Sahobai kiromlar aytadilar: Biz muborak Ramazon oyi kelganida, Nabiy sallallohu alayhi va sallamning amallari ichida uch narsani yanada ziyoda bo‘lishini sezar edik.
Birinchi narsa: Nabiy sallallohu alayhi va sallam ibodatga juda ko‘p mashg‘ul bo‘lar edilar. Vaholanki, Nabiy sallallohu alayhi va sallamning oddiy kunlardagi ibodatlari ham shunday ediki “ko‘p ibodat qilganlaridan muborak oyoqlari ishib ketar edi”. Shunday bo‘lsada, muborak Ramazon oyida Nabiy sallallohu alayhi va sallam oldingidan ham ko‘proq ibodat qilar edilar.
Ikkinchi narsa: Nabiy sallallohu alayhi va sallam Ramazon oyida Allohning yo‘lida juda ko‘p xayr-sadaqa qilar edilar. Ramazon oyida saxovatlari yanada oshib ketar edi.
Uchinchi narsa: Nabiy sallallohu alayhi va sallam Ramazon oyida Allohga ko‘p duo qilib yig‘lar edilar.
Ushbu uch amalda Ramazon oyi ichi yanada ziyodalik ko‘zga tashlanar edi. 1.Ibodatga juda ko‘p g‘ayrat qilishlik.
2.Alloh ta’oloning yo‘lida ko‘p xayr-sadaqa qilishlik.
3.Alloh ta’ologa ixlos bilan duo qilib ko‘z yosh to‘kishlik.
Biz ham muborak Ramazon oyida mana shu uch amalga xos e’tibor qarataylik. Ibodat orqali jismimizga taskin beraylik. Bizning jismimiz dunyo ishlari uchun har kuni toliqadi. Hayotda biror shunday vaqt ham kelsinki, u Allohning ibodati uchun ham toliqib tursin. Biror shunday vaqt ham kelsinki, bizning ko‘zlarimiz uyquga mushtoq bo‘lsin va biz: “Agar sen Allohning roziligi uchun uyg‘oq tursang, u holda qiyomat kuni Alloh ta’oloning diydori nasib bo‘ladi. Bu ko‘zlar bugun uyg‘oq bo‘lsa, u holda ertaga qabr ichida shirin uyquda bo‘ladi” deb o‘zimizga tushuntiraylik. Darhaqiqat, ibodatda uyg‘oq turish oyi kelyapti. Biz oromimizni kamaytirib olaylik. Bu ibodat mashaqqatini ko‘tarish oyidir deb o‘zimizga tushuntiraylik.
Shu o‘rinda Iftor vaqtidagi mukofot haqida ham eslatib o‘tsak:
Shari’at buyuradiki, agar biror mardikor birovning uyida ishlasa va ish vaqti tugasa, uning peshona terisi qurimasdan turib, unga ish xaqqini berib yuborish kerak. U holda nima deb o‘ylaysiz? Qachonki, shariat biz ojiz bandalarga mardikorning peshona terisi qurimasdan ish xaqqini berib yuborishga buyurib turganda, qaysi banda Alloh ta’olo uchun butun kun bo‘yi Uning buyurgan ishini qilsa, ro‘za tutsa, ochqolsa, chanqasa va mashaqqatlarga chidasa, endi, uning iftor vaqti bo‘lganda, (go‘yoki, ish vaqti tugaganda) Alloh ta’olo unga o‘sha zahoti mehnatining mukofotini bermaydimi? Shunday bir farq borki, biz biror mardikorni ishlatish uchun uyga olib kelsak, ey, birodar! Senga shuncha haq beraman, sen esa bizga mana bu ishni kilib ber, deb u bilan ish haqqini kelishib olamiz. O‘sha ishni qilib bo‘lgandan keyin biz unga kelishilgan ish haqqini berib yuboramiz. Lekin kimning himmati baland bo‘lsa, u mardikor bilan ish haqqini kelishib o‘tirmaydi, qancha desang beraman, sen esa bizga mana bu ishni qilib ber deydi. Xuddi shuningdek, Alloh ta’olo ham: “Ey, Mening suyukli mahbubimning ro‘zador ummatlari! Siz xolis Men uchun ro‘za tuting va iftor vaqti bo‘lganda, nima so‘rasangiz beraman. Sizlar nimani so‘rasangiz, Men Robbingiz so‘raganingizga ko‘ra ato qilaman. So‘rashlik sizning ishingizdir. Sizlarni so‘ragan narsalaringizga to‘ldirib tashlashlik Mening ishimdir” deb shunday muomala qiladi. Shuning uchun, ro‘zadorning duosi qabul bo‘ladi.
Nabiy sallallohu alayhi va sallam:
إن للصائم عند فطره دعوة لا ترد
“Albatta, ro‘zadorning iftor vaqtida rad qilinmaydigan duosi bor” deganlar.
Shu o‘rinda inson fikridan kichik bir mulohaza o‘tadi: Har kuni iftorliklarga boramiz, afsuski, shunday holatlarga guvoh bo‘lamiz, kun bo‘yi Robbimizning buyurgan ishini qilib, ro‘za tutamiz, ochqaymiz, chanqaymiz, mashaqqatlarga chidaymiz, iftor vaqtida Robbimiz mehnatimiz mukofotini beraman, duolaringizni qabul qilaman deb turganda esa, behuda gaplar bilan ovoramiz. Qudrati cheksiz bo‘lgan Robbimiz Ramazonni Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdek foydalanishimizni va iftorlikda unumli duo qiladigan va duolari ijobat bo‘ladigan bandalaridan qilsin. Valhamdulillahi Robbil alamin.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti
katta o‘qituvchisi Faxriddin Mamanosirov
«Albatta: “Robbimiz – Alloh”, deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar huzuriga (o‘lim paytida) farishtalar tushib (derlar): “Qo‘rqmangiz va g‘amgin ham bo‘lmangiz! Sizlarga va’da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaningiz! Dunyo hayotida ham, oxiratda ham biz sizlarning do‘stlaringizdirmiz. Sizlar uchun (jannatda) ko‘ngillaringiz tilagan narsalar va sizlar uchun u joyda istagan narsalaringiz muhayyodir. (Bu) mag‘firatli va mehribon zot (Alloh tomoni)dan bo‘lmish ziyofatdir”» (Fussilat surasi, 30-33-oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Ushbu oyat Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu haqida nozil bo‘ldi. Mushriklar: “Robbimiz Alloh”, deb aytardilar, ammo Unga shirk keltirishardi. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Robbim Alloh sherigi yo‘q, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning bandasi va rasulidir”, deb javob qaytarardi.
Hazrati Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Albatta: “Robbimiz – Alloh” oyati nozil bo‘lganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yahudiy va nasroniylar Alloh taologa shirk keltirdilar. Lekin ummatim Robbim Alloh deydi va U zotga biror narsani sherik qilmaydi”, dedilar.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Albatta: “Robbimiz – Alloh”, deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar» oyatini o‘qidilar va: “Odamlar: “Robbim Alloh”, dedilar. Ammo ularning aksariyati kufr keltirdilar. Kim Robbim Alloh deb vafot etsa, batahqiq to‘g‘ri yo‘lda bo‘lganlardan bo‘libdi”, dedilar.
Said ibn Imron roziyallohu anhu aytadi: “Abu Bakr roziyallohu anhu huzurida «Albatta: “Robbimiz – Alloh”, deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar» oyatini tilovat qildim”. Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu: “Ular Alloh taolo shirk keltirmaydiganlar”, dedi.
Sufyon ibn Abdulloh Saqafiy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Yo Rasululloh menga bir ishni aytingki, uni mahkam ushlay”, dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam): “Robbim – Alloh, so‘ng to‘g‘ri bo‘l”, dedilar. Men: “Yo Rasululloh! Menga eng katta zarar keltiradigan narsa nima?” deb so‘radim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tillariga ishora qilib: “Mana bu”, dedilar (Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
To‘rt xalifai roshidin roziyallohu anhum “to‘g‘ri bo‘lgan zotlar...”ning fazilatlarini turlicha sharhlaganlar: Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu: “So‘zi va amali bir bo‘lgan, Alloh taologa biror narsani sherik qilmaydiganlar”, deganlar.
Hazrat Umar roziyallohu anhu minbarda turib ushbu oyatni o‘qidi va: “Alloh taologa itoat etishda bardavom bo‘luvchilar. Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaruvchilar”, dedilar.
Hazrat Usmon roziyallohu anhu: “Amallarni xolis Alloh uchun ado etuvchilar”, Ali karramallohu vajhahu esa: “Farzlarni bajaruvchilar”, deganlar.
Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu sahobalardan oyatdagi “to‘g‘ri bo‘lgan zotlar...” kimlar ekani haqida so‘radilar. Ular: “Gunoh qilmaydiganlar”, deb javob berishdi. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Qiyinlashtirib yubordingiz. Unday emas, balki iymon keltirgandan keyin Alloh taologa shirk keltirmaydiganlar”, dedilar.
Ana shunday sifatlar bilan xulqlangan bandalar oxiratdagi hollari, qilib o‘tgan amallari natijasi qanday bo‘lishi haqida xavfsiraganlarida farishtalar ularning qalbiga xotirjamlik bag‘ishlovchi bunday xushxabarlar yetkazishadi: “Qo‘rqmangiz va g‘amgin ham bo‘lmangiz! Sizlarga va’da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaningiz. Biz hayoti dunyoda ham, oxiratda ham sizlarning do‘stlaringizdirmiz!”.
Ushbu oyat tafsirida alloma, doktor Vahba Zuhayliy rahimahulloh aytadi: «Farishtalar mo‘minlarga uch holat: vafot etayotganda, qabrda va qayta tirilganda yaqin keladidar va: “Qo‘rqmanglar, mahzun ham bo‘lmanglar. Sizlar uchun hech qanday xavf-xatar yo‘q. Chunki siz hayotlik vaqtingizda “Robbimiz – Alloh” dedingiz va o‘sha so‘zda sobit turdingiz. Sizlarga va’da qilingan jannatga kirishingiz va u yerda abadiy qolishingiz haqida bashorat beramiz. Dunyo hayotida Alloh taolo bizni sizlarga ximoyachi, do‘stingiz qilib ko‘yganidek, oxiratda ham sizlar bilan birgamiz”, deydilar».
Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rahimahulloh ushbu oyatning sharhida: “Zamonaviy ilm-fan yutuqlari qanchalik rivojlanmasin, ko‘ngil istagan narsani maxsus tugmacha topib bosmaguncha muhayyo qila olmaslar. Jannatda esa, ko‘ngilga keltirilsa bas, u muhayyodir. Jihozga hojat yo‘q”, deydi.
Jannatda ko‘ngil nimani tusasa, o‘sha narsa darhol muhayyo qilinadi. Jannatda jannat ahli uchun faqat rohat-farog‘at, anvoyi nozu ne’matlar bo‘ladi, u yerda o‘lim, kasallik, musibatu g‘am-tashvish bo‘lmas: “Albatta, jannat ahli u kunda (rohat va farog‘at) ish(lari)bilan shoddirlar” (Yosin surasi, 55-oyat).
Jannat ahli turli xil shirin mevalar iste’mol qiladilar: «...Rizq etilgan mevalardan har gal tanovul qilganlarida: “Bu ilgari biz yegan mevalarning xuddi o‘zi-ku?!” deydilar. Zero, ularga (surati)bir-biriga o‘xshash mevalar berilgan edi...» (Baqara surasi, 25-oyat).
Jannatdagi noz-ne’matlarning tashqi ko‘rinishi xuddi bu dunyodagiga o‘xshash bo‘lib, mazasining totliligi bilan farq qilar ekan. Jannat ahli tanovul qilmay turib: “Bu oldin (dunyoda) tanovul qilgan narsalarimizning o‘zi-ku!” der ekanlar. Yeb ko‘rganlaridan keyin esa, jannat mevalarining mislsiz totli ekaniga amin bo‘lar ekanlar.
Zikr etilgan jannat va uning ne’matlari “Robbimiz – Alloh” degan va shunda sobit bo‘lgan mo‘min-musulmonlar uchun “(Bu) mag‘firatli va mehribon Zot (Alloh tomoni)dan bo‘lmish ziyofatdir”.
Alloh taolo barchamizni O‘zining ziyofatidan bahramand bo‘luvchi bandalari qatoriga qo‘shsin.
Abu Mansur Moturidiyning “Ta’vilotu ahlis sunna”,
Vahba Zuhayliyning “Tafsirul muniyr” asarlarida asosida
Davron NURMUHAMMAD tayyorladi.