بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Bugun jannatmakon yurtimiz mustaqilligining 26 yillik bayramini dilda quvonch va katta shodiyonalar bilan kutib olmoqdamiz. Alloh taolo bu saodatli va qutlug‘ ayyomni barchamizga muborak aylasin!
Darhaqiqat, mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, barpo etilgan ko‘rkam uy-joylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, sport maskanlari, zamonaviy korxonalar, keng va ravon yo‘llar, bog‘u xiyobonlar shahar va qishloqlarimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib, aholi farovonligi, ongi va tafakkurining yuksalishiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida islom dini ravnaqi uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Mustaqillik bizga mustabid tuzum davrida toptalgan ijtimoiy, ma’naviy va diniy qadriyatlarning qaytadan tiklanishi va rivojlanishi uchun keng yo‘l ochib berdi. Diniy va milliy qadriyatlarimiz qaytadan ravnaq topa boshladi. Natijada halqimiz o‘zligini tanib turmushning barcha jabhalarida milliylikka qaytmoqda. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qilganidek:
(وَقُلْ جَاء الْحَقُّ وَزَهَقَ الْبَاطِلُ إِنَّ الْبَاطِلَ كَانَ زَهُوقًا (سورة الاسراء/81
ya’ni: “Ayting, Haqiqat keldi va botil yo‘qoldi. Chunki botil yo‘qoluvchi narsadir” (Isro surasi, 81-oyat).
Xalqimiz barcha sohada emin-erkin sa’y-harakat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgani kabi dinimiz ko‘rsatmalarini xotirjam ado etish baxtiga ham muyassar bo‘ldi. Minglab masjidlar ochilib, mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirildi, o‘nlab diniy ta’lim muassasalari barpo qilinib, u yerda yoshlar diniy va dunyoviy fanlardan tahsil olmoqdalar. Aziz avliyo, ulug‘ alloma va fozil insonlarning maqbaralari va ko‘plab ziyoratgohlar ta’mirlandi. Har yili hukumatimizning ko‘magi bilan minglab vatandoshlarimiz muborak Haj va Umra ziyoratiga borib kelmoqdalar. Bularning hammasi, albatta, Allohning inoyati va shuningdek istiqlolimizning sharofatidandir.
Xususan, buyuk ajdodlarimizning bebaho asarlari o‘rganilib, ularni ona tilimizga tarjima qilishdek imkoniyatlarga ega bo‘ldik. O‘tgan yillar davomida Qur’on, hadis, tafsir, fiqh, islom tarixi, madaniyati va falsafasiga oid ko‘plab yirik tadqiqotlar amalga oshirildi. Turli mavzudagi diniy adabiyotlar, yurtimizda yashab, ijod qilgan buyuk allomalarimizning ilmiy meroslari nashr etilib, keng ommaga taqdim qilindi va qilinmoqda. Alloh taolo Qur’oni karimda:
( لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ (سورة إبراهيم/7
ya’ni: “Agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman...”, - deb ta’kidlagan (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Inson o‘zidagi ne’mat haqida mulohaza yuritishi, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o‘ylab ko‘rishi bilan uning qadrini anglaydi.
Bu esa yanada ko‘proq Allohga shukr qilishga undaydi. Albatta, bu Alloh taologa xush keladi. Natijada ne’matning yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz ﷺ hadislarining birida:
(قَالَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ أَصْبَحَ مِنْكُمْ آمِنًا فيِ سِرْبِهِ، مَعَافًي فيِ جَسَدِهِ، عِنْدَهُ قُوتُ يَوْمِهِ، فَكَأَنَّما حِيزَتْ لَهُ الدُّنْيَا بِحَذَافِيرِهَا" (رواه الإمام البخاري و الإمام الترمذي
ya’ni: “Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani sog‘ va uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan”, - deganlar (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati).
Davlatimizning islom diniga nisbatan g‘amxo‘rligi barchamizda o‘z navbatida islom dinining musaffoligini saqlash, uning asl mohiyatini teran anglab, yosh avlodni turli g‘arazli kuchlar ta’siridan himoya qilishga mas’uliyat hissini oshirmog‘i zarur bo‘ladi.
Abu Hurayra رضي الله عنه dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz ﷺ:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ لَّمْ يَشْكُرِ النَّاسَ لَمْ يَشْكُرِ اللهَ "
(رواه الإمام الترمذى).
ya’ni: “Kimiki insonlarga ulardan ko‘rgan yaxshiliklari evaziga shukr qilmagan ekan, demak Allohga shukr qilmabdi”, - deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, biz musulmonlarga har tomonlama ko‘mak berib, zarur bo‘lgan shart-sharoitlar yaratib bergan rahbarlarimizdan tortib, to atrofimizdagi kishilarning yaxshiligini e’tirof etib, tashakkurlar aytmas ekanmiz, Alloh taoloning behisob ne’matlarining shukronasini hech ham ado etolmaymiz.
Payg‘ambarimiz ﷺ: shunday deganlar:
(قَالَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَا أَنْعَمَ اللهُ عَلَى عَبْدٍ نِعْمَةً، فَقَالَ: الحَمْدُ لِلَّهِ، إِلاَّ كَانَ الَّذِي أّعْطَاهُ أَفْضَلُ مِمَّا أَخَذَ" (رواه الإمام ابن ماجه
ya’ni: “Alloh taolo bandaga kattami, kichikmi bir ne’mat bersa va banda uning shukronasi uchun “Allohga hamd bo‘lsin”, desa, shunda u o‘sha ne’matdan ham afzalroq narsaga erishgan bo‘ladi” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Muhtaram jamoat! Barchangizga ma’lumki, o‘tib borayotgan 2017 yil jannatmakon yurtimiz rahbari tashabbuslari bilan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingan.
Islom dinida insonlarga manfaat yetkazuvchi kishi Alloh taolo uchun eng suyukli bandalardan hisoblanadi.
Zero, Alloh taolo yo‘lida qilgan yaxshi amallarimiz, xalqqa qilgan xolis xizmatlarimiz, ezgu niyatlarimiz aslo zoye bo‘lmaydi. Chunki, sizu-bizning qilgan yaxshi ishlarimizni va insonlarga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklarimizni bandalar unutib yuborsa ham Alloh taolo aslo unutmaydi. Alloh taolo O‘z sha’niga munosib taqdirlaydi. Dinimiz mo‘min-musulmonlarni bir tanu bir jon bo‘lib, o‘zaro bir-biriga yordam berib, manfaat keltirib yashashga targ‘ib qilgan.
Chunki qaysi bir inson boshqa bir insonga yaxshilik qilib, yordam qo‘lini cho‘zib, uning mushkilini yengil qilsa, Alloh taolo u bandaga O‘zi yordamchi bo‘ladi.
Hadisi sharifda shunday marhamat qilingan:
عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللَّهِ أَنْفَعَهُمْ لِلنَّاسِ"
(رواه الإمام الطبراني).
ya’ni: Ibn Umar رضي الله عنه dan rivoyat qilinadi Payg‘ambar ﷺ: “Alloh taologa insonlarning eng suyuklisi – odamlarga eng ko‘p manfaat keltiruvchisidir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni yuksak darajada qadrlab va ardoqlab bormog‘imiz zarur bo‘ladi. Zero, tinchlik va osoyishtalik farovon hayot va yuksak taraqqiyot omilidir.
Istiqlol tufayli ona diyorimiz musulmonlari hayotida ham katta ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi.
Davlatimiz tomonidan mustaqillikning ilk kunlaridanoq xalqning ma’rifati va ma’naviyatini yuksaltirish, imon-e’tiqodli qilishga katta e’tibor qaratildi.
Alloh taboraka va taolo Qur’oni karimda zikr etgan:
( إِنَّمَا يَعْمُرُ مَسَاجِدَ اللَّهِ مَنْ آَمَنَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآَخِرِ وَأَقَامَ الصَّلَاةَ وَآَتَى الزَّكَاةَ وَلَمْ يَخْشَ إِلَّا اللَّهَ فَعَسَى أُولَئِكَ أَنْ يَكُونُوا مِنَ الْمُهْتَدِينَ (سورة التّوبة/18
ya’ni: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozni barkamol o‘qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo‘rqqan kishilar obod qilurlar. Aynan o‘shalar hidoyat topuvchilardan bo‘lishlari mumkin” (Tavba surasi, 18-oyat) oyati karimasining mazmuniga muvofiq mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ikki mingdan ziyod masjid obod bo‘ldi va namunali faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, 6-7 oy davomida mamlakatimizda diniy sohada katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Alloh taoloning:
( وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا (سورة ال عمران/97
ya’ni: “Yo‘lga qodir bo‘lgan kishi zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron surasi, 97-oyat) oyati karimasiga amal qilgan holda bu yil yetti mingdan ziyod hamyurtlarimiz islomning asosiy arkonlaridan bo‘lmish Haj ibodatini ado etishga muyassar bo‘lmoqdalar.
Shuningdek, Prezidentimizning Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etish, Surxondaryodagi Abu Iso Muhammad Termiziy ziyoratgohini ulkan majmuaga aylantirish, Buxoroda “Mir Arab” oliy madrasasini tashkil etish, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy, Navoiy viloyatidagi Nurota qadamjolarini, poytaxtdagi Suzuk ota va at-Termiziy masjidlarini kapital ta’mirlashga doir tashabbuslarini xalqimiz katta quvonch bilan qarshi oldi.
Bularning zamirida mustaqillik bergan imkoniyatlar va erkinliklar yotadi. Mo‘min-musulmonlarimiz Alloh taolo ato etgan mustaqillik hamda ibodatlarni emin-erkin ado etish ne’matiga doimiy shukronalar aytishlari lozim.
O‘tgan yillarda yurt tinchligi, xalqimizning favrovonligiga rahna solish maqsadida Vatanimizga kirib kelgan mutaassib oqimlar tuzog‘iga ilingan ba’zi shaxslar qilmishlariga yarasha jazo oldilar. Joriy yil davomida davlatimiz tomonidan tashkil qilingan, diniy ulamolar, imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, mahalla vakillaridan iborat maxsus hay’at jazo muddatini o‘tayotgan hamda yashash manzillaridagi ana shunday shaxslar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazdilar. Natijada, ular adashganini anglab, qilmishidan pushaymon ekanini bildilar. Shunga ko‘ra ularga maxsus hisobda turuvchilar ro‘yxatidan chiqarilib, keyingi hayotlarida Vatanga, xalqqa xizmat qilish orqali xatolarini oqlash imkoni berildi. O‘z navbatida mahalla jamoatchiligi, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda imom-xatiblarimiz ham ularning hayotda o‘z o‘rnini topishi, foydali mehnat bilan mashg‘ul bo‘lishi uchun yordam ko‘rsatmoqdalar.
Bu ham bo‘lsa, kechirimli bo‘lish chin mo‘minga xos fazilatdir, degan hikmatning to‘liq ifodasidir. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimning “Oli Imron” surasi, 134-oyatida shunday marhamat qiladi:
الَّذِينَ يُنْفِقُونَ فِي السَّرَّاءِ وَالضَّرَّاءِ وَالْكَاظِمِينَ الْغَيْظَ وَالْعَافِينَ عَنِ النَّاسِ وَاللَّهُ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ
(سورة آل عمران/134).
ya’ni: “Ular (mazkur taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.
Alloh taolo barchalarimizni ulug‘ va aziz mustaqillik ne’matining qadriga yetish, uning uchun shukrlar aytib, uni yanada mustahkam va bardavom bo‘lishi yo‘lida savobli amallarni qilishimizni nasibu ro‘zi aylasin! Aziz va qadrli Istiqlolimizning yigirma olti yillik shodiyonalarini shodu-xurramlik, masrurlik, tinchlik-omonlik va o‘zaro ittifoqlik bilan o‘tkazishimizda Parvardigor yoru madadkor bo‘lsin!
Muhtaram azizlar! Fiqhiy masalalarning bayoni borasidagi bugungi suhbatimizda hanafiy mazhabimizda istinjo va tayammum qilishga oid hukmlar haqida so‘z yuritamiz.
Istinjo qilish tartibi:
Tayammumning farzlari:
Tayammum qilish joiz bo‘lgan holatlar:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nihoyat, Makka fath bo‘ldi. Bir paytlar g‘ordan vahiy dahshatidan titrab-qaltirab yolg‘iz tushib kelgan bir nafargina Inson butun bir ummatga aylandi.
Tun zulmatida Quraysh o‘ldirishga qasd qilgan Inson Makkadan sodiq do‘sti bilan Madina tomon chiqib, bir necha yildan so‘ng Makkaning to‘rt darvozasidan kuppa-kunduz kuni g‘olib bo‘lib kirib keldi! Kuraysh esa, o‘sha kuni o‘zlaridan qasos olinishini kutib, u zotning oldida bosh egib o‘tirardi. Ularni nima qildi deb o‘ylaysiz?
U kishini yolg‘onchiga chiqarganlarni, aziyat berganlarni, Ka’ba atrofida sajda qilayotganida ustiga tuyaning eshini (ya’ni, ko‘p kitoblarda " سَلَى جَزُور"ni tuyaning ichak-chavog‘i deb yozishadi. Ustoz Abdul Azim Ziyouddin domla «Nurul yaqiyn» kitoblarida yozgan izohda bunday tushuntirganlar: «Imom Buxoriy rivoyatida سَلَى جَزُور va Muslim rivoyatida سَلَى جَزُور, ya’ni «tuyaning qog‘onog‘ini» deyilgan. Qog‘onoq — homilani o‘rab turuvchi shilliq parda, yo‘ldosh.) ag‘darganlarni, Abu Tolib darasida qamal qilganlarni, u kishini yolg‘onchi, sehrgar, majnun deb ayblaganlarni, so‘ngra u kishini o‘ldirish uchun har bir qabiladan bittadan kishi tanlab, u kishining qoni barchaga tarqalishi uchun birgalikda o‘ldirmoqchi bo‘lganlarni nima qildi deb o‘ylaysiz?
U zot sollallohu alayhi vasallam ulardan qasos olmadilar. Balki ularga: «Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!» dedilar!
Abu Bakr roziyallohu anhu uyiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilishlari va islomga kirishi uchun qartayib qolgan, oyoqlarini ko‘tarishga ham majoli yo‘q otasi Abu Quhofani olib keldi. U hali-hamon iymon keltirmagan edi. Uni ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qariyani ovora qilibsan-ku, uni uyida qoldirsang bo‘lmasmidi, biz o‘zimiz uning oldiga borar edik», dedilar.
Abu Bakr roziyallohu anhu aytdi: «Yo Allohning Rasuli! Sizning borishingizdan ko‘ra otam kelishi to‘g‘riroqdir».
Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni o‘tirishga taklif qildilar. Uning ko‘ksini siladilar va: «Musulmon bo‘l», dedilar. Abu Quhofa iymon keltirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladi. Qo‘lida ko‘p sahobalar islomga kirgan, ko‘p buyuklar iymonga kirgan buyuk sahobaning otasi endi Islomga kirdi...
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblariga qarang! U kishi yoshi bir joyga borib qolgan qariyaning huzurlariga kelishini noo‘rin bildilar. O‘zlari uning oldiga borishga tayyor ekanliklarini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo yoshi kattalarga shafqatli edilar. Doimo: «Sochlari oqargan musulmonni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir!» der edilar.
Bir qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qidirib keldi. Sahobalar unga yo‘l berishmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Kichigimizga rahm qilmagan, kattamizni hurmat qilmaganlar bizdan emas!» dedilar.
Qariyalarga xuddi otamiz yoki bobomiz kabi muomalada bo‘lishimiz lozim. Onaxonlarga esa onamiz yoki buvimiz kabi muomalada bo‘lishimiz kerak. Inson qariganda o‘zining zaifligi, bemorligi va ojizligiga qarab qachonlardir yosh bo‘lganini, kuchli bo‘lgan paytlarini eslaydi, eziladi. Garchi boshqalarga ko‘rsatmasa-da, qalbida siniqlikni his qiladi. Bu siniqlikka faqatgina atrofdagilar beradigan e’tibor va hurmatgina davo bo‘la oladi! Ko‘ngil olish ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi