Islom vaqtning qadr-qimmatini bildiradigan va uni juda e’zozlaydigan din.
Vaqt – go‘yo hayot kiyimi to‘qiladigan iplar bo‘lib, uning pishiq va nafisligiga qarab hayot aziz va bebaho bo‘ladi. Agar iplar yomon va to‘zigan bo‘lsa hayot ham tuban, bema’no va mazmunsiz bo‘ladi. Vaqtning yana bir xususiyati agar u o‘tib ketsa, qaytib kelmaydi. Vaqt inson sarf qiladigan asosiy dastamoyasidir. U qanchalik ko‘p bo‘lsa ham ozdir. Oz bo‘lsayu barakali bo‘lsa, u ko‘pdir. Inson o‘z hayotining har bir daqiqa va lahzasidan unumli va barakali foydalanib, uni yaxshi amallar qilishga sarflashi vojibdir. Shunda u Hazarati Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) marhamat qilib aytgan hadisi shariflari mazmuniga muvofiq ish tutgan bo‘ladi. Rasuliakram (s.a.v) dedilar:
“Qiyomat kunida bandaning qadami to to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi; umrini qanday o‘tkazgani, yoshligida nima qilgani, molini qayerdan topib nimaga sarf qilgani, ilmiga qay darajada amal qilgani haqida” – deyiladi.
Islom ta’limoti yalqovlik, loqaydlik, beparvolik kabi ijtimoiy illatlardan uzoqda bo‘lishimizga, undan panoh tilashimizga amr qiladi va har vaqt har kuni erta turishga va xayrli amallarni qilishga, hamda yoshlik, sihhat-salomatlik, boylik, bo‘sh vaqt va dunyo hayotini g‘animat bilishga chorlaydi. Imom at-Termiziy rivoyat qilgan ushbu xadisda Rasululloh s.a.v nasihat kilib:
“Besh narsani besh narsadan oldin g‘animat biling: keksalikdan oldin yoshlikni, betoblikdan oldin salomatlikni, faqirlikdan oldin boylikni, bandlikdan oldin bo‘sh vaqtingni, o‘limingdan oldin tiriklikni g‘animat biling ”. –dedilar.
Buyuk olim va vo’iz imom Hasan Basriy (r.h) aytadilar: “Har kun tong yorishganda Alloh taolo tomonidan bir jarchi: “Ey Odam bolasi! Men yangi kunman. Sening barcha amalingga guvohman. Mendan bu kunda solih amallar qilib, foydalanib qol, chunki men to qiyomatgacha senga qaytmayman,-deb jar soladi”.
Inson aziz umrini va oltindan ham qimmatli bebaho vaqtini g‘animat bilishi lozimligini Qur’oni karim oyatlari shunday talqin qiladi:
Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg‘ambar) ham kelgan edi-ku!...”.
Ulug‘ ajdodlarimiz kunlarini, vaqtu soatlarini foydali ish qilishga, go‘zal ahloqiy va ilmiy darajalarga yetishish yo‘lida sarf qilishda doim ogoh va sergak edilar. Shuning uchun ham ularning bugunlari kechagisidan, ertangi kunlari bugungisidan a’lo va afzal bo‘lardi. Ular: “Vaqt qilichdir, agar sen uni kesmasang u seni kesadi”.-degan hikmatli so‘zga amal qilishgan.
Har birimiz o‘tayotgan kunimiz, vaqtimizdan ibrat olmog‘imiz lozim. Zero, kecha va kunduz yangilarni eskirtiradi, uzoqlarni yaqin qiladi, umrlarni qisqartiradi, yoshlarni qaritadi, keksalarni foniylik sari yetaklaydi. Hukamolardan biri shunday deydi: “Kim kunini bekorga o‘tkazsa, bir yaxshi amalni qilmasa, insonlarga chiroyli so‘z yoki yaxshi muomala qilmasa, bir ilmu ma’rifat hosil qilmasa, u kuniga jabr qilib, o‘ziga zulm qilibdi”. Dono xalqimizda bir maqol bor, unda shunday deyiladi: “Vaqting ketdi, baxting ketdi” Ha, vaqt go‘yo ulug‘ baxt kabidir, uni g‘animat bilmaslik katta gunohdir: Kunlar, vaqtlar tinmay o‘tsa-yu, qaytib kelmas daqiqalarimizga beparvo bo‘lsak, bundan pandu-nasihat olmasak, ikki dunyo saodatiga aslo musharraf bo‘la olmaymiz. Albatta, oqilu donishmand inson atrofga ibrat nazari bilan boqadi, dunyoda kechayotgan hodisa va o‘zgarishlarga, oltindan qimmatli vaqtni qadrlash zarurligini qalbida tasdiqlaydi va shunga muvofiq ish tutadi.
Ulug‘ piru murshidlardan biri Bahouddin Naqshband hazratlari bunday deb marhamat qilganlar: “Kim vaqtini zoye ketkazsa, vaqt uning dushmaniga aylanadi, nafasning zoye bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang va undan ehtiyot bo‘ling”.
Donishmandlardan biri shunday degan ekan: “Uch kunlik dunyoni bir kun deb hisobla. Bir kun o‘tib ketdi, yana bir kuni keladimi, yo‘qmi, Alloh biladi. Sen hozirgi kuningni g‘animat bilib, harakatdan to‘xtama”. Biz uchun umrimiz necha kundan iboratligi emas, balki bugungi kunimizda, ayni lahzalarda qanday yashay olishimiz muhim. Bugunimizni, hozirimizni qanday o‘tkazishimiz ahamiyatli. Zero, ulug‘lar aytganidek, odamzot hayoti tejalgan vaqtga qarab uzayadi.
Jamiyatimizdagi barcha insonlar, ular kim va qanday mavqega ega bo‘lmasinlar, ayniqsa, kelajagimiz bo‘lgan yoshlarimiz, aziz farzandlarimiz oltindan qimmat vaqt va undan unumli foydalanish va uni g‘animat bilishi lozimdir. Buning uchun har bir kishi hayotdagi mas’uliyatini chuqur anglagan holda ish tutmog‘i zarur bo‘ladi. Shuning uchun yoshi ulug‘ keksalarimiz, muhtaram ota-onalar farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasiga beparvo bo‘lmasligimiz ularni o‘z vaqtlarini to‘g‘ri, solih foydali amallar qilishga sarflashni o‘rgatishimiz kerak. Ayniqsa, shu kunlarda ularni hur diyorimizda ilm maskanlari eshiklari kasb-hunar egallash uchun ochib berilganda vaqtni g‘animat bilib, barcha diqqat e’tiborlarini chuqur bilim olishga undashimiz darkor bo‘ladi. Chunki, bugungi kunimiz va porloq kelajagimiz, ana shunday salohiyatli farzandlarimiz qo‘lidadir. Inson hayotda o‘z oldiga ma’lum bir maqsadni qo‘ygan bo‘ladi, ana shu maqsadga erishishda vaqtdan va o‘z imkoniyatidan o‘rinli foydalanishni rejaga solishi ayni muddaodir. “Vaqtni zoye qilish” yo‘lida ayrim kishilar tutgan yo‘ldan mutlaqo yurmaslik, balki insonga berilgan vaqt va hayot muddati Alloh taolo tomonidan chegarali berilganini va uni o‘z o‘rnida ishlatish insonga hayotiy dunyo baxtini va uxroviy dunyo saodatini topishi yo‘lida asosiy omil ekanini yaxshi bilishi kerak bo‘ladi.
Oqil kishi vaqtga beparvo bo‘lishi mutlaqo mumkin emas. Xasis odam mol-dunyoga ziqna bo‘lganidek, musulmon kishi ham vaqti bekor ketishiga rozi bo‘lmasligi kerak.
Inson ba’zan o‘zi yashab o‘tkazgan hayotga qaraydi. Hayoti boshlangan soatdan xisoblab, shuncha yil, shuncha kun yashabman-a, deydi. Lekin bu muddat unga bir kun o‘tganga ham o‘xshamaydi. Inson bu haqiqatni shu dunyoning o‘zidayoq his etmoqda.
Dinimiz vaqtni g‘animat bilishga undab, sahar vaqtida ibodat uchun turishga buyuradi. Kunning avvalgi qismidan unumli foydalangan kishi qolgan qismini ham zoya ketkazmaydi. Buning uchun quyosh chiqmasdan ilgari uyqudan uyg‘onish va bomdod namozini belgilangan vaqtda ado etish kerak. Rasululloh alayhissalom aytganlar: «Ey Allohim, erta sahardan uyqularidan turgan ummatlarimga barakot ato qilgin». Choshgoh vaqtigacha uxlash g‘aflat uyqusidir. Boshqalar dunyosi va oxiratlari uchun qimirlab-harakat qilib turgan bir vaqtda uxlab yotish hech durust emas. Rasulullohning qizlari Fotima onamiz aytadi: «Ertalab uxlab qolgan ekanman, otam meni uyg‘otib, shunday dedilar: «Ey qizim, uyg‘oning, g‘aflat uyqusida bo‘lmang, Alloh subhdan to quyosh chiqqunicha rizqlarni taqsimlab beradi». Demak, dangasa yoki dangasa emaslikni o‘sha vaqtda uyg‘onish yoki uyg‘onmaslikka qarab bilsa bo‘lar ekan. Bandaning zimmasiga yuklatilgan vazifalar uning vaqtini oladi. Lekin shu bilan birga, u vazifalarni ado etishda vaqtlari ketsa ham undan ibrat va saboq olishlari mumkinligini eslatib qo‘yadi.
Demak, oltindan qimmat bebaho vaqtlarimiz, kunlarimiz, soatlarimiz va daqiqalarimiz hamda har bir kirayotgan va chiqayotgan nafaslarimiz hisob-kitobli ekanini aslo unutmaylik.
Alloh taolo barchamizga inson uchun berilgan bebaho umr va oltindan ham qimmatli vaqtni foydali va savobli ishlarni amalga oshirishda, umrning har bir daqiqasi buyuk fursat va g‘animat ekanini doimo esda tutib sa’yu-harakat qilishda yoru-madadkor bo‘lsin.
Odiljon Narzullayev
Yangiyo‘l tumani
«Jome’» jome
masjidi imom xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Allohdan mag‘firat so‘rang! Albatta, Alloh mag‘firat qiluvchi va rahmli Zotdir” (Niso surasi, 106-oyat).
Bu xitob Nabiy sollallohu alayhi vasallamga qaratilgan bo‘lsa-da, u zot orqali butun ummatga, ularning har bir a’zosi va holatiga yo‘naltirilgandir.
Tasavvur qiling, Alloh subhanahu va taolo shaxsan sizga xitob qilib: «Allohdan mag‘firat so‘rang!» demoqda. Demak, istig‘forning sha’ni ulug‘dir. Zero, agar gunohlar bo‘lsa, Alloh ularni afv etadi, agar gunoh bo‘lmasa, bu bandalikni izhor qilish va darajalarning ko‘tarilishidir. Istig‘for yomonliklarga kafforat, yoki darajalarga yuksalishdir.
Istig‘forning ham dunyoda, ham oxiratda o‘z asarlari (natijalari) bor. Rivoyat qilinishicha, bir kishi shayxning huzuriga kelib, farzand ko‘rmayotganidan shikoyat qildi. Shayx unga: «Allohga istig‘for ayt», dedi. Boshqa birov kelib, yerlariga yomg‘ir yog‘may, qurg‘oqchilik bo‘layotganidan arz qildi. Unga ham: «Allohga istig‘for ayt», dedi. Uchinchi kishi yana boshqa bir muammo bilan kelganida, unga ham xuddi shu javobni berdi. Shunda odamlar: «Hamma dardning davosi istig‘formi?» deb so‘rashdi. Shayx ularga Alloh taoloning ushbu oyatlarini tilovat qilib berdi:
«Bas, dedimki: «Robbingizdan mag‘firat so‘rang, albatta U o‘ta mag‘firatlidir. U zot ustingizga osmondan baraka (yomg‘irini) yuboradi. Va sizga molu mulk, bola-chaqa bilan madad beradi va sizlarga bog‘u rog‘lar hamda anhorlarni beradi. Sizlarga nima bo‘ldiki, Allohning ulug‘vorligini (qo‘rqinchini) umid qilmaysiz?» (Nuh surasi, 10-13 oyatlar).
Bu istig‘forning dunyoviy, his qilinadigan natijalari borligiga, shuningdek, qalb nuri va sofligiga oid imoniy ta’sirlari hamda oxiratdagi samaralariga — Allohning avfi, yoziladigan hasanotlar va o‘chiriladigan gunohlarga dalildir: «Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi» (Hud surasi, 114-oyat). Shu bilan banda Allohning rahmati va mag‘firatining kengligida bo‘ladi.
Shu sababdan ham istig‘for qalb nuri va duolar ijobat bo‘lishining omillaridan biridir. Istig‘for Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning doimiy sunnatlaridan bo‘lgan. Shuning uchun ham ahlullohlar (Allohning do‘stlari) bizni kundalik vazifamizni (virdni) istig‘for bilan boshlashga, har kuni ertalab va kechqurun yuz martadan istig‘for aytishga yo‘naltiradilar.
Hadisi sharifda kelganidek: «Kim istig‘forni lozim tutsa, Alloh unga har qanday g‘amdan kushoyish, har qanday torlikdan chiqish yo‘lini (maxraj) beradi va uni o‘zi o‘ylamagan tomondan rizqlantiradi».
Demak, kim dunyoni xohlasa — istig‘for aytsin, kim oxiratni xohlasa — istig‘for aytsin!
Professor, doktor Ali Juma.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV tarjimasi