Hikoya
Kursdoshim Norqobilni uchratib qolganim yaxshi bo‘ldi. U darhol uyiga taklif qildi. Hangomalashib o‘tirar ekanmiz, peshayvon tokchasida, quyosh shu’lasida kaltaroq sopli ketmoncha diqqatimni tortdi. Ketmonchaning azizlab qo‘yilganidan ajablanganimni payqagan Norqobil bunday dedi:
“Ketmoncha 90 yoshli otamdan estalik. Har safar unga ko‘zim tushganda, ko‘z oldimda otam gavdalanadi. Shu ketmon otamga doimiy hamroh bo‘lgan. Shuning uchun ham har uch kunda artib, tozalab tokchaga olib qo‘yaman. Har-harda ishlatib ham turaman. Bundan uch oy oldingi voqea sodir bo‘lmaganida otam 100 yoshga kirarmidi... Alloh bilguvchi, lekin o‘sha kungi ishimni eslasam vijdonim azoblanadi. O‘zimni koyib gohida ko‘rnamaklik qildim deb malomat ham qilaman.
Otamni har kuni goh pomidor, goh loviya orasida ketmon chopayotganini ko‘raman.
– Quyoshning issig‘ida nima zarur, sizga, – desam.
– Ermakda bolam, – deb qo‘yardi.
Otamni ketmon ko‘tarib yurganini ko‘rganlar meni koyiydi.
– Otangga dam berasanmi, yo‘qmi?!
– Sening otangda qasding bormi?
Bu gaplarni qayta-qayta eshitaverganimdan bir kuni o‘zimni tutib tura olmadim. Ishdan barvaqt kelgan edim. Otam ketmonchada kechki sabzining arig‘ini kovlayotgan ekan.
– Sizga nima zarur, ota, uyga kirib damingizni olsangiz bo‘lmaydimi? Shu ketmonchani menga bering, dedim-u, qo‘lidan olib, irg‘itib yubordim.
Otam bo‘lsa:
– Bu nima qilganing, bolam! Suyanchig‘imdan ayirding-a! – dedi. Yana bir nimalar deb g‘uldiragancha xonasiga kirib ketti.
Bir soatlar chamasi o‘tdi. qilmishimdan pushaymon bo‘lib uzr so‘ragani kirsam isitmasi chiqib alahsirab yotibdi. Darrov do‘xtir chaqirdim. Dori-darmon qildik, foydasi bo‘lmadi. Sahar chog‘ida jon taslim qildi. Otamning o‘limiga men sababchi bo‘lib qoldim. O‘zimni hech kechirolmayman. Otam 100 yoshga kirarmidi degan fikr xayolimdan o‘taveradi...”
Do‘stimning yuzini yosh tomchilari qoplab oldi. Men esa qo‘llarimni duoga ochdim.
Abdusattor G‘OFUROV
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH