Ulug‘ oy - Ramazon oyining oxirgi kunlarida turibmiz. Bu oyning fayzli, futuhli kunlari va tunlaridan unumli foydalanishimiz lozim.
Ba’zi ayollarimiz ramazon ro‘zasini tutsa-da, oxirgi o‘n kunlikda beparvo bo‘lishadi. Chunki ular hayit ayyomiga tayyorgarlikni boshlab yuborishadi. Kimdir hayitga yangi kiyim olish, kimdir shirinliklar pishirish tashvishida ulug‘ kunlarni besamar o‘tkazib yuboradi. Qiz uzatilgan, kelin tushgan xonadonlarda hayitga alohida taraddud ko‘riladi. Ayniqsa, qiz uzatgan onalar qizining kelin bo‘lib tushgan xonadoniga qutilar va tog‘oralarda pishiriqlar, sarxil mevalar, shirinliklar yuborib dasturxon to‘kin bo‘lishiga harakat qilishadi. Kelinlar hayit kunlari qaynona, qaynegachi-qaynisingillarini xursand qilish, mehmonlarni ko‘nglini olish, ularni kelinsalom bilan kutib olish tashvishida bo‘lishadi. Bularning barchasi albatta kelinlikning ziynati, milliy urf-odatlarimiz sirasiga kiradi. Lekin har narsada ham me’yor bor. Hayit riyokorlik, isrofgarchilikda kimo‘zarchilik bayrami emas, balki saxovat, yaxshilik, mehr-oqibat ayyomidir.
Hadisi shariflarda isrofgarchilikdan qaytarilib, tejamkorlikka targ‘ib va tashviq etiladi:“Allohning noz-ne’matlaridan hohlagancha yeb-ichinglar, xayr-ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!” (Imom Ahmad, Nasaiy, Ibn Mojja rivoyatlari).
O‘zbekiston musulmonlari idorasining “To‘y, marosim va ma’rakalarni me’yorida o‘tkazish haqida fatvo”sida, yangi kelin tushgan xonadonda bo‘ladigan hayit marosimlarini ixcham tarzda, faqat qarindoshlar bilan bir kungina o‘tkazish haqida ta’kidlab o‘tilgan.
Opa-singillarimiz Ramazon oyining so‘nggi kunlarida isrofgarchilikka ruju qo‘yish o‘rniga, ixlos ila Qur’on tilovati, ibodat, istig‘for, yaxshilik, xayr-saxovat qilib o‘tkazishsa ikki dunyo saodatiga erishishadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimning Niso surasi 114-oyatida shunday marhamat qiladi: “Ularning ko‘pgina shivir-shivirlarida - sadaqa berishga yoki ezgulikka buyurishga yohud odamlar o‘rtasini isloh qilishga buyurmagan bo‘lsa – yaxshilik yo‘qdir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shuni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz”.
M.Abdullayeva,
O‘MI mutaxassisi
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati