Har yili Ramazon oyi boshlanishi va hayit kunini aniqlashda, O‘zbekiston ulamolari islom dini ko‘rsatmalari va Astranomiya instituti ma’lumotlariga tayanishadi. Mana shunday manbalarga asoslanib, diniy idora ulamolari obdon o‘ylab, keyin bir qaror qabul qiladi. Lekin, ayrim kishilar ulamolarimiz qaroriga itoat etmay, “bugun falon arab yurtida yoki falon qo‘shni mamlakatda hayit ekan”, deb ro‘zasini ochganlar ham uchramoqda. Ammo, bunday ish tutishdan dinimiz qattiq qaytaradi.
Ma’lumki, Islomda sanalar qamariy oy bilan hisoblanib, ularning boshlanishi yangi oy hilolini ko‘rinishi bilan belgilanadi. O‘zbekistonda Ramazon hayitining birinchi kunini belgilashda Astronomiya institutining hilol – yangi oyni ko‘rish haqidagi ma’lumoti va O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari xulosasi asos qilib olindi. Astranomiya institutining bergan ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonda hilolning ko‘rinishi 25 iyun yakshanba kuni Quyosh botgandan so‘ng, kechqurun kuzatilishi qayd etiladi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston musumonlari idorasi ulamolari tomonidan 26 iyun dushanba kuni hayitning birinchi kuni deb e’lon qilindi.
Bunday to‘xtamga kelinishi Islom ta’limotiga muvofiq, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Yangi oyni ko‘rib ro‘za tutinglar va yangi oyni ko‘rib hayit qilinglar”, degan hadisi shariflariga to‘la mos keladi. Shuningdek, Islom fiqhi akademiyasining “Boshqa mamlakatlarda oyning ko‘rinishidan qat’iy nazar, dunyoning qaysi bir mamlakatida yangi oy hiloli oddiy ko‘z bilan yoki astronomik jihozlar orqali ko‘rilgan bo‘lsa, unga amal qilishlari zarur deb hisoblansin”, degan qaroriga ham hamohangdir.
Ramazon oyining yurtimizda to‘liq 30 kun davom etishi azaliy milliy va diniy qadriyatlarimiz hamda urf-odatlarimizga mos va hamohang hisoblanadi. Ramazon oyining to‘liq 30 kun bo‘lishi haqida muhaddislardan Abu Dovud va Nasoiyning sahoba Huzayfadan qilgan rivoyatlarida Payg‘ambar (sallollohu alayhi va sallam) quyidagicha marhamat qilganlar: “Ramazon oyidan oldin tutmanglar, yangi oyni (Ramazon hilolini) ko‘ringlar. Ramazon kunlari sanog‘ini to‘ldiringlar!”.
Mashhur muhaddislardan Imom Ahmad, Imom Muslim va Imom Termiziylarning Payg‘ambar (sallollohu alayhi va sallam)ning izdoshi, yetuk fiqh olimi Ibn Abbosdan keltirgan rivoyatiga ko‘ra: “Ramazon oyi o‘ttizga to‘ldiriladi va yangi Shavvol oyi boshlanadi”, deb ta’kidlangan.
Yuqoridagi asosli dalillar va ish boshilarning qaroriga amal qilish har bir ummat uchun vojib bo‘ladi. Hech qaysi bir shariat ko‘rsatmalarida ro‘zaning boshlanish kuni yoki Ramazon hayitining birinchi kunini aniqlashda muayyan bir arab yoki boshqa davlatga taqlid qilinsin, degan ko‘rsatma yo‘q.
Yana bir masala, bu yil mamlakatimizda O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshida tuzilgan Shavvol oyi hilolini kuzatish, ya’ni Ramazon hayitining birinchi kunini aniqlash bo‘yicha hay’at tuzilib, 2017 yil 24 iyun kuni Respublikamizning Andijon, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida Shavvol oyining hiloli chiqishini kuzatish bo‘yicha maxsus hay’at ish olib bordi. Hay’at a’zolari Toshkent shahrida kechki soat 19:30 dan soat 20:30 gacha, hududlarda namoz vaqtidagi oraliq tafovutni inobatga olgan holda bir soat davomida hilolni kuzatishgan. Hay’at a’zolarining yakdil xulosalariga ko‘ra, yangi hilol ko‘rinmagan.
Demak, ibodat masalalarida ehtiyot bo‘lish kerak. Falon yurtda bugun hayit ekan, deb og‘izni ochib yuborish mumkin emas. Zero, Ramazon ro‘zasining boshlanishi ham, tugashi ham muftiy e’lon qilishi bilan aniq bo‘ladi.
Agar bir musulmon yurtda yangi oy chiqishini aniqlashga mas’ul idora ro‘za tutish yoki ro‘zani ochish bo‘yicha qaror chiqarsa, o‘sha yurt musulmonlari bunga itoat qilishlari, bo‘ysunishlari shart. Chunki bu hukm “Har bir yurt ahli o‘zlari yangi oyni ko‘radilar”, degan qarashga asoslangan bo‘ladi (“Hidoya”, “Olamgiriya” kitoblari asosida).
Shayx Yusuf Qarazoviy aytadi: “... Bir yurt yoki bir shahar fuqarolarining bir-biridan ajralib, bir guruhi bugun Ramazon deb ro‘za tutishi, boshqasi uni Sha’bondan deb tutmasligi, oy oxirida esa, bir guruhi ro‘za tutib, bir guruhi hayit qilishi qabul qilinmaydigan bir holatdir”.
Xulosa shuki, har bir yurt ahli ulamolari yangi oyni ko‘rishga harakat qilishlari va fuqarolar shunga amal qilishlari kerak. Demak, ayrim mamlakatlarning Ramazon hayitini boshlashi bizning hayitni boshlash kunidan farq qilishi mumkin.
Shuning uchun mo‘min-musulmonlarimizni yuqorida bayon qilinganlarni chuqur anglab, boshqalarga taqlid qilib, xatoga yo‘l qo‘ymasliklariga chaqiramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay’ati
Alloh taologa behisob hamdu sanolar bo‘lsinkim, yurtimizda keyingi yillarda ma’naviy hayotimiz yuksak pog‘onalarga ko‘tarilib, muqaddas dinimiz qadriyatlariga e’tibor tobora ortib bormoqda. Ana shunday ulug‘ va tarixiy voqealardan biri – Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilib, foydalanishga topshirilishi xalqimiz uchun chinakam ulkan ma’naviy bayram, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bu muhtasham maskan yurtimizning boy tarixi, bebaho ma’naviy merosi, asrlar davomida shakllangan ilm-ma’rifat an’analarining yorqin timsoli sifatida barpo etildi. Zero, muqaddas dinimiz insonni doimo ilmga, ma’rifatga, ezgulik va komillikka chorlab keladi. Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyatidayoq “Iqro!”, ya’ni “O‘qi!” deb amr qilingani ham bu yo‘lning naqadar ulug‘ va sharafli ekanini ko‘rsatadi. Markazning Ulug‘bek darvozasi peshtoqiga ushbu muborak oyat muhrlab qo‘yilgani zamirida ham mana shunday chuqur ma’no-mazmun mujassam.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, biz yurtimizda rivojlangan davlat, erkin jamiyat poydevorini bunyod etish uchun, eng avvalo, ilm va ilm, ta’lim va yana bir bor ta’lim degan oliy maqsadni hayotimizga joriy etmoqdamiz. Shu ma’noda, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni o‘rganish va targ‘ib etishga xizmat qiladigan ilmiy-ma’rifiy dargoh, ayni vaqtda o‘tmish va bugunni, an’ana va taraqqiyotni, ma’naviyat va zamonaviylikni o‘zaro uyg‘unlashtirgan nodir maskan bo‘lishiga iymonimiz komil.
Yurtimiz zamini azal-azaldan ilm-ma’rifat, zakovat va yuksak madaniyat beshigi o‘laroq dunyo tamaddunida alohida o‘rin tutadi. Movarounnahr diyorida yetishib chiqqan buyuk allomalar, muhaddislar, mufassir va mutafakkirlar insoniyat tamadduniga beqiyos hissa qo‘shganlar. Ularning ilmiy merosi asrlar davomida nafaqat islom olami, balki jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan. Ayniqsa, hadis ilmining sultoni bo‘lgan Imom Buxoriy, buyuk muhaddis Imom Termiziy, aqida ilmining zabardast namoyandasi Imom Moturidiy, shuningdek, astronomiya, tibbiyot, matematika va boshqa fan sohalarida yuksak natijalarga erishgan Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi ulug‘ zotlarimiz nomi jahon ilm osmonida yorqin yulduzlar kabi porlab turibdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ilm izlash har bir musulmon uchun farzdir”, degan muborak hadislari ham bu yo‘lning naqadar muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bois, yurtimizda ilmga hurmat, ulug‘ zotlarga ehtirom va ular qoldirgan ulkan merosni asrab-avaylash azaliy qadriyatlarimizdan. Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilgani esa ajdodlarimiz qoldirgan ana shu bebaho ilmiy va ma’naviy durdonalarni yanada chuqur o‘rganish, keng targ‘ib etish, jamoatchilikka va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Muhtasham maskanga qadam qo‘ygan har bir inson, avvalo, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros, ularning beqiyos ilmiy va ma’rifiy faoliyati, bu yerda jamlangan manbalar, qo‘lyozmalar va ilmiy ekspozitsiyalar bilan tanishar ekan, qalbida o‘ziga xos iftixor va mas’uliyat tuyg‘usi uyg‘onishi tabiiy. Prezidentimizning “Ushbu markaz ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyatimiz uchun fundamental baza bo‘ladi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari yuqori kurslarni shu yerda o‘qiydi, o‘qituvchi-domlalar esa o‘z bilim va malakasini oshiradi. Markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulug‘beklar, farg‘oniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam ma’naviy maydon bo‘lishi kerak”, deya ishonch bildirishi bejiz emas, albatta. Demak, markaz o‘z mohiyati va mazmuni bilan o‘tmish va bugunni o‘zaro bog‘lab turgan ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarmog‘iga shubha yo‘q. Ayniqsa, markazda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga oid boy tarixiy va ilmiy manbalar jamlangani yurtimiz zaminida kechgan buyuk Uyg‘onish davrlarining mazmun-mohiyatini chuqur anglash imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, bugungi kunda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi naqadar mustahkam ildizlarga ega ekanining yaqqol namoyonidir.
Muqaddas Qur’on zali esa ushbu muhtasham maskanning haqiqiy qalbi sifatida alohida ma’naviy-ruhiy ahamiyat kasb etadi. Chunki bu yerga butun insoniyat uchun hidoyat manbai bo‘lgan ilohiy kalom — Qur’oni karimning eng qadimiy va nodir nusxalaridan biri bo‘lgan mo‘tabar Usmon Mus'hafi joylashtirilgan. Ushbu muqaddas kitob asrlar davomida turli zamon va makonlar osha necha-necha tarixiy sinovlarga guvoh bo‘lgan bebaho merosdir. Ayrim manbalarda qayd etilishicha, XIV asr oxirlarida Amir Temur tomonidan Samarqandga olib kelingan ushbu Mus'haf bir necha asr davomida asrab-avaylangan.
Keyingi yillarda Usmon Mus'hafi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Mo‘yi muborak madrasasida saqlanib keldi. Allohning inoyati va yurtimiz rahbarining tashabbusi bilan 2025 yil 13 noyabr kuni bu noyob va muqaddas kitob Islom sivilizatsiyasi markazining muqaddas Qur’on zaliga olib kelinib, o‘zining yuksak maqomiga munosib sharofatli o‘ringa qo‘yildi. Bu esa, shubhasiz, yurtimizda muqaddas dinimizga, uning ilohiy manbasiga bo‘lgan yuksak ehtirom va sadoqatning yorqin ifodasidir.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur Mus'haf markazda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan bir makonda joylashtirildi. Bu qarorda ham chuqur ma’no mujassam: ilohiy kalom bilan diniy idora faoliyatining bir-biriga uyg‘un holda bo‘lishi islom an’analariga to‘la mutanosibdir.
Shuningdek, Prezidentimiz topshirig‘iga binoan, ushbu zal devorlarida Qur’oni karim oyatlari tushirilgan sakkizta ipak gilamning to‘rt ravoqda joylashtirilgani ham zalning ma’naviy muhitini yanada boyitgan. Bu gilamlar go‘yoki ilohiy kalomning go‘zal ifodasi sifatida qalblarga nur ulashadi, insonni tafakkurga, ibrat olishga chorlaydi. Zero, Qur’oni karimda: “Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur va yaxshi amallarni qiluvchi mo‘minlarga, albatta, o‘shalarga, ulug‘ ajr borligi xushxabarini berur”, deb marhamat qilingan. Darhaqiqat, bu muqaddas kitob insoniyat uchun hidoyat, qalblar uchun shifo, hayot uchun dasturdir. Bunday muqaddas maskanda bo‘lish insonni o‘z-o‘zidan tafakkurga chorlaydi, qalbida shukr, ixlos va ezgulikka intilish tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Yana bir masala xususida ham to‘xtalib o‘tishimiz joiz. Yurtimizda amalga oshirilayotgan ana shunday ulug‘ ishlar, barpo etilayotgan ma’naviyat maskanlari, qayta tiklanayotgan muqaddas qadamjolar va bunyodkorlik ishlarining barchasi xalqimizning qalbida shukr, iftixor va umid tuyg‘ularini yanada mustahkamlayotganining shohidi bo‘lib turibmiz. Yaratgan Robbimizga hamdlar bo‘lsinkim, ana shunday xayrli ishlar yurtimizda keng quloch yoymoqda. Minglab, millionlab yurtdoshlarimiz bugun qo‘l ochib, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, ezgu ishlar bardavom bo‘lishi uchun duo qilmoqdalar. Bu duolar, inshaalloh, ijobat bo‘lib, diyorimizda yanada ko‘proq baraka va fayz-zarafshonlik qaror topadi.
Shu o‘rinda barcha ulamo va mo‘min-musulmonlar nomidan yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ulkan islohotlar, muqaddas qadamjolarni obod etish, islom qadriyatlarini asrab-avaylash yo‘lida ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik izhor etamiz. Bu kabi ezgu ishlar, shubhasiz, xalqimiz qalbida chuqur ehtirom va rozilik tuyg‘ularini uyg‘otmoqda.
Alloh taolodan mana shunday muborak Hayit ayyomlarida duo qilib so‘raymiz, yurtimiz tinch va osoyishta bo‘lsin, xalqimiz farovon va baxtli yashasin, amalga oshirilayotgan barcha xayrli ishlarga O‘zi baraka ato etsin. Yurtimizga ko‘z tegmasin, el-yurtimiz osmoni musaffo, barchamizning ezgu niyatlarimiz ijobat bo‘lsin. Alloh taolo doimo diyorimizni tinchlik va xotirjamlik ne’mati ila siylasin.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy