrofga ibrat nazari bilan boqadi, dunyoda kechayotgan hodisa va o‘zgarishlarga, oltindan qimmatli vaqtni qadrlash zarurligini qalbida tasdiqlaydi va shunga muvofiq ish tutadi.

Ulug‘ piru murshidlardan biri Bahouddin Naqshband hazratlari bunday deb marhamat qilganlar: “Kim vaqtini zoye ketkazsa, vaqt uning dushmaniga aylanadi, nafasning zoye bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang va undan ehtiyot bo‘ling”.

Donishmandlardan biri shunday degan ekan: “Uch kunlik dunyoni bir kun deb hisobla. Bir kun o‘tib ketdi, yana bir kuni keladimi,  yo‘qmi, Alloh biladi. Sen hozirgi kuningni g‘animat bilib, harakatdan to‘xtama”. Biz uchun umrimiz necha kundan iboratligi emas, balki bugungi kunimizda, ayni lahzalarda qanday yashay olishimiz muhim. Bugunimizni, hozirimizni qanday o‘tkazishimiz ahamiyatli. Zero, ulug‘lar aytganidek, odamzot hayoti tejalgan vaqtga qarab uzayadi.

 Jamiyatimizdagi barcha insonlar, ular kim va qanday mavqega ega bo‘lmasinlar, ayniqsa, kelajagimiz bo‘lgan yoshlarimiz, aziz farzandlarimiz oltindan qimmat vaqt va undan unumli foydalanish va uni g‘animat bilishi lozimdir. Buning uchun har bir kishi hayotdagi mas’uliyatini chuqur anglagan holda ish tutmog‘i zarur bo‘ladi. Shuning uchun yoshi ulug‘ keksalarimiz, muhtaram ota-onalar farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasiga  beparvo bo‘lmasligimiz ularni o‘z vaqtlarini to‘g‘ri, solih foydali amallar qilishga sarflashni o‘rgatishimiz kerak. Ayniqsa, shu kunlarda ularni hur diyorimizda ilm maskanlari eshiklari kasb-hunar egallash uchun ochib berilganda vaqtni g‘animat bilib, barcha diqqat e’tiborlarini chuqur bilim olishga undashimiz darkor bo‘ladi. Chunki, bugungi kunimiz va porloq kelajagimiz, ana shunday salohiyatli farzandlarimiz qo‘lidadir. Inson hayotda o‘z oldiga ma’lum bir maqsadni qo‘ygan bo‘ladi, ana shu maqsadga erishishda vaqtdan va o‘z imkoniyatidan o‘rinli foydalanishni rejaga solishi ayni muddaodir. “Vaqtni zoye qilish” yo‘lida ayrim kishilar tutgan yo‘ldan mutlaqo yurmaslik, balki insonga berilgan vaqt va hayot muddati Alloh taolo tomonidan chegarali berilganini va uni o‘z o‘rnida ishlatish insonga hayotiy dunyo baxtini va uxroviy dunyo saodatini topishi yo‘lida asosiy omil ekanini yaxshi bilishi kerak bo‘ladi.

Oqil kishi vaqtga beparvo bo‘lishi mutlaqo mumkin emas. Xasis odam mol-dunyoga ziqna bo‘lganidek, musulmon kishi ham vaqti bekor ketishiga rozi bo‘lmasligi kerak.

Inson ba’zan o‘zi yashab o‘tkazgan hayotga qaraydi. Hayoti boshlangan soatdan xisoblab, shuncha yil, shuncha kun yashabman-a, deydi. Lekin bu muddat unga bir kun o‘tganga ham o‘xshamaydi. Inson bu haqiqatni shu dunyoning o‘zidayoq his etmoqda.

       Dinimiz vaqtni g‘animat bilishga undab, sahar vaqtida ibodat uchun turishga buyuradi. Kunning avvalgi qismidan unumli foydalangan kishi qolgan qismini ham zoya ketkazmaydi. Buning uchun quyosh chiqmasdan ilgari uyqudan uyg‘onish va bomdod namozini belgilangan vaqtda ado etish kerak. Rasululloh alayhissalom aytganlar: «Ey Allohim, erta sahardan uyqularidan turgan ummatlarimga barakot ato qilgin». Choshgoh vaqtigacha uxlash g‘aflat uyqusidir. Boshqalar dunyosi va oxiratlari uchun qimirlab-harakat qilib turgan bir vaqtda uxlab yotish hech durust emas. Rasulullohning qizlari Fotima onamiz aytadi: «Ertalab uxlab qolgan ekanman, otam meni uyg‘otib, shunday dedilar: «Ey qizim, uyg‘oning, g‘aflat uyqusida bo‘lmang, Alloh subhdan to quyosh chiqqunicha rizqlarni taqsimlab beradi». Demak, dangasa yoki dangasa emaslikni o‘sha vaqtda uyg‘onish yoki uyg‘onmaslikka qarab bilsa bo‘lar ekan. Bandaning zimmasiga yuklatilgan vazifalar uning vaqtini oladi. Lekin shu bilan birga, u vazifalarni ado etishda vaqtlari ketsa ham undan ibrat va saboq olishlari mumkinligini eslatib qo‘yadi.

Demak, oltindan qimmat bebaho vaqtlarimiz, kunlarimiz, soatlarimiz va daqiqalarimiz hamda har bir kirayotgan va chiqayotgan nafaslarimiz hisob-kitobli ekanini aslo unutmaylik.

Alloh taolo barchamizga inson uchun berilgan bebaho umr va oltindan ham qimmatli vaqtni foydali va savobli ishlarni amalga oshirishda, umrning har bir daqiqasi buyuk fursat va g‘animat ekanini doimo esda tutib sa’yu-harakat qilishda yoru-madadkor bo‘lsin. 

 

Odiljon Narzullayev

Yangiyo‘l tumani  

«Jome’» jome

masjidi imom xatibi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ahli sunna val jamoa kimlardan iborat?

22.12.2025   9302   2 min.
Ahli sunna val jamoa kimlardan iborat?

Bu ummat boshidan oxirigacha bir aqida – ash’ariy-moturidiylik aqidasida edi. Mufassirlar, hadis shorihlari, fuqaholar, navh va lug‘at ulamolari, bularning deyarli barchasi e’tiqodda bir yo‘lni tutishgan edi. Bu gapni isbotlashga hojat yo‘q, bu haqiqat ekani kundek ravshan aksiomadir. Ulamolarning tarjimayi hollari haqida yozilgan kitoblar olimlarni bu mazhablarga madh va maqtov o‘laroq nisbat berganini ko‘rasiz. Buyuk ulamolar haqida ma’lumotlar keltirilganda Imom Falonchi, mazhabi shofe’iy, yo hanafiy, aqidada ash’ariy yo moturidiy, deyilgan. Ko‘pincha olimning tasavvufdagi tariqatiga ham to‘xtab o‘tiladi. Masalan, Imom Junayd tariqatida bo‘lsa, Junaydiy nisbati beriladi.

Bu odat yaqin-yaqingacha davom etib kelayotgan edi. Bunga birov e’tiroz ham bildirmagan, inkor ham qilmagan. Biron olim haqida gapirilar ekan, fiqhda to‘rt mazhabda qaysiga ergashishi, aqidada ash’ariymi moturidiymi qaysi manhajda ekani va tariqatdagi yo‘li bayon qilinmay qolmagan. 

Bu dastur ummatni sharqiyu g‘arbini, shimoliyu janubini ming yildan beri yagona qalbga, yagona fikr atrofiga jamlab keladi. Biron odam og‘risa, butun tana o‘sha kasal a’zo uchun qayg‘urib, davolashga kirishardi. 

Tariximizni ziynatlab turgan, bugungi sharmandaliklarni bir muncha to‘sib turgan tarixiy g‘alabalarimiz ham shu aqida, shu tafakkur vositasida qo‘lga kiritilgan.

Hittinda salibchilarni yer tishlatib, Quddusni qaytarib olgan Salohiddin Ayyubiy va uning qo‘shini ayni shu mazhab va tariqatlarda bo‘lishgan. Birontalari bugungi salafiylikni bilgan emas. 

Muzaffar Qutz, Zohir Beybars va ular bilan yelkadosh bo‘lgan Izz ibn Abdussalom kabi ulamolar mazhabda bo‘lishgan. Ayni Jolutda mo‘g‘ullarni tor-mor keltirishda ham asosiy qurolimiz birlik edi. O‘sha paytda boshini baland kerib: “Bid’atchisizlar, shirk keltiryapsizlar, qabrlarni ziyorat qilish shirk”, deb qichqiradigan shallaqilar bo‘lmagandi. 
 
Sulton Muhammadxon Fotih va uning qatoridagi olim va murshidlar dinda bir manhajni tutishgan edi. Kofirlar qo‘lida qolib ketgan shahar (Qustantiniya)ni fath qilib, mashhur hadisda kelgan bashoratga* noil bo‘lishdi. Ammo hadis musulmon ash’ariy-moturidiy qo‘mondon va uning qo‘shini haqida ekanidan qalblari yonib, hasad qilayotgan bugungi bemazhab toifalar hadisning tasdig‘ini buzib talqin qilishmoqda. (davomi bor)

Doktor Ahmad Muhammad Fozil,
Istanbuldagi Sulton Muhammad Fotih jome’asi,

islomiy ilmlar kulliyasi doktori

*Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Qustantiniya, albatta, fath qilinajak. Uning amiri naqadar yaxshi amir, qo‘shini naqadar yaxshi qo‘shin!”. (Imom Ahmad va Hokim rivoyati).

Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi
Abdulbosit Abdulvohid o‘g‘li tarjimasi

MAQOLA