Sayt test holatida ishlamoqda!
13 May, 2025   |   15 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:06
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:36
Xufton
21:04
Bismillah
13 May, 2025, 15 Zulqa`da, 1446

Ramazon dunyo bo‘ylab odimlamoqda

08.06.2017   82302   8 min.
Ramazon dunyo bo‘ylab odimlamoqda

Misrda

Shahar ko‘chalar yaltiroq materiallar, fonuslar va rangli chiroqlar bilan bezaladi. Ramazon uchun maxsus fonusni misrlik ustalar rangli oyna va metalldan yasashadi. Ularning eng kattasining balandligi ikki metrgacha bo‘ladi. Fonusning o‘rtasiga ilgari sham yoki mash’al yoqib qo‘yishgan. Hozir esa asosan elektr chirog‘i aylanib turadigan xitoy fonuslari sotiladi.

Kechqurun, kun botganidan so‘ng ko‘cha yuziga katta chodir o‘rnatiladi va istagan kishilarni bepul ovqatlantiraveradi. Ularni asosan, siyosatchilar, biznesmenlar, aktyorlar va shularga o‘xshagan o‘ziga to‘q kishilar tashkil etadi.

Ramazon oyida Misrda turmush tarzi butkul  o‘zgaradi. Ayniqsa, bu Qohira va  Aleksandriyada seziladi. Kunduzlari shahar ko‘chalar bo‘m-bo‘sh, kafelar, restoranlar yopiq bo‘ladi. Kun botgandan so‘ng hayot qaynay boshlaydi – hamma iftor qilishga va namozini vaqtida o‘qishga shoshiladi. Hatto eng yirik savdo markazlari ham iftor va namoz vaqtida xodimlari iftor qilib namoz o‘qib olishlari uchun ishni  to‘xtatib turadi. Tun davomida esa ko‘chalar odamga to‘la bo‘ladi, har tarafdan musiqa sadolar eshitiladi va meva, shirinlik, turli-tuman pishiriqlar,  salatlar sotuvchilarning baqir-chaqiri eshitilib turadi

“Bavab” deganlari sahar chog‘ida odamlarning eshiklariga urib “Ey uxlayotganlar, uyg‘oninglar! Ramazoni karimaning saharlik vaqti kirdi!” deb jar soladi.

Iftorga odamlarni to‘pdan o‘q otib yoki qo‘ng‘iroqlar chalib chaqirishadi. Bu vaqtda hamma restoranlar katta chegirmalar qiladi. Yo‘l bo‘yidagi savdo rastalari kambag‘allarga va muhtojlarga tekin ovqatlar tarqatadi. O‘sha rastalarning yonidan o‘tayotgan istalgan kishi to‘xtab iftor qilib ketishi mumkin. Iftor vaqti radio va televideniye orqali ham e’lon qilinadi. Misrliklarning qiziq an’analardan biri – shom namozidan oldin o‘tib ketayotgan avtomobillar oynasidan iftorga yeyiladigan yeguliklar jamlanmasi tashlab ketiladi.

 

Turkiyada

Turklarning aksari ramazon ro‘zasini tutadi. Shu boisdan odatdagi turkiya hayotida o‘zgarishlar yuz beradi.

Kun davomida ko‘plab qhavaxona va choyxonalar hatto sayyohlar uchun ham yopiladi. Chuuki ro‘zadorlar iftorga ulgurish uchun qisqa ish grafigiga o‘tadi.

Turkiyada bir necha yildan beri Ramazon oyida “tez ovqatlanish chodirlari” faoliyat ko‘rsatadi. Ramazon boshlangani zahoti Istambul shahri rahbariyati kam ta’minlanganlar hamda biror sabab bilan iftor vaqti uyiga yetib olishga ulgurmaydiganlar uchun issiq iftorliklar tashkil etadi. Ularda aksaran talabalar ishlaydi. “Odamlar toza havoda rohatlanib ovqatlanib. suhbatlashib o‘tirsin, konsertlarni, teatr tomoshalarini ko‘rishsin, yarmarkalarni aylansin”, deydi shahar meri Qodir Tolbash.

Ramazon bayramida shahar munitsipaliteti  master-klass, qo‘g‘irchoq spektakli, teatrlashgan sahnalar va boshqa madaniy tadbirlarni ham tashkillashtiradi.

An’anaga ko‘ra, shahar aholisining ba’zilariga uyqu zo‘rlik qilib saharliksiz qolib ketmasin degan maqsadda sahar vaqtida jarchilar baraban chalib ramazonni madh etuvchi qo‘shiqlarni baland ovozda kuylaydi. Iftor vaqti kirayotganda masjidlar minorasida olov yoqiladi va ko‘plab shaharlarda to‘plardan o‘q otiladi. Shuning bilan birga muhtojlarga turmush uchun eng zarur ashyolarga to‘ldirilgan “Ramazon paketi” sovg‘a qilinadi.

 

Pokistonda

Masjidlar, shahar ko‘chalari, kafelar va  hatto daraxtlarga ham rangli chiroqlar, turli gulchambarlar bilan oro beriladi. 

Pokistonda shariatga qattiq amal qilingani bois restoran, kafe va shunga o‘xshash narsalar yorug‘ vaqtda qat’iyan ishlamaydi. Temir yo‘l vokzallari va aeroportlarda faqat yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadigan kafelar bundan mustasno. Ko‘chada yeyish va ichish taqiqlangan – qoidabuzar oyning oxiriga qadar qamoqda o‘tiradi.

Saharlik va iftorlik vaqti minoralardan chaqirib e’lon qilinadi. Demak, ularning vaqtini o‘tkazib qo‘yish hollari bo‘lmaydi. 

Ramazon oyida kam ta’minlangan kishilar asosiy oziq-ovqatlarini arzon narxlarda olsin uchun maxsus “Ramazon bozori” tashkil etiladi. Oyning oxirida esa hammasi tekin tarqatiladi.

Ramazonning birinchi jumasida marhumlarning yotgan joylari ziyorat qilinadi. Bu tadbirda faqat erkaklar ishtirok etadi. Pokistonda ayollarning qabristonga borishi mumkin emas.

Ramazon bu – katta chegirmalar oyi. Narxlar xuddi Yevropa va Shimoliy Amerikada rojdestovo bayrami oldidan chegirilgani kabi chegiriladi. Shuning bilan birga, an’anaga ko‘ra, Iyd ul-Fitr bayrami oldidan yangi kiyim xarid qilinadi, qarindoshlariga va yaqinlariga sovg‘alar beriladi. Shunday qilib, Ramazon tunlarida bozorlar va savdo markazlari xaridorlar bilan juda ham gavjum bo‘ladi.

Oyning oxirgi o‘n kunligida shahar ko‘chalarida va  qishloqlarda qoplab tekinga un tarqatiladi. Undan istagan kishi olishi mumkin. Bu tadbirni davlat tashkil qiladi va birinchi o‘rinda muhtojlarga tarqatishga e’tibor qaratiladi. Ammo unni oluvchilardan hech kim hech qanday hujjat so‘ramaydi. Uni odamlar o‘zaro ishonch asosida oladilar.

 

Marokkoda

Ramazon kirishidan bir necha kun oldin ayollar idish-tovoqlarini, oshxona anjomlarini va shkaflarini qayta yuvib oladilar, keyin esa uyni bezashadi.

Marokkoda muborak Ramazon havosi taxminan ikki hafta oldindan sezila boshlaydi. Ko‘chalarda xilma xil sotadigan  sotuvchilar paydo bo‘ladi. Do‘konlar turli xil chiroqlar va qog‘ozdan yasalgan yulduzchalar bilan bezaladi. Masjidlarning eshiklariga Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflar bitilgan matolar ilinadi. Ramazon oyida ish vaqti xiyla qisqaradi.

Muborak oyning kirgani sirena chalib e’lon qilinadi. Sirena ovozini eshitgan odamlar bir-birini ulug‘ bayram kirgani bilan qutlaydilar. Bolalar xursandchilik bilan shahar ko‘chalari bo‘ylab yuguradi va Ramazon haqida qo‘shiqlar kuylaydi. Bolalar qo‘shig‘i tonggacha jaranglab turadi.

Sahar vaqtida jarchilar minoralarga ko‘tariladi va odamlarni saharlik qilishga uyg‘otadi. 

Marokkoliklarning qiziq odatlaridan biri, ular o‘tganlarining ziyorati uchun qabristonga Ramazonning 27 kuni boradi.  Odamlar qabristonga yetib borgunga qadar qashshoqlarga mehribonlik qilib yeguliklar tarqatib boradi. Ana shu kunda qabristonni tozalab, o‘simliklarni parvarish qilish mumkin.

 

Suriyada

Necha asrlardirki, ro‘zaning vaqti kirgani va tugagani Suriyada to‘pdan o‘q otib xabar qilinadi.

Saharlik kirgani va iftorlik bo‘lganini e’lon qilaytgan elektiron nashrlar va bosma ommaviy axborot vositalari hali ham ana shu eski an’anani o‘tmishning qa’riga uloqtirib yubora olgani yo‘q. Damashq ahli  hali ham har oqshomda necha asrlar burungidek, to‘pning o‘q otgan ovozini sabrsizlik bilan kutib o‘tiradi.

Ramazonda yolg‘iz ovqatlanish mumkin emas. Kimdir agar biror sabab bilan ovqat tayyorlay olmay qolsa, oqshom vaqti hisobsiz restoranlar ochiladi va faqat Ramazonda beriladigan ovqatlar tarqatiladi.

Bu vaqtda yulduzlar va yangi oyning o‘tkir o‘rog‘i tasviri tushirilgan maxsus yoritgich bilan bezalgan restoran va kafelar shved stoli uslubidan foydalanadi.

Taomlangandan keyin, suriyaliklar aytganidek, “tun kunga aylanadi” va minglab odamlar ko‘chaga chiqadi va hamma joyda bayram kayfiyati hukmronlik qiladi.

Sahar vaqti yaqinlashganda barabanlar chalinib odamlar saharlikka uyg‘otiladi. Barabanchilar butun shaharni aylanib chiqadi.

Ramazon kunlarida davlat tashkilotlari, universitetlar va maktablarning ish tartib o‘zgaradi.

Ramazonda gazeta-jurnallarda maxsus “Ro‘za tuta olasizmi?” degan test-o‘yinlar e’lon qilinadi. Televideniyeda esa odamlarni ochlikdan chalg‘itadigan turli teleseriallar namoyish etiladi. Har yili Ramazondan oldin yigirmaga yaqin yangi serial yaratiladi.

Damin JUMAQUL tayyorladi.

Ramazon
Boshqa maqolalar

Er ayolining topgan pulini olishga haqqi bormi?

12.05.2025   2579   3 min.
Er ayolining topgan pulini olishga haqqi bormi?

Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.

Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).

“Hech kim o‘zganing molini uning ruxsatisiz, vakilligisiz yoki vasiyligisiz tasarruf qila olmaydi. Agar shunday qilsa, to‘lab beradi” (“Sharhul majalla” kitobi).


Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.

Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.

Shunga ko‘ra, ayol kishining topgan mablag‘ini olib qo‘yishga, egalik qilishga hech kimning haqi yo‘q.


Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.