Saharlik qilish Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning sunnatlaridan bo‘lib, Zayd ibn Sobit (roziyallohu anhu) ul zot (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga saharlik qilganlarini bunday bayon etadilar:
Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bilan saharlik qildik. So‘ngra u zot namozga turdilar.....(Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hamisha sahobalarga saharlik qilish, uning fazilatlari haqida so‘zlar edilar. Shu bois, sahobalar saharlikka turishni o‘zlariga odat qilib olgandilar.
Irbod ibn Sariya (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazon oyida meni saharlikka chaqirib, baraka dasturxoni sari shoshilgin, dedilar (Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).
Abdulloh ibn Horis (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurlariga kirganimda u zot (sollallohu alayhi va sallam) saharlik qilayotgan ekanlar. Shunda menga, albatta, saharlik barakadir, dedilar (Nasoiy rivoyati).
Salmon Forsiy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): Baraka jamoat va saharlikdadir dedilar. (Imom Tabaroniy rivoyati)
Abu Said Hudriy (roziyallohu anhu) aytadilar: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Saharlik vaqtida taom iste’mol qilish – barakadir, bir qultim suv bilan bo‘lsa ham saharlik qiling, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Saharlik Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning sunnatlariga ergashishdan tashqari, ummati Muhammadni ahli kitobdan ajaratib turuvchi amallardan biri hamdir. Bu haqda Amr ibn Os (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): Bizning ro‘zamiz ila ahli kitoblarning ro‘zasi orasidagi farq saharlik yemagidadir, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) og‘iz ochish vaqti kelsa iftorlik qilishga shoshilib, saharlikni esa kechiktirardilar hamda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) shunday qilganlar, der edilar.
Sahl ibn Sa’d (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Men oilam bilan birgalikda saharlik qilardim va bamdod namozini Nabiy (alayhissalom) bilan o‘qishga kech qolmay deb shoshilib uyimdan chiqardim (Imom Buxoriy rivoyati).
Saharlikdagi barakalardan yana biri unda duolarimiz qabul bo‘luvchi vaqt bordir. Bu haqda Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): Alloh taolo har kechaning oxirgi uchdan biri qolganda dunyo osmoniga nozil bo‘ladi va: Kim Menga duo qiladiki, Men uni qabul qilsam, kim Mendan so‘raydiki, Men unga bersam, kim Menga istig‘for aytadiki, Men uni mag‘firat qilsam», deydi, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlik qilish Alloh va farishtalarning rahmatiga sazovor bo‘lishga sabab bo‘ladi. Abu Said Hudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): Saharlik qiluvchiga Alloh va uning farishtalarining rahmati bo‘ladi, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Shuningdek, saharlik vaqtida xurmo iste’mol qilish Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning sunnatlaridan hisoblanadi.
Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): Xurmo mo‘min uchun qandoq ham yaxshi saharlik, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo barchamizni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning sunnatlariga amal qilishimizni nasib etsin.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Albert Enshteyn dars o‘tish jarayonida to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozib, o‘ninchisining javobini atay xato chiqardi. Sinfda o‘tirganlar kulib yubordi. Shunda Enshteyn ham qo‘shilib kulib qo‘ydi va so‘zida davom etdi:
“Men to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozganimda hech kim meni tabriklamadi. Ammo birgina xato qilganimda hamma kulib yubordi. Hayotda juda ko‘p odam voqea-hodisalarga, kishilarning tutumlariga shunday yondashadi. Ya’ni, o‘zidan boshqalarning yutug‘ini nazardan qochirib, xatosini tez ko‘rishadi. O‘ziga nisbatan esa, unday emas... Sizlarga bu masalani atay xato ishlab ko‘rsatishimdan maqsad, ertangi hayotingizda ana shunday vaziyatlarga to‘g‘ri yondashing. Zero, xato qilmaydigan yagona odam bu – hech narsa qilmaydigan odamdir”.
Darhaqiqat, biz ojiz bandalar Allohning huzurida qancha xatolar, gunoh ishlar qilamiz va Uning mag‘firatidan umidvor bo‘lamiz. Lekin bir inson xato qilsa tezda qo‘limizni bigiz qilib ko‘rsatamiz. Ayniqsa, bizga nisbatan nimadir sodir etib qo‘ysa, kechirmaymiz. Jag‘imiz tolguncha shikoyat qilaveramiz. Bu sinovli, o‘tkinchi dunyoda yondashuvimizni to‘g‘rilab olaylik, azizlar! Shunda yashash ham osonlashadi, halovatimiz ham yo‘qolmaydi...
Akbarshoh Rasulov