Mug‘ira ibn Shu’ba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo onalaringizga oq bo‘lishni, qizlarni tiriklayin yerga ko‘mishni harom qilib, mumsik (zakot va ushr kabi zimmaga vojib bo‘lgan narsalarda baxil) bo‘lish va tama’ (olishga haqli bo‘lmagan narsani talab) qilishdan qaytardi. Shuningdek, mish-mish gaplar tarqatish, ko‘p savol berish va mol-dunyoni behuda sarf qilish kabi ishlarni yomon ko‘radi”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ota-onaga oq bo‘lish gunohi kabira. Alloh taolo bandalarni O‘zigagina ibodat qilishga so‘ngra ota-onaga yaxshilik va itoat etishga buyurdi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilindi:
“Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro, 23).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ota-onani haqorat qilish gunohi kabira”, dedilar. Sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, farzand ota-onasini haqorat qiladimi?” deyishdi. “Ha, kim boshqaning otasini haqorat qilsa, o‘z otasini, onasini haqorat qilsa o‘z onasini haqorat qilgan bo‘ladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Amr ibn Os rozillohu anhumodan rivoyat qilindi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh rizosi ota-ona roziligida bo‘ladi. Ota-ona g‘azab qilganga u ham g‘azab qiladi”, dedilar” (Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).
Imom Navaviy rahmatullohi alayh: “Hadisda qarindoshlarga yaxshilik qilishga amr etilgan. Ona bolasiga mehribon, rahmli bo‘lgani, homiladorlik mashaqqati, dunyoga keltirish, tarbiyalash, unga xizmat qilish kabi ko‘plab mashaqqatlarni boshdan o‘tkazgani uchun yaxshilikka eng haqli zotdir”, degan.
Ota-onaning farzandlariga shafqatli bo‘lishi dinimizdagi muhim ko‘rsatmalardan biridir. Imom Navaviy rahmatullohi alayh aytadi: “Qizlarlarni tiriklayin ko‘mish gunohi kabiradir. Bu nohaq qasd qilish, silai rahmni uzishdir. Johiliyat davrida qiz bolani or bilib, ko‘mish odat bo‘lgani sabab hadisda go‘dak qizlarni tiriklayin yerga ko‘mish man’ etildi.
Ibn Hajar rahmatullohi alayh: “Hadisda qizlar turli-tuman ishlarni bajarishda o‘g‘il boladan zaif bo‘lgani sababli ularning haqini ta’kidlash ma’nosi ham tushuniladi”, degan.
Muqaddas didnimizda ko‘p gapirish qoralandi. Zero, ko‘p gapirish g‘iybat, chaqimchilik, yolg‘onchilik kabi qalb kasalliklariga sabab bo‘ladi. Ibn Hajar rahmatullohi alayh “mish-mish gaplar tarqatish” haqida shunday deydi: “Xatoga olib boradigan gapning makruhligi, boshqalarning so‘zlarini, bahslarini noaniq hikoya qilib berish, diniy ixtiloflarga sabab bo‘ladigan narsalarni so‘zlash kabilardan zararli illatlar kelib chiqadi”. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Eshitgan narsasini gapiraverishi, kishininig gunohkor bo‘lishiga kifoya qiladi” dedilar (Imom Muslim).
Bu qaytariq noto‘g‘ri, noaniq gapni o‘z ichiga oladi. To‘g‘ri va aniq gapni ishonchli odam hikoya qilib berishining zarari yo‘q. O‘ylagan narsasini gapirish insonning toyilishiga sabab bo‘ladi.
Inson ko‘p gapirib gunohkor bo‘lishiga til sabab bo‘ladi. Shuning uchun Umar roziyallohu anhu: “Fitnadan saqlaning. Til qilichdek fitna keltirib chiqaradi”, degan. Ko‘p savol berish makruh amal. Hajjoj ibn Omir roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘p savol berishdan saqlaninglar”, dedilar. Alloh taolo mo‘minlarni bilmagan vaqtdagina so‘rashga buyurdi:
“Bas, (ey, Makka ahli!) Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, (Tavrot, Injilni biladigan) zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo, 7-oyat).
Ulamolar zaruratsiz savol berish mumkin emas deb ittifoq qilganlar. Ba’zi olimlar savol beruvchi va so‘ralgan odamga ozor bermagan zaruratsiz savol karohiyat bilan durust bo‘ladi. Ammo ikkisidan biriga ozor bersa savol berish halol emas deganlar. Boshqalari odamlarning xabarlari, moli, mushkullari haqida muayyan bir odam haqida so‘rash, u kimsa yoqtirmagan hollarda makruh bo‘ladi, deyishgan.
So‘rovchi izn so‘rash, masalani aniq bayon qilish, savolga tayyorgarlik ko‘rish, vaqtni olmaslik, biladigan narsasini so‘ramaslik, muhtoj bo‘lgan narsani so‘rash, o‘zi uchun savol berish, javobni shoshiltirmaslik, mas’ul bilmaydigan, tushunmaydigan narsani so‘ramaslik kabi savol berish odoblariga rioya qilishi lozim bo‘ladi.
Alloh taolo bandalar hojatlarini chiqarishi uchun mol beradi. Halol yo‘l bilan hojat chiqarish joiz. Dinimizda maqtalgan o‘rinlarga sarf qilish esa fazilatdir. Imom Navaviy: rahmatullohi alay: “Dunyo va oxiratga foydasi yo‘q o‘ringa sarf qilish, ushlab qolishning imkoni bo‘lib, saqlab qolmaslik molni behuda sarf qilish bo‘ladi”, degan.
Molni zakot, nafl sadaqalarga, qarindoshlik aloqalarini mustahkamlashga, muhtojlarga yordam berishga Alloh taolo rozi bo‘ladigan o‘rinlarga ishlatish shukr qilishdir. Imom ibn Sa’diy “Alloh taolo g‘azab qilgan va inson hayotiga zararli o‘ringa molni sarflash nafaqa vojib bo‘lgan vaqtda ojiz qolishiga sabab bo‘ladi”, degan. Molni yoshlarni aqlini zaiflashtirib, axloqini buzadigan, vaqtlarni behuda o‘tkazadigan turli-tuman o‘yinlar, mast qiluvchi ichimliklar kabi qaytarilgan o‘rinlarga sarflash isrofdir. Isrof esa haromdir. Qur’oni karimda shunday marhamt qilinadi:
“Shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay” (A’rof, 31).
Manbalar asosida Bahriddin Jo‘rabek o‘g‘li tayyorladi.
Butun dunyoda ilmiy jamoatchilikning oldida turgan dolzarb masalalardan biri – bu ekologik barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq tadqiqotlarni yanada keng ko‘lamda olib borishdan iborat. Zero, bugungi kunda barqaror ekologik vaziyatni, atrof-muhit musaffoligini saqlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning muhim subyektiv omili bo‘lgan ekologik ongni shakllantirish, rivojlantirish va yuksaltirish, shuningdek “ekologiya sohasidagi ishlarning ahvolini yaxshilash” [1:20-21] dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolar ayniqsa, yoshlarning ekologik ongi va madaniyatini yuksaltirish bilan bog‘liq masalalarni tadqiq qilish orqali ularning atrof muhit sofligini ta’minlashdagi mas’uliyatini yanada oshirib borish bugungi kunning asosiy vazifasiga aylandi.
Tarixiy taraqqiyotdan ma’lumki, inson tabiatning bir bo‘lagi sifatida Alloh in’om etgan ne’matlardan o‘z ehtiyojini doimiy ravishda qondirib kelgan. Ammo bugungi kunda bu ehtiyojlarning oshib borishi va isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilishi ko‘plab muammolarni keltirib chiqardi. Ayniqsa, tabiat muvozanatining buzilishida antropogen ta’sirning oshib borayotganini alohida ta’kidlash joiz. Zero, insoniyat taraqqiyotining bugungi bosqichida ilm-fan, texnika shu darajada rivojlandiki, bu yadro energiyasi, quyosh energiyasi, kimyo sanoatining rivojlangani, ishlab chiqarishning avtomatlashtirilgani, axborot texnologiyalarining rivojlantirilgani va fan-texnikaning boshqa yanada murakkab sohalarining o‘zlashtirilgani bilan xarakterlanadi. Shu bilan birga tabiatning yer osti va yer usti boyliklaridan sof iqtisodiy utilitar-merkantil manfaatlar yo‘lida foydalanish “tabiat-jamiyat-inson” tizimidagi munosabatlarning kun sayin buzilishiga, bu esa o‘z navbatida, aql bovar qilmas yangi ekologik muammolarning yuzaga kelishiga olib kelmoqda. Bu muammolarni bartaraf etish bugungi kunda insoniyatning oldidagi eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Bu borada O‘zbekistonning birinchi prezidenti I.A.Karimov haqli ravishda: “Ekologiya hozirgi zamonning keng miqyosdagi keskin ijtimoiy muammolaridan biridir, uni hal etish barcha xalqlarning manfaatlariga mos bo‘lib, sivilizatsiyaning hozirgi kuni va kelajagi ko‘p jihatdan ana shu muammoning hal qilinishiga bog‘liqdir” [2:110], deb ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, bugun barcha xalq, millat va elatlarning vazifasi – bu atrof-muhitga ziyon yetkazmagan holda tabiat boyliklaridan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilishdan iborat. Bu vazifani bajarishda jamiyat a’zolarining, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlodning tarbiyasida tabiiyki, ezgulik g‘oyalari singdirilgan insonni tabiatga munosabatini barqarorlashuviga xizmat qiluvchi eng muhim qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan islom dining ahamiyati beqiyos.
Bizga ma’lumki, islom dini ezgulikka asoslangan bo‘lib, insonlarni halollikka, poklikka, tabiatga nisbatan odilona, oqilona munosabatda bo‘lishga da’vat etadi. Hadislarda Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: “Pok bo‘linglar, zero Islom pok dindir va faqat pok kishilar jannatga kirur” [3:3]. Islom dini odamlarni atrof-muhitni asrashga, hayvonot va o‘simlik dunyosiga zarar yetkazmaslikka, ne’matlardan o‘z ehtiyoji uchun foydalanganda isrof etmaslikka, Alloh yaratgan tabiatdagi muvozanatni va jipslikni buzmasdan ulardan to‘g‘ri foydalanishga, ona zaminga mehr-muhabbatli bo‘lishga va tabiatdan oqilona foydalanishga chaqiradi.
Jumladan, “Baqara” surasining 205 oyatida o‘simlik va hayvonot olami inson uchun eng zarur narsalar ekani ta’kidlangan. Kim bularga zarar yetkazsa, insoniyatga zarar yetkazgan bo‘ladi. Qur’oni Karimda barcha jonzotlar insonlar kabi “ummat” ekani ta’kidlanadi. Aynan shu ta’kid insonni o‘zi kabi ummat bo‘lgan barcha jonli mavjudotga nisbatan mehribon bo‘lishga undaydi. Bu xususda Alloh taolo “An’om” surasida bunday deydi: “Yer yuzidagi har bir jonzot va ikki qanoti ila uchuvchi qush borki, hammasi siz kabi ummatlardir” (38 oyat), ya’ni hayvonlarning har bir turi yoki oilasi alohida olingan ummat hisoblansa, aynan shu hukm bilan ular boshqa ummatlar orasida yashashga, mavjudlik haqqiga egadir [4:257].
Islom dinida hayvonot olamiga alohida e’tibor berilgani kabi nabotot olamiga ham juda katta urg‘u beriladi. Unga ko‘ra nabotot olami Allohning insonga ato qilgan ulug‘ ne’matlaridan biri bo‘lib, bu olam bo‘lmasa, yer yuzida hayot bo‘lmas edi. Jumladan, Zumar surasi, 21oyatda “Alloh osmondan suv tushirib, uni yerdagi manbalardan oqizib qo‘yganini ko‘rmadingizmi! So‘ngra u ila turli rangdagi ekinlarni chiqaradi. Keyin u quriydi. Bas, uni sarg‘aygan holida ko‘rursan. So‘ngra uni quruq cho‘pga aylantirur. Albatta, bunda aql egalari uchun eslatma bordir” [5:43], deb aytilgan. Shuning uchun ham Alloh bu olamni insonga hayot vositasi, unga va chorvasiga rizq qilib bergani haqida ko‘p g‘oyalar ilgari surilgan. Ko‘rinib turibdiki, atrof muhitni toza saqlash, tabiatni muhofaza qilish, Alloh in’om etgan hayvonot va nabotot olami inson manfaatlariga xizmat qiladi. Xususan, “U quyosh va oyni muttasil harakatlantirib, sizga beminnat xizmatkor qilib qo‘ydi. Shuningdek, sizga kecha ila kunduzni ham beminnat xizmatkor qilib qo‘ydi. Va U sizga barcha so‘ragan narsalaringizdan berdi. Agar Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmassizlar. Albatta, inson o‘ta zolim va o‘ta noshukurdir” (Ibrohim surasi, 33-34-oyatlar). “Va sizga osmonlardagi narsalarni va yerdagi narsalarni – hammasini O‘z tomonidan beminnat xizmatkor qilib qo‘ydi. Albatta, ana shunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat (belgi)lar bordir” (Josiya surasi, 13-oyat) [6:30-31], kabi misollarni ham keltirib o‘tish mumkin.
Yer yuzidagi barcha narsalar inson uchun yaratilgan, ularga oqilona yondashgan holda, to‘g‘ri va yaxshi munosabatda bo‘lish maqsadga muvofiqdir. Zero, Alloh taolo “Baqara” surasining “U yer yuzidagi barcha narsani sizlar uchun yaratgan” deb boshlanadigan 29-oyatida inson uchun, uning tasarrufi va foydasi uchun yaratgan narsalarga, jumladan, yer osti boyliklari va konlarga ishora qiladi [7:48-49].
Biz buni to‘g‘ri anglagan holda yurtimizda yangi avlod, yangi tafakkur sohiblarini tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifani ado etishda birinchi galda ma’naviy qadriyatlarimizda ilgari surilgan g‘oyalarga tayanishimiz kerak. Bu g‘oyalar yoshlarning tabiatga va hayvonot dunyosiga bo‘lgan ijobiy munosabatini shakllantirishda, umuman “tabiat-jamiyat-inson” tizimi munosabatlarini uyg‘unlashtirishda beqiyos ahamiyatga ega.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, islom dini xalqimizning tabiatga munosabatini to‘g‘ri shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. U ona Vatanimizning tabiatini asrab-avaylashga bo‘lgan mehr-muhabbatni kuchaytiradi va uni asrash orqali o‘sib kelayotgan avlod uchun zarur hayotiy shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, “tabiat-jamiyat-inson” tizimi munosabatlarini muvozanatga keltirishda, Alloh in’om etgan ne’matlardan oqilona foydalanish, tabiatni asrab-avaylashga oid islom dinidagi g‘oyalardan unumli foydalanish maqsadga muvofiqdir. Zero, ma’naviy qadriyatlarimiz asosida farzandlarimizning ongiga atrof-muhitni ozoda tutish, havoning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik, mamlakatimiz tabiatini, hayvonot va o‘simlik dunyosini asrash kabi tushunchalarni singdirib borishimiz kerak.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
Sh.M.Mirziyoyev. Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak. – T.: O‘zbekiston, 2017.
I.A.Karimov. O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari // Xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo‘lida. T.6. – T.: 1998.
M.No‘monov. Islomda tabiatga munosabat. –T.: Movarounnahr, 2011.
Sh.Otaboyev, S.Mirvaliyev va E.Tursunov – Ekologiyada madaniyat va ma’naviyat muammolari. –T.: Nishon noshir nashriyoti, 2009 y.
Sayyid Mubashshir Taroziy Sof tabiat dini / Tarj. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. – T.: Hilol-nashr, 2019.
Husan JURAQULOV,
Falsafa fanlari bo‘yicha
falsafa doktori (PhD), dots.nt