Kuni kecha O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari poytaxtimizdagi “Islom ota” masjidiga borib xatmul Qur’onda ishtirok etdilar.
Fayzli masjid ostonasida muftiy hazratlarini masjidning imom-xatibi Abduhakim qori kutib oldi. Odatdagidek, saf tortib o‘tirgan namozxonlar bu ajoyib tashrifdan behad mamnun bo‘ldilar.
– Muftiy hazratlari har doim: “Ishlaringiz yaxshimi, kamchiliklaringiz yo‘qmi, namozxonlarning kayfiyati joyidami, mahalla-ko‘y obodmi?” deb kuyinchaklik bilan holimizdan xabar olib turadilar, – dedi Abduhakim domla. – Azizlar, Ramazon oyining 16 sidan 17 siga, dushanbaga o‘tar kechasi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim nozil bo‘la boshlagan. Muftiy hazratlari ana shunday qutlug‘ kunda bizning yonimizda bo‘lish niyatida tashrif buyurdilar, qadamlariga hasanotlar bo‘lsin, – deya duo qildi.
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasuli akramga durudu salovatlar, o‘tganlarga salomlar yo‘llaganidan keyin muftiy hazratlari so‘zlarini bunday boshladilar:
– Muhtaram birodarlar, buyuk ne’mat ichidamiz. Bu ne’mat – tinchlik-xotirjamlik ne’mati. Jannatmonand yurtimiz tinch bo‘lgani tufayli respublikamiz masjidlarida Allohning kalomi o‘qilayotir. Shu jumladan, “Islom ota” masjidida ham hurmatli qorilarimiz Qur’oni karim tajvidini, tartilini, ohangini joyiga qo‘yib o‘qib bermoqda. Sizlar ham astoydil ixlos bilan some bo‘lib turibsiz. Alloh buning uchun barchangizga ajru savoblar ato aylasin.
Kamina xodimingiz Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlariga borib, o‘sha viloyatlardagi masjidlarda o‘qilayotgan xatmul Qur’onlarda qatnashib qaytdim. Xatmlarda odamlar imon, e’tiqod, ixlos bilan o‘tiribdi. Siz ham ana shunday samimiyat ila o‘tiribsiz. Sizni ham, ularni ham hech kim majburlayotgani yo‘q. O‘zlaringiz sevinch bilan, samimiyat bilan kelyapsiz. Ana shu samimiyat – dinimizga muhabbatingiz ifodasi bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari Ostona shahrida o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi nutqida Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro tadqiqot markazining tashkil etilishi millatlararo, madaniyatlararo munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lishini alohida ta’kidladi.
Muhtaram prezidentimizning tadqiqot markazida borayotgan ishlar bilan tanishgani kelganida maslahat tariqasida aytgan mana bu gaplari xotiramga mahkam o‘rnashib qoldi: “Bu markazning binosini chiroyli qilib quramiz. Bu ish qo‘limizdan keladi. Aslida ana shu – asosiy ishimizning debochasi bo‘ladi. Bu yerdan buyuk olimlar yetishib chiqishi, ulug‘ muhaddislarni shu yerda yetishtirishimiz, dunyoning turli mamlakatlaridagi ilm talabida bo‘lgan yoshlar shu manzilga qarab intilishi kerak. Imom Termiziy markazi ham shunday. Qarshidagi Nasafiy markazida aqida ilmi bilan shug‘ullanadigan olimlar yetishtiramiz. Axir aqida dinda toyilishning oldini oladigan muhim yo‘nalish emasmi?..”
Nasib etsa, payshanba kuni xayrli ishlarni rejalashtirganmiz. Siz esa o‘sha kuni xatmul Qur’onni yakunlaysiz. Agar ishlarimiz rejadagidek borsa, o‘sha kuni biz ham hurmatli qorilarimiz bilan sizning yoningizga kelamiz, birgalashib yurtimizning tinchligini bardavom qilishini, elimizning farovonligini ziyoda etishini, yurtboshimizning va yurtdoshlarimizning boshini omon qilishini so‘rab duolar qilamiz.
Muftiy hazratlarining ma’ruzasidan so‘ng xatmul Qur’on o‘zgacha bir jo‘shqinlik ila davom etdi. Qorilarning ilhomi jo‘shib xatmni yanada shiraliroq ovozda, yanada balandroq pardada o‘qidilar. Namozxonlarning yuz-ko‘zlarida esa ana shunday farahbaxsh kunlar shukronasi barq urib turar edi. Ayniqsa, muftiy hazratlarining duoning fazilati haqidagi so‘zlari ularni to‘lqinlantirib yubordi va har biri imonu ixlos bilan hazratdan duo olib qolishga shoshildilar.
Damin JUMAQUL
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi