Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Hayit mehr-oqibat ayyomi

23.06.2017   104830   2 min.
Hayit  mehr-oqibat  ayyomi

Ulug‘ oy  -  Ramazon oyining   oxirgi kunlarida  turibmiz. Bu oyning fayzli, futuhli kunlari va tunlaridan unumli foydalanishimiz lozim. 

Ba’zi ayollarimiz ramazon ro‘zasini  tutsa-da, oxirgi o‘n kunlikda beparvo bo‘lishadi. Chunki ular hayit ayyomiga tayyorgarlikni boshlab yuborishadi. Kimdir hayitga yangi kiyim olish, kimdir shirinliklar pishirish tashvishida  ulug‘ kunlarni   besamar o‘tkazib yuboradi. Qiz uzatilgan, kelin tushgan xonadonlarda  hayitga alohida taraddud  ko‘riladi.  Ayniqsa, qiz uzatgan  onalar    qizining   kelin bo‘lib tushgan xonadoniga  qutilar va tog‘oralarda  pishiriqlar,  sarxil mevalar, shirinliklar yuborib dasturxon to‘kin  bo‘lishiga harakat qilishadi. Kelinlar  hayit kunlari qaynona, qaynegachi-qaynisingillarini  xursand qilish,   mehmonlarni ko‘nglini  olish, ularni    kelinsalom bilan   kutib olish tashvishida bo‘lishadi. Bularning  barchasi albatta kelinlikning ziynati,   milliy urf-odatlarimiz sirasiga kiradi. Lekin har  narsada  ham me’yor bor.  Hayit   riyokorlik, isrofgarchilikda  kimo‘zarchilik bayrami emas,  balki  saxovat, yaxshilik,  mehr-oqibat ayyomidir.

Hadisi shariflarda   isrofgarchilikdan qaytarilib, tejamkorlikka targ‘ib va tashviq etiladi:“Allohning noz-ne’matlaridan hohlagancha yeb-ichinglar, xayr-ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!” (Imom Ahmad, Nasaiy, Ibn Mojja rivoyatlari).

 O‘zbekiston musulmonlari idorasining “To‘y, marosim va ma’rakalarni me’yorida o‘tkazish haqida fatvo”sida,   yangi kelin tushgan xonadonda bo‘ladigan hayit marosimlarini ixcham tarzda, faqat qarindoshlar bilan bir kungina o‘tkazish haqida ta’kidlab o‘tilgan.

Opa-singillarimiz   Ramazon oyining so‘nggi kunlarida   isrofgarchilikka ruju qo‘yish  o‘rniga,  ixlos ila Qur’on tilovati,  ibodat,   istig‘for, yaxshilik, xayr-saxovat qilib   o‘tkazishsa ikki dunyo saodatiga erishishadi. Zero,  Alloh taolo Qur’oni karimning Niso surasi 114-oyatida shunday marhamat qiladi: “Ularning ko‘pgina shivir-shivirlarida - sadaqa berishga yoki ezgulikka buyurishga yohud odamlar  o‘rtasini isloh qilishga buyurmagan bo‘lsa – yaxshilik yo‘qdir.  Kimda-kim Alloh rizosi uchun shuni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz”.

M.Abdullayeva,

O‘MI mutaxassisi

 

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda

12.08.2026   26696   1 min.
Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
 

Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.

Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.



Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!

O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda
O'zbekiston yangiliklari