Mehribon va rahmli Alloh nomi ila (boshlayman).
Alloh taolo biz osiy bandalaringga lafzlari qisqa va ma’nolari keng bir uslubda bu mavzuni yoritishni nasib aylagin.
«E’tikof» lug‘atda «ushlab qolish», «turib qolish» va «lozim tutish» ma’nolarini ifoda qiladi.
Shariatda esa «Ro‘zadorning jamoat masjidida e’tikof niyati ila qolishidir».
E’tikofning shariatda mavjud ekaniga Kur’on, sunnat va ijmo’ dalolat kiladi.
E’tikofda Islom amallarining qaymog‘i jamlangandir. Bu qisqa fursatda har bir musulmon inson umri mobaynida yetishi imkoni bo‘lmagan va tasavvur qilib bo‘lmaydigan barcha fazilatlarni o‘z tanasida his qiladi. Haqiqiy ma’noda 10 kun davomida Allohning xos bandalari bu kunlarni hech bir narsaga alishmasdan faqat shu savobni deb o‘zining nafsiga sayqal berib Alloh bilan tinimsiz muloqot qiladi. Haqiqiy Rasulullohdek ixlos bilan o‘tirsa unda va’da qilgan ajr savobni kamaytirilmagan holatda olib chiqadi. Shuni yoddan chiqarmaslik kerakki e’tikofda o‘tirish haqiqiy ma’noda ruhiy ozuqani olish manbasi hisoblanadi. O‘zi aslida inson e’tikofda o‘tirganda u Allohdan nima so‘rasa o‘sha narsa o‘sha zahoti unga beriladi, bunga zarracha shubha yo‘q. Hanafiy mazhabida e’tikofning eng kami bir soat deyiladi. Agar bir soatni ham har qanday muxlis banda shu soatda aytilgan amallar bilan boyitib g‘ayrat qilsa unga o‘sha istaganidan ziyodi beriladi. Men bundan bir necha yil oldin 10 kunlik e’tikofda o‘tirganimda ko‘pgina foydalarni o‘zimda ko‘rdim. E’tikof ichida barcha yaxshiliklarga tanangizni odatlantirsangiz uning zahirasi shak – shubhasiz yanagi yil shu kuningizgacha yetishi fazilatiga ega bo‘lasiz. Amallarni faqat Alloh uchun xolis qilishga o‘rganasiz. Vahshiy xayvonni qo‘lga o‘rgatgandek nafsingizni o‘zingizga to‘liq bo‘ysindirasiz. Solih amallarni mahfiy qilishga odatlanasiz. Butun tanangiz Islom amallarini qilib yayraydi va hatto tanangizga sig‘may ketib Alloh lafzi qalbingizdan chiqqudek bo‘lib zikr qila boshlaydi. Bu zikr halovati bilan agar toshbag‘ir bo‘lsangiz ham sizning ko‘zlaringiz va butun tanangiz yig‘laydi. Hatto yig‘lab rohatlanasiz yana ham shu yig‘lash sizni o‘ziga chaqiradi va hatto qalbingiz ravshanlashib Rasulullohni, sahobalarni taba’ tobe’inlarni haqiqiy ma’noda his qilib ulardek bo‘lishga harakat qila boshlaysiz. Payg‘ambar alayhissalom “Ramazonning oxirgi 10 kunida butun osmondagi farishtalar ramazoni sharif butun ummati Muhammadiyaning ustidan ketayotgani uchun yig‘laydi”, deb xabar berganlar. Nega biz bu oyda yig‘lamasligimiz va mahzun bo‘lmasligimiz kerak. Bu sharofat va barakotni tami va lazzatini his qilgan kishilar so‘z aytsa juda ham ma’qul bo‘ladi. Bu ma’lumotlarni hadislardan xabar berib o‘tamiz.
E’tikofga chaqiruvchi fazilatli hadislar:
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam e’tikof o‘tiruvchi haqida: «U gunohlarni ushlaydi va e’tikof o‘tiruvchi uchun yaxshiliklarni, barcha yaxshiliklarni qiluvchiga o‘xshatib, joriy qiladir», dedilar». Ibn Moja rivoyat qilgan.
Yana Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Kim o‘z birodari hojati uchun yurib, uni chiqarsa, unga o‘n yil e’tikof o‘tirgandan yaxshi bo‘lur. Kim Allohning roziligini tilab bir kun e’tikof o‘tirsa, u bilan do‘zax orasida osmon gardishidan kengroq uch xandaq qiladi», deganlarini eshitdim». Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyat qilgan, al-Hokim sahih, degan.
Husayn ibn Ali roziyallohu anhumdan rivoyat: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ramazonda o‘n kun e’tikof o‘tirsa, xuddi ikki hajdek yoki ikki umradek bo‘ladi», dedilar». Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ogoh bo‘lingiz tanada bir parcha go‘sht bor, agar u isloh bo‘lsa, tananing barchasi isloh bo‘ladi, agar u fasod bo‘lsa, tananing barchasi fasod bo‘ladi, u qalbdir”.
Qalbning fasod bo‘lishiga ko‘pincha Allohga yuzlanishdan chalg‘itadigan insonning hayot tashvishlari, muammolari va boshqa mashg‘ulotlari sabab bo‘ladi.
Bu mashg‘ulliklar sirasiga insonning nafsiga yoqadigan turli taomlarni ko‘p iste’mol qilish, o‘yin-kulgi, ortiqcha keraksiz gaplar bilan uzun-uzun suhbatlar, ko‘p uxlash va boshqalarlar kiradi. Alloh taolo o‘z shariatiga shunday ibodatlarni kiritdiki, ularda insonning barcha qalbiy va jismiy hastaliklariga shifo topish mumkin bo‘ladi.
E’tikofning go‘zalligi:
E’tikofda tavsiya qilinadigan narsalar:
E’tikof quyidagi turlarga bo‘linadi:
Bunga nazr qilingan e’tikof kiradi.
Bunga Ramazonning oxirgi o‘n kunidagi e’tikof kiradi.
Bunga yuqorida zikr qilinganlardan boshqa e’tikoflar kiradi.
E’tikof o‘ziga xos alohida ibodat bo‘lib u ila banda qalb musaffoligiga, dunyoning tashvishlaridan uzilishga, Alloh taologa qurbat hosil qilishga va shu kabi ko‘pgina fazllarga erishadi.
Uning ozi bir kundir. Ammo imom Muhammad rahmatullohi alayhi: «E’tikofning ozi bir oz muddat bo‘lsa ham bo‘ladi», deganlar va shunga fatvo berilgan. Kim e’tikofni buzsa, qazosini bajaradi. Xuddi nafl ro‘zani buzgan odam qazosini tutishi vojib bo‘lganga o‘xshab.
E’tikofning shartlari:
E’tikof kilgan odamga mustaxab bo‘lgan narsalar:
E’tikofdagi odamga muboh bo‘lgan narsalar:
Oisha raziyallohu anho dedilar: «Kasalni ziyorat qilmaslik, janozada ishtirok etmaslik, xotinlarga qo‘l tekkizmaslik va ular bilan kovushmaslik, zaruriy ehtiyoji uchungina tashqariga chiqish, e’tikofdagi odam uchun sunnatdir» (Imom Abu Dovud rivoyati.
Oisha raziyalloxu anxo dedilar: «Rasulullox sollalloxu alayxi va sallam e’tikof qilgan paytlarida, xujraga boshlarini kiritar va men boshlarini yuvar edim (boshka bir rivoyatda: boshlarini tarar edim)» (Muttafaqun alayh).
Sofiyya raziyalloxu anho rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday qilganlarini rivoyat kilganlar.
E’tikofdagi odamga makruh bo‘lgan narsalar
E’tikofni buzadigan narsalar:
Ayol kishi ham uyidagi sajdagohidan boshqa joyga chiqmaydi. Bu masala “Muhiytus - Sarahsiy”da ham kelgan. Agar ayol kishi masjiddagi e’tikofida taloq qilinsa u uyiga qaytib e’tikofini kelgan joyidan davom ettiradi. Bu masala “Tabyin”da ham kelgan.
Allohim barchamizga bu oxirgi “Jahannamdan ozod bo‘lish” kunlari muborak bo‘lsin. Bu keltirilgan masalalarni juda ham ehtiyotkorlik ila amal qilishimizni nasib aylagin.
Allohumma solli va barik ala nabiyyina Muhammad va ala olihi va sohbihi ajma’iyn va toyyibiynat tohiriyn.
Toshkent islom instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi kabinet mudiri
Urol Nazar Abdusalom Termiziy “Fatavoyi Hindiya” asosida tayyorladi.
Samarqand va Buxoro bugun dunyo turizmining eng mashhur yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Biroq bu shaharlar ming yil avval qanday ko‘rinishda bo‘lgan? Ular qanday iqtisodiy qudratga ega edi, qaysi xalqaro savdo yo‘llarini bog‘lagan va musulmon sivilizatsiyasi taraqqiyotida qanday o‘rin tutgan? Bu savollarga javob arxeologik topilmalar emas, balki X asrda yashagan arab geografi va sayyohining bevosita kuzatuvlariga asoslangan asarida mujassam, xabar bermoqda iccu.uz. Endi mazkur nodir manba tanqidiy matn, qiyosiy qo‘lyozmalar tahlili va ilmiy sharhlar bilan birinchi marta o‘zbek kitobxoniga taqdim etilmoqda.
Global miqyosda madaniy merosni saqlash, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va sivilizatsiyalar tarixi bo‘yicha birlamchi manbalarni qayta tadqiq etishga qiziqish kuchayib borayotgan bir paytda O‘zbekistonda yana bir muhim akademik nashr tayyorlanmoqda. Mashhur arab geografi va sayyohi Abu Is'hoq Ibrohim al-Istaxriyning X asrda yozilgan "Kitob al-masolik val-mamolik" ("Yo‘llar va mamlakatlar kitobi") asari tanqidiy matn va ilmiy izohlar bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan o‘zbek tilida nashr qilinmoqda.
Nashr O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan tarjima va keng qamrovli manbashunoslik tadqiqoti natijasidir.
Markaz ilmiy xodimi Ravshan Xudayberganovning qayd etishicha, ushbu asar tarixiy geografiyaga bag‘ishlangan oddiy risola emas. U X asr musulmon olamining siyosiy, iqtisodiy va madaniy manzarasini aks ettiruvchi eng muhim birlamchi manbalardan biri hisoblanadi. Istaxriy turli mamlakatlar bo‘ylab sayohat qilib, shaharlar, savdo yo‘llari, aholi turmush tarzi, iqtisodiy munosabatlar va davlat boshqaruviga oid ma’lumotlarni shaxsiy kuzatuvlari asosida qayd etgan.
Ayniqsa, asarda Movarounnahr haqida keltirilgan ma’lumotlar bugungi tarixshunoslik uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Samarqand, Buxoro va mintaqaning boshqa shaharlari nafaqat musulmon Sharqining muhim madaniy markazlari, balki Ipak yo‘li orqali Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyoni bog‘lagan xalqaro savdo tizimining strategik nuqtalari sifatida tasvirlanadi.
Bugungi kunda tarixchilar qadimgi shaharlar taraqqiyotini arxeologik ma’lumotlar, epigrafik yodgorliklar va qo‘lyozma manbalarni o‘zaro solishtirish orqali tiklamoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Istaxriy asari arxeologik dalillarni to‘ldiruvchi bevosita katta ilmiy ahamiyatga ega.
Asar IX–XII asrlarda Markaziy Osiyoda shakllangan va ko‘plab tadqiqotchilar tomonidan Birinchi Renessans deb baholanuvchi sivilizatsion yuksalish davrini anglashda ham muhim manba vazifasini o‘taydi. Bu davrda ilm-fan, shaharsozlik, savdo, madaniyat va ma’rifat yuqori taraqqiyot bosqichiga chiqqan bo‘lib, keyinchalik musulmon sivilizatsiyasi va jahon ilm-fani rivojiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
Nashrning asosiy ilmiy qiymati uning tanqidiy matn asosida tayyorlanganida namoyon bo‘ladi.
Ravshan Xudayberganov, Markazning Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘limi ilmiy xodimi:
– Mazkur asar X asr musulmon olamining tarixiy geografiyasi bo‘yicha eng muhim manbalardan biridir. Chunki unda nafaqat Movarounnahr, balki Xuroson, Eron, Iroq, Arabiston, Kavkaz va boshqa ko‘plab hududlar haqida ham ma’lumotlar jamlangan. Shu bois bu asar butun musulmon sivilizatsiyasining o‘sha davrdagi holatini o‘rganish imkonini beradi. Kitobning ilmiy ahamiyatini yanada oshiradigan jihat — uning tanqidiy matn asosida nashr etilganidir. Odatda qadimiy manbalar bir yoki ikki qo‘lyozma nusxa asosida tarjima qilinadi. Natijada ayrim matniy farqlar e’tibordan chetda qolishi mumkin. Ushbu nashrda esa manbashunoslikning eng muhim talablaridan biri bo‘lgan qiyosiy tahlil usuli qo‘llanilgan.
Ma’lum qilinishicha, tadqiqot davomida asarning arab tilida saqlangan sakkizta qo‘lyozma nusxasi hamda keyinchalik fors tiliga qilingan tarjimaning o‘nta qo‘lyozmasi o‘zaro qiyoslangan. Jami o‘n sakkizta qo‘lyozma tahlil qilinib, ular asosida muallif matniga eng yaqin hisoblangan tanqidiy matn qayta tiklangan.
Manbashunoslik nuqtayi nazaridan bunday yondashuv xalqaro akademik amaliyotda eng ishonchli usullardan biri hisoblanadi. Turli qo‘lyozmalardagi matniy farqlarni solishtirish orqali asarning keyingi asrlarda qanday tahrirlangani, qaysi ma’lumotlar qo‘shilgan yoki o‘zgarganini aniqlash imkoni paydo bo‘ladi.
Nashrning yana bir muhim jihati shundaki, barcha matniy tafovutlar satr osti izohlarida keltirilgan, tarixiy shaxslar, etnonimlar, toponimlar va geografik atamalarga oid keng sharhlar esa kitobning izohlar qismida jamlangan. Bu jihat esa kitobni keng kitobxonlar ommasi bilan bir qatorda tarixchilar, sharqshunoslar, etnologlar, geograflar va iqtisodiy tarix tadqiqotchilari uchun ham muhim ilmiy manbaga aylantiradi.
Mutaxassislarning fikricha, arab va fors tilidagi qo‘lyozmalarni bir vaqtning o‘zida qamrab olgan bunday keng qamrovli manbashunoslik tadqiqotlari milliy akademik muhitda nisbatan kam uchraydi. Shu jihatdan mazkur nashr nafaqat bir qadimiy asarning tarjimasi, balki O‘zbekistonda manbashunoslik maktabini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy loyihalardan biri sifatida baholanmoqda.
Bugun jahonda madaniy merosni raqamlashtirish, qo‘lyozmalarni saqlash va ularni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish dolzarb vazifaga aylangan. Istaxriyning "Kitob al-masolik val-mamolik" asari ham ana shu global jarayonning bir qismi sifatida Markaziy Osiyoning sivilizatsiyalar tarixidagi o‘rnini yanada chuqurroq anglashga xizmat qiluvchi muhim ilmiy manba sifatida e’tirof etilmoqda.
Tadqiqot natijalaridan ko‘rinadiki, ming yil avval Movarounnahr bo‘ylab safar qilgan muallifning kuzatuvlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Aksincha, ular tarixchilarga o‘tmishni qayta tiklash, geograflarga qadimgi hududlarni aniqlash, madaniyatshunoslarga esa xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni tadqiq etishda ishonchli asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, "Kitob al-masolik val-mamolik" faqat tarixiy yodgorlik emas, balki Markaziy Osiyoning Birinchi Renessans davrini ilmiy asosda anglashga xizmat qilayotgan dolzarb akademik manba sifatida ham ahamiyat kasb etadi.
Durdona Rasulova
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati